Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sloveniya Isroilga qurol embargosini joriy qildi
Sloveniya – Yevropa Ittifoqida birinchi bo‘lib Isroil bilan har qanday qurol savdosini, shuningdek harbiy texnikalar tranzitini taqiqlagan davlat bo‘ldi. «Ichki kelishmovchiliklar sabab Yevroittifoq bu vazifani hozircha bajarolmayapti, natijada G‘azoda insonlar o‘lyapti. Bunday vaziyatda har qanday mas’ul davlat o‘z zimmasiga javobgarlik olib, choralar ko‘rishi shart», deyiladi Sloveniya hukumatining bayonotida.

Sloveniya bosh vazir Robert Golob / Foto: Reuters
Sloveniya Yevropa Ittifoqida birinchi bo‘lib Isroil bilan har qanday qurol-savdosini taqiqlagan davlatga aylandi. Xususan, Sloveniya bosh vazir Robert Golob tashabbusi bilan Sloveniya hukumati 31 iyul kuni Isroilga harbiy qurol va texnikani Sloveniyadan, yoki uning hududi orqali eksport qilish va tranzitini taqiqlovchi qarorni rasman tasdiqladi. Shuningdek, qaror Isroildan Sloveniyaga import qilishni taqiqlaydi.
Ma’lum qilinishicha, qaror Robert Golob tomonidan ilgari bir necha bor, jumladan, iyun oyida Yevropa Kengashi yig‘ilishi doirasida aytilgan aniq bayonotlar ortidan qabul qilingan. U o‘sha Kengash yig‘ilishida, agar Yevropa Ittifoqi iyun o‘rtalarigacha aniq choralar qabul qila olmasa, Sloveniya mustaqil harakat qilishini bildirgan edi.
«Ichki kelishmovchiliklar va bo‘linishlar sababli Yevropa Ittifoqi hozircha bu vazifani ado eta olmayapti. Natija esa sharmandali: G‘azoda insonlar o‘lyapti, chunki insonparvarlik yordami tizimli tarzda to‘sib qo‘yilgan. Ular vayronalar ostida, ichimlik suvi, oziq-ovqat va asosiy tibbiy yordamdan mahrum holda halok bo‘lishmoqda. Bu sodir bo‘layotgan holat — insonparvarlik yordamini butunlay inkor etish va yashash uchun zarur sharoitlarni ataylab cheklashdir. Bunday vaziyatda har qanday mas’ul davlat o‘z zimmasiga javobgarlik olib, choralar ko‘rishi shart, hattoki bu boshqa davlatlardan oldin harakat qilishni anglatgan taqdirda ham», deyiladi Sloveniya hukumati e’lon qilgan bayonotda.
Shuningdek, Sloveniya doimiy va prinsipial ravishda xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish tarafdori ekanini bildirgan.
Shu bois, yaqin haftalarda Robert Golob hukumati xalqaro humanitar huquqni jiddiy buzayotgan Isroil hukumatiga nisbatan boshqa milliy choralarni ham ishlab chiqishini bildirdi.
2023 yil oktabr oyidan beri Sloveniya Isroilga harbiy qurol va jihozlar eksport qilish uchun birorta ham ruxsatnoma bermagan.
Joriy yilning iyul oyida Sloveniya Isroilning «genotsidga da’vat qiluvchi bayonotlar» bergan milliy xavfsizlik va moliya vazirlarini «persona non grata» deb e’lon qilgan edi. Shuningdek, 2024 yil iyun oyida Sloveniya parlamenti Falastin davlatini tan olish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan.
Falastinni tan olish masalasi
Isroilga xalqaro bosimning yana bir ko‘rinishi o‘laroq, Portugaliya va Finlandiya ham Falastin davlatini tan olish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Xususan, Portugaliyaning markaz-o‘ng hukumatining bayonotiga ko‘ra, Falastin davlatini tan olish masalasida asosiy siyosiy partiyalar va konservativ prezident Marselu Rebelo de Souza bilan maslahatlashuvlar o‘tkaziladi.
Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb esa, agar hukumat shu boradagi taklif bilan chiqsa, Falastin davlatini tan olish qarorini ma’qullashga tayyor ekanini bildirdi.
«Fransiya, Buyuk Britaniya va Kanada tomonidan qabul qilingan qarorlar Falastinni tan olish yo‘lidagi tendensiyani kuchaytirmoqda. Bu esa tinchlik jarayoniga yangi hayot bag‘ishlash harakatlarining bir qismi hisoblanadi. Agar hukumatdan Falastin davlatini tan olish haqidagi taklif kelib tushsa, uni ma’qullashga tayyorman», deb yozdi Stubb.
Avvalroq, G7 ning 3 ta yirik davlati – Fransiya, Buyuk Britaniya va Kanada sentabr oyida Falastinni tan olishini ma’lum qilgan edi.
Bugunga kelib, BMTga a’zo 193 davlatdan taxminan 144 tasi Falastinni davlat sifatida tan olgan. Bularga global janub mamlakatlarining aksariyati kiradi, lekin Yevropa Ittifoqining faqat oz qismi bunday tan olishni amalga oshirgan.
Mavzuga oid

11:15 / 30.07.2025
Isroil G‘azo sektorini to‘liq anneksiya qilish masalasini ko‘rib chiqmoqchi

22:46 / 29.07.2025
Buyuk Britaniya Falastin davlatini tan oladi - Starmer

21:22 / 29.07.2025
HAMASga ta’siri eng kuchli davlatlar qaysilar?

18:45 / 29.07.2025