Jahon | 13:09 / 26.05.2025
2840
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya Ukrainaga F-16'ning so‘nggi partiyasini yetkazib berishni yakunlayapti

Niderlandiya shu hafta Ukrainaga va’da qilingan 24 ta F-16 qiruvchi samolyotining oxirgisini yetkazib beradi, dedi mamlakat mudofaa vaziri.

Foto: KENZO TRIBOUILLARD/AFP/Getty Images

Niderlandiya F-16 qiruvchilarini Ukrainaga topshirishni yakunlamoqda, samolyotlarning oxirgisi 26 may kuni yetkazib beriladi. Bu haqda Niderlandiya mudofaa vaziri Ruben Brekelmans 25 may, yakshanba kuni WNL op Zondag telekanalida ma’lum qildi.

«Bu va’da qilingan 24 ta qiruvchining barchasi tez orada Ukrainada bo‘lishini anglatadi», — dedi vazir. Samolyotlarni topshirishdan tashqari, Niderlandiya uchuvchilar va texniklarni tayyorlamoqda va o‘z harbiy doktrinalarini Ukraina bilan bo‘lishmoqda, deya ta’kidladi Brekelmans hamda yana ittifoqchilarni Ukrainaga maksimal darajada yordam berishni davom ettirishga chaqirdi.

Niderlandiya o‘zining F-16 qiruvchilarini Ukrainaga topshirishga rozi bo‘lgan birinchi davlatlardan biri bo‘ldi, bunga qisman mamlakat armiyasi yangi F-35 modeliga o‘tayotgani sababdir. Birinchi samolyot Kiyevga o‘tgan yilning iyul oyida yetkazilgan edi.

Niderlandiyadan tashqari Daniya, Belgiya va Norvegiya ham Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishga va’da bergan. 2025 yil martida Belgiya Ukrainaga birinchi reaktiv samolyotlarni yetkazib berishni 2026 yilgacha qoldirgani ma’lum bo‘ldi, bunga ehtiyot qismlar va uchuvchilar yetishmasligi sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, Fransiya Ukrainani G‘arb tipidagi qiruvchi samolyotlar bilan ta’minlaydi, ammo Amerika F-16'si emas, balki mahalliy ishlab chiqarilgan samolyotlar — Mirage-2000'ni beradi.

Mavzuga oid