Jahon | 12:49 / 12.03.2017
15280
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya bosh vaziri Niderlandiya hukumati qaroriga keskin javob qaytarilishini va'da qildi

Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim Turkiyaning oila va ijtimoiy siyosat masalalari bo‘yicha vaziri Fatma Betul Sayan Kayani o‘z hududidan chiqarib yuborgan Niderlandiya hukumatining qarorini qattiq qoraladi va bunga javoban keskin choralar ko‘rilishini va'da qildi.

«Biz Niderlandiya hukumatining bu harakatiga qat'iy norozilik bildiramiz. Anqaraning javobi keskin bo‘ladi. Turkiyaga va diplomatik immunitetga ega bo‘lgan vazirga bosim o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Yevropa davlatlaridagi do‘stlarimiz demokratiya va so‘z erkinligi mavzusida mulohaza yuritishni yoqtiradi, o‘zlari esa inson huquqlariga nisbatan hurmatsizlikni namoyish etdi», —deya Yildirimning so‘zlarini keltirgan Anadolu.

Turkiya bosh vaziri Rotterdamda yuz bergan hodisani «katta diplomatik mojaro» deb atadi va Niderlandiya hududida yashovchi millatdoshlarini «osoyishtalikni saqlash va fitnalarga uchmaslik»ka chaqirdi.

U turkiyalik vazir Rotterdamda Turkiya va Niderlandiya fuqarolarini o‘z mamlakatida 16 aprel kuni o‘tkaziladigan konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum haqida xabardor qilmoqchi bo‘lganini keltirib o‘tgan.

Avvalroq Niderlandiya xavfsizlik yuzasidan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li rahbarligidagi Turkiya delegatsiyasi samolyotini qo‘ndirishga ruxsat bermagach, Fatma Betul Sayan Kaya Germaniyadan mashinada Niderlandiyaga yo‘l olgan edi. Chovusho‘g‘li Turkiyadagi konstitutsiya referendumiga bag‘ishlangan mitingda nutq so‘zlashni rejalashtirgandi.

Mavzuga oid