Jahon | 16:35
6072
6 daqiqa o‘qiladi

 “Katta umidlar yo‘q” - siyosatshunoslar Tramp va Putin uchrashuvi haqida

AQSh va Rossiya prezidentlarining juma kuni Alyaskada o‘tadigan uchrashuvidan Ukraina va Yevropa hadiksirab turibdi. Ukrainaning taqdiri va hududiy yaxlitlik prinsipi Trampni unchalik ham qiziqtirmaydi, u iqtisodiy foyda ilinjida. Putin bunday imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligi tayin.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

“Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Tramp va Putin uchrashuvidan oldingi kutilmalar haqida so‘z yuritdi.

Tramp–Putin uchrashuvi nega aynan Alyaskada bo‘lyapti?

Kamoliddin Rabbimov: Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan Haaga tribunali qamoqqa olish orderi chiqargani uning xalqaro maydondagi harakat erkinligini keskin cheklab qo‘ydi. Mutaxassislarning aytishicha, Putin xorijga safar qilganda ehtiyotkorlikni kuchaytirgan va to‘satdan hibsga olinishi ehtimolidan jiddiy xavotirda. Masalan, u o‘tgan yili Mongoliyaga borganida, tashrifdan avval xavfsizligi ta’minlanishi va qamoqqa olinmasligi haqida aniq kafolatlar so‘ragan. Bu vaziyat Rossiyaning global maqomiga va siyosiy nufuziga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Amerikalik bir ekspert bu holatni “qiziqarli” deb baholab, shunday dedi: Rossiya tarixida chor davridan tortib, Sovet Ittifoqi va undan keyingi davrgacha biror rahbar Alyaskaga tashrif buyurmagan. Putin bir vaqtlar AQSh 7 mln dollarga Rossiyadan sotib olgan Alyaskaga borgan Rossiyaning birinchi rahbari bo‘ladi. Ramziy jihatdan bu Rossiya rahbarining tahqirlanishiga o‘xshaydi: “Biz bu yerni sendan sotib olganmiz, sen esa hozir bu yerlar Amerikaniki ekanini tan olib, mehmon sifatida kelyapsan”.

Uchrashuv joyini Tramp taklif qilgani aytilyapti, Putin bunga rozi bo‘lgan. Chunki G‘arbiy Yevropaga safar qilish imkoniyati yo‘q. Arab davlatlariga esa, ehtimol, Tramp o‘zi yaqindagina borib keldim deb rozi bo‘lmagan.

Uchrashuvdan oldingi kutilmalar qanday?

Kamoliddin Rabbimov: Katta umidlar yo‘q, chunki bu jarayonda Ukraina va Yevropa Ittifoqi omillari mavjud. Ularning pozitsiyasi o‘zgarishga moyil emas. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xalqqa va xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, hududlarni berish huquqi na unda, na parlamentda borligini aytdi. Bunday qaror faqat referendum orqali qabul qilinishi mumkin, Ukrainada esa bu strategik muammo: urush sharoitida saylovlar o‘tkazilmayapti.

Rossiyaning resurslari kattaroq: aholisi ko‘p, hududi keng, neft va gaz eksporti hisobiga iqtisodiyoti to‘liq harbiy rejimga o‘tgan. Yevropa Ittifoqi ham o‘z pozitsiyasini bildirgan: “Putin bilan kelishmanglar”. Ularning fikricha, Rossiya bosib olgan hududlarni qonuniy deb tan olish – boshqa mamlakatlarga ham bosim o‘tkazishga yo‘l ochadi va bu Rossiyani rag‘batlantiradi. Bu fikr, asosan, AQShga signal sifatida yo‘llandi.

Shu kungacha BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiyada bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Mening nazarimda Alyaskada bo‘ladigan uchrashuv ham shunchaki shu uchrashuvlar zanjirining bir bo‘lagi bo‘ladi.

Shuhrat Rasul: Tramp prezidentlikka kelganidan keyin shunday reja tuzgandi: Saudiya Arabistonida uchrashuv qilamiz, ikkita xona bo‘ladi, birida ruslar, boshqasida ukrainlar o‘tiradi. Uitkoff va Rubio navbatma-navbat har ikki xonaga kirib-chiqib, muzokaralarni olib boradi. Maqsad o‘sha joyning o‘zida kelishuvga erishish edi. Lekin bu g‘oya oxir-oqibat Rossiya prezidenti Putin va Kremlning “temirbeton” deb atash mumkin bo‘lgan qat’iy pozitsiyasi sabab barbod bo‘ldi.

Ertaga uchrashuv qayerda bo‘lishidan qat’i nazar – Alyaskadami, Vatikandami, yoki boshqa joydami – ssenariy xuddi shunday takrorlanishi mumkin.

Rossiya qo‘yilgan ultimatumlarni o‘ziga qulay yo‘nalishga burib yuborish, chalg‘ituvchi manyovrlar va informatsion-psixologik operatsiyalarni juda mohirona uddaladi. Boshqacha aytganda, Tramp yana bir bor shunday holatga duch kelish ehtimoli katta.

Oybek Sirojov: Shotlandiyadagi uchrashuv Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi uchun haqiqiy g‘alaba bo‘lgandi. Aynan shu uchrashuvdan so‘ng Trampning Rossiya va Putinga munosabati o‘zgarib, sanksiyalar bo‘yicha do‘q-po‘pisalar kuchaydi. Bugungi kunda esa Rossiya diplomatiyasi o‘z yutug‘i sifatida Putin va Tramp uchrashuvini tashkil qilgani va kelishuvga erishganini ko‘rsatmoqda.

To‘g‘ri, yuqorida aytilganidek, bu uchrashuv urushga yakun yasashi ehtimoldan yiroq. Ammo Putin va Tramp o‘rtasidagi yaqinlikni kuchaytirishi mumkin. Yevropa Trampga qanday katta va’dalar bergan bo‘lsa, Rossiya ham shunday va’dalar berishi aniq. Mening fikrimcha, bunday va’dalar Trampni qiziqtiradi va bu holat Ukrainaga yangi qiyinchiliklar olib keladi.

Suhbatni batafsil YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid