Jamiyat | 18:18 / 21.07.2025
32476
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryodagi bozorda sotuvchi bir guruh shaxslar tomonidan pichoqlab o‘ldirildi

Marhumning bevasi ijtimoiy tarmoqdagi murojaatida qotillar oldindan tahdid qilib kelishgani, lekin tegishli organlarga qilingan murojaat befoyda bo‘lganini aytib bergan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi bozorda bir erkakning rafiqasi ko‘z o‘ngida 5 kishi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unda aytilishicha, Sho‘rchi tumanida sodir bo‘lgan holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Tergov harakatlari davom etmoqda. Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Ayol ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatida hodisa 2025 yil 16 iyul kuni markaziy Sho‘rchi dehqon bozorida ro‘y bergani, turmush o‘rtog‘i Eshmatov Elbekni qo‘shni oshxonada ishlovchi Bo‘riyev Ulug‘bek, uning sherigi Karim, onasi Dilorom va jiyani Ozodbek tomonidan o‘ldirilganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘ini o‘ldirgan shaxslar begona emas. Ular bir necha bor mazkur oilaga o‘ldirish bilan tahdid qilib kelgan. U bunday tahdid haqda tegishli organlarga murojaat qilishgani, ammo ichki ishlar organi xodimlari «o‘lim holati» bo‘lganidan keyin chora ko‘rilishini aytishganini so‘zlab bergan.

U to‘rt farzandi bilan beva qolgan.

Mavzuga oid