Jahon | 20:59 / 05.06.2017
7018
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriyada islomofobiya va ksenofobiyaga asoslangan jinoyatlar ko‘paymoqda

Foto: aa.com.tr

Avstriyada ksenofobiya va islomofobiyaga asoslangan jinoyatlar soni o‘sib bormoqda. Bu haqida "Anadolu" agentligi xabar berdi

Mamlakatda musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi arafasida islomofobiya belgilari yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. 

Bir hafta davomida mamlakatdagi ikki masjid hamda Venadagi Avstriya Islom diniy hamjamiyati devorida nomaqbul mazmundagi yozuvlar paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, Tirol shahri masjidiga juma namozidan so‘ng cho‘chqa kallasi tashlab ketildi. Shu kunlarda hijob kiygan ayollar ham haqoratlar va jismoniy bosimga yo‘liqishmoqda. Bularning barchasi Avstriyadagi musulmonlarga nisbatan betoqatlik ko‘lamining o‘sishidan dalolat beradi. 

Bundan tashqari, may oyining boshida Avstriya parlamenti tomonidan qabul qilingan ayollarning jamoat joylarda niqobda yurishini taqiqlovchi qonun loyihasi ham xavotirga sabab bo‘lmoqda. 

Avstriyadagi Islom diniy hamjamiyati rahbari Ibrohim Olgun "Anadolu"ga Avstriya musulmonlari Ramazon oyini tinchlik, xotirjamlikda o‘tkazishni istashi, biroq mamlakatdagi besh islom tashkilotiga bo‘lgan munosabat ularda xavotir uyg‘otayotgani haqida aytgan.

Olgunning so‘zlariga ko‘ra, radikallarning aksiyalari musulmonlarga nisbatan yovlarcha munosabatning o‘sayotganidan dalolat bermoqda.

Diniy tashkilot rahbari shuningdek mamlakatdagi vaziyatni inkor etayotgan Avstriya huquq-tartibot organlari va siyosatchilarning pozitsiyasidan tashvishda ekanini bildirgan.

Mavzuga oid