Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Olmazorda havoning «o‘ta xavfli» zaharlanishi. Vodorod peroksidi qanday modda?
Vodorod peroksidining havoga tarqalishi salomatlik bilan bog‘liq turli jiddiy muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Ushbu kimyoviy birikma nafas yo‘llarini qitiqlaydi, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Ko‘z va teri bilan kontakt qilganda esa hatto kuyishga o‘xshash alomatlar ham kuzatilishi mumkin.

Foto: Videodan kadr
21 iyulga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Olmazor tumanida vodorod peroksidi zaharli gazsimon moddasining havoga sizib chiqishi kuzatildi.
Air Tashkent xizmatining havo sifati datchiklari soat 01:00 dan boshlab Olmazor tumanida havo ifloslanishining «xavfli» va «o‘ta xavfli» darajada yuqori ifloslanish ko‘rsatkichlarini qayd etgan.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning e’tibor qaratishicha, platforma tungi soat 02:00 da atmosfera ifloslanish indeks qiymatini 500 ko‘rsatkichda taqdim etgan. Bu «o‘ta xavfli» havo ifloslanish qiymatidir. Olmazorliklar havoda tumanga o‘xshash xiralik va burun xuddiki uksus moddasini hidlagani kabi juda zaharli hid bilan to‘qnash kelganini ta’kidlashgan.
Vodorod peroksidi (perekis) qanday modda?
Vodorod peroksidi — kuchli oksidlovchi xususiyatga ega bo‘lgan kimyoviy birikma bo‘lib, yuqori konsentratsiyada inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Bu modda odatda tibbiyotda antiseptik vosita sifatida, sanoatda esa oqartirish, tozalash va kimyoviy reaksiya katalizatori vazifasida qo‘llanadi. Uning havoga tarqalishi salomatlik bilan bog‘liq turli muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Vodorod peroksidi bug‘lari nafas yo‘llarini qitiqlaydi, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaradi. Ko‘z va teri bilan kontakt qilganda esa tirnash, hatto kuyishga o‘xshash alomatlar kuzatiladi.
Agar havodagi konsentratsiya yuqori bo‘lsa, uzoq muddat ta’sir qilish natijasida nafas yo‘llari yallig‘lanishi, o‘pka faoliyati pasayishi, astma va bronxit kabi surunkali kasalliklar kuchayishi mumkin. Ayniqsa bolalar, qariyalar va surunkali kasalliklarga ega shaxslar uchun bu holat juda xavfli hisoblanadi.
FVV tekshiruv boshladi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, Olmazor tumanida joylashgan omborxonadan vodorod peroksidi moddasi ochiq havoga sizib chiqishi kuzatilgan. Bu modda havoda boshqa elementlar bilan reaksiyaga kirishib, zaharli gazsimon tuman shakllantirgan.
FVV soat 04:00 da modda sizib chiqishi to‘liq bartaraf etilganini ma’lum qilgan. Hozirda voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilyapti.
Avvalroq, Qo‘qonda ham suyuq ammiak havoga sizib chiqishi natijasida favqulodda holat yuz bergandi.
Mavzuga oid

07:28 / 21.07.2025
Olmazor tumanidagi omborxonadan havoga vodorod peroksidi tarqaldi

10:21 / 16.07.2025
Davomli jazirama kunlar kelyapti

20:19 / 15.07.2025
Toshkentda ko‘p qavatli uy qurish bilan shug‘ullangan MChJ fuqarolarni chuv tushirdi

21:20 / 11.07.2025