Jahon | 07:31
1140
2 daqiqa o‘qiladi

Putin ekstremistik materiallarni qidirganlik uchun jarima joriy qildi

Putin «ekstremistik materiallarni qasddan qidirganlik uchun» jarimani ma’qulladi. 

Foto: AP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga (MJtK) Rossiya rasmiylari tomonidan ekstremistik deb tan olingan materiallar uchun internetda «qasddan qidiruvni amalga oshirganlik» uchun jarima solishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni imzoladi.

«Ekstremistik materiallar» ro‘yxati Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi; hozirda u 5,5 mingga yaqin yozuvlarni o‘z ichiga oladi. Qonun kuchga kirgan 2025 yil 1 sentabrdan boshlab, bunday nashrlarni qidirish, jumladan VPN xizmatlaridan foydalanish uchun 3-5 ming rubl miqdorida jarima solinadi.

VPN reklamasi uchun ham jarima joriy etiladi: jismoniy shaxslar uchun 50-80 ming rubl, mansabdor shaxslar uchun 80-150 ming va yuridik shaxslar uchun 200-500 ming rubl. Shu bilan birga, VPN'dan foydalanishning o‘zi huquqbuzarlik hisoblanmaydi, biroq undan «javobgarlikdan qochish maqsadida» foydalanish «og‘irlashtiruvchi holat»ga aylanadi», deb tushuntirdi Davlat dumasining Axborot siyosati, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Anton Gorelkin 16 iyul kuni.

17 iyul kuni Davlat dumasi yanvar oyida birinchi o‘qishda ma’qullagan ekspeditorlarning majburiyatlari va jarimalar to‘g‘risidagi qonun loyihasiga «ekstremistik materiallarni qidirganlik» uchun jazoni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Xuddi shu kuni u ikkinchi o‘qishda, 22 iyulda esa uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Yakuniy ovoz berishda 306 deputat «yoqlab», 67 deputat «qarshi» ovoz berdi, 22 nafar deputat betaraf qoldi.

Mavzuga oid