Ta’lim | 11:09 / 21.07.2025
6231
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat OTMga qabul kvotalari tasdiqlandi

Prezidentning tegishli farmoyishi bilan keyingi 4 yillik o‘quv davri uchun yo‘nalishlar kesimida oliygohlarga davlat buyurtmasi parametrlari belgilandi. Unga ko‘ra, 2025-2026 yillar uchun bakalavriatga 35 500 nafar, magistraturaga esa 9 922 nafar o‘rin ajratildi. Qabul kvotalari faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun e’lon qilindi. Hozircha kechki va masofaviy shakllardagisi mavjud emas.

Foto: Kun.uz

Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi. Prezident imzolagan 43-sonli farmoyishga ko‘ra, tarmoq va sohalar kesimida bakalavriat va magistratura uchun 4 yillik qabul kvotasi belgilab olindi. Ilgari bu parametrlar har yili alohida e’lon qilinardi.

O‘rinlar hozircha faqat kunduzgi ta’lim shakliga tegishli. Quyida yillar kesimida bakalavriat va magistratura uchun talabalarga qancha joy ajratilgani keltiriladi.

Bakalavriat:

  • 2025-2026 yillar – 35 500 nafar;
  • 2026-2027 yillar – 36 023 nafar;
  • 2027-2028 yillar – 36 460 nafar;
  • 2028-2029 yillar – 36 761 nafar.

Magistratura:

  • 2025-2026 yillar – 9 922 nafar;
  • 2026-2027 yillar – 10 191 nafar;
  • 2027-2028 yillar – 10 477 nafar;
  • 2028-2029 yillar – 10 784 nafar.

Shuningdek, farmoyish bilan nodavlat hamda xorijiy universitetlarga davlat granti taqsimoti ham keltirib o‘tilgan. Ta’kidlanishicha, respublikada faoliyat yuritayotgan nodavlat va xorijiy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga 1 320 ta davlat granti taklif etiladi.

Bunda davlat ta’lim tashkilotlarining xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy OTM bilan yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturlari uchun ham kvota ajratilishi nazarda tutilgan.

Davlat oliygohlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun esa 30 ta davlat granti ajratilmoqda. Bunda ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi taqsimot yuzasidan takliflar tayyorlanishi kutilyapti. Xotin-qizlar uchun bu yil 4 mingta davlat granti beriladi.

Hozircha davlat OTMlarining qabul kvotalaridan qanchasi grant va kontrakt-to‘lov bo‘lishi noma’lum. Yangi o‘quv yilining grant va kontrakt o‘rinlari 1 hafta ichida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi aytib o‘tilgan.

Qolaversa, bu muddat ichida komissiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qabul bo‘yicha quyidagilarni ham tasdiqlashi lozim:

  • kvota taqsimotida ishtirok etuvchi oliygohlar, ta’lim shakllari va ta’lim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlarini;
  • imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini;
  • tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballarini hisobga olgan holda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish ballini;
  • hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji asosida davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari buyurtmalariga muvofiq davlat granti asosidagi umumiy qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul parametrlarining tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
  • har bir bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat grantining ulushini;
  • ayrim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining (tillar, maxsus pedagogika, sport, san’at va boshqa) o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, ularning soha ixtisoslashuviga ko‘ra taqsimlangan qabul parametrlarini;
  • magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti va to‘lov-kontraktga ajratgan holda davlat oliy ta’lim tashkilotlari va tillar kesimida qabul parametrlarini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Belgilanishicha, 2025/2026 o‘quv yilida davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirishda to‘plagan balliga nisbatan imtiyozga ega abituriyentlar tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish balli va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, to‘plagan balliga mos ravishda qo‘shimcha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqt O‘zbekistonda OTMga kirish imtihonlari davom etmoqda. Jarayon 24 iyulgacha bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid