O‘zbekiston | 20:45 / 08.06.2018
17535
5 daqiqa o‘qiladi

So‘zdan amaliy qadamlar sari: Oroldagi ekologik talofat bo‘yicha aniq loyihalar amalga oshiriladi

Yaqin kelajakda Oroldagi ekologik talofatni yumshatishga qaratilgan aniq tadbirlar o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari Boriy Alixonov 8 iyun kuni "Orol fojiasi asoratlarini yumshatish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion qarorlar va investitsiyalar" mavzuidagi xalqaro konferensiya doirasida KUN.UZ muxbiriga shu haqida ma'lum qildi.

Boriy Alixonov-O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari

"Orol bo‘yidagi ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy ahvolni yaxshilashga qaratilgan yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, Orol bo‘yi aholisining bandligini ta'minlash, salomatligiga e'tibor berish va Orol bo‘yidagi aholining eng asosiy muammolaridan biri bo‘lmish infratuzilmani yaxshilash, ekologik sharoitini yaxshilash, ichimlik suvi bilan ta'minlashga yo‘naltirilgan aniq loyihalarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda", - deydi Alixonov.

Orol haqida ko‘p gapiriladi, bu muammo haqida bilmagan odam bo‘lmasa kerak, biroq Orol talofatlarini yumshatishga doir aniq amaliy qadamlar qo‘yilishi kerak bo‘lgan vaqtda barcha masalalarni qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Bu juda muhim masala. So‘zdan amaliy qadamlarga o‘tish vaqti keldi.

O‘tgan yili O‘zbekiston prezidenti tomonidan Orol fojiasi asoratlarini yumshatish to‘g‘risidagi maxsus qaror qabul qilindi. Zamonamizning global ekologik muammosini hal qilishda xalqaro hamjamiyat hamkorligiga alohida e'tibor qaratildi. Shu munosabat bilan bugungi konferensiya yakunlariga ko‘ra, aniq vazifalar belgilab olinadi.

"Yaqin istiqbolda Orol muammolarini hal qilish bo‘yicha dasturiy hujjatlar paketini qabul qilish va ularni yechish ko‘zda tutilmoqda. Orol bo‘yi aholisi mintaqadagi ekologik fojia asoratlari yumshatilayotganini his qilishi kerak", - deydi Boriy Alixonov.

Ta'kidlash joizki, qachonlardir Orol dunyoning kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi dengizi hisoblangan. U xilma-xil baliqlarga boy bo‘lgan. Bu yerda yillik baliq ovlash hajmi 35 ming tonnaga yetgan vaqtlar bo‘lgan. Dengizda 38 xil baliq turi yashagan, bulardan 20 xili endemik turdagi baliqlar hisoblangan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 50-55 yilda dengizdagi suv hajmi 15 baravardan ko‘proqqa qisqargan. Suv sathi 29 metrga pasaygan. Qirg‘oq liniyasi yuzlab kilometrlarga chekingan. Dengizning qurigan tubida Orolqum cho‘liga aylangan  6 million gektarga yaqin oq tuz maydonlari paydo bo‘lgan.

"Atrof-muhitning fojiaviy o‘zgarishi natijasida Orol bo‘yi flora hamda faunasida katta o‘zgarishlar qayd etildi. 11 xil baliq turi, 26 xil qush turi va 11 xil o‘simlik turlari "Qizil kitob" sahifalaridan joy oldi. Orol fojiasi mintaqadagi iqlimiy sharoitlarni murakkablashtirib, yozgi mavsumda - qurg‘oqchilik va jaziramani kuchaytirgan, qishki qahratonni esa uzaytirgan. Orol bo‘yida Tselsiy bo‘yicha 40 daraja issiqdan ortiqni tashkil qilgan kunlar ikki baravarga oshgan", - deya qo‘shimcha qiladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Orol bo‘yi hududida yiliga 100 million tonnagacha chang atmosferaga ko‘tariladi va 400 kilometrdan ortiqqa tarqaladi. O‘tgan yuz yillikning 50-yillaridan boshlab bunday bo‘ronlar yiliga 90 kundan ortiqni tashkil qiladi. Shu munosabat bilan mintaqada nafas olish organlari kasalliklari, urologik va onkologik kasalliklar sonining oshishi ta'kidlandi.

Ekologik vaziyatning yomonlashuvi mintaqa iqtisodiy ko‘rsatkichlarining keskin tushishiga olib keldi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Orol fojiasining salbiy omillar ta'siri natijasidagi yillik iqtisodiy ziyoni yuzlab million dollarni tashkil qiladi. Yuz minglab kishilar hayoti mintaqadagi muammolarning hal qilinishiga bog‘liq. Shu munosabat bilan suv resurslaridan oqilona foydalanish hayotiy katta ahamiyatga ega ekanligi ta'kidlandi.

Tadbirda O‘zbekiston suv-ekologik muammolarni hal qilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan uzviy hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etildi.

Mavzuga oid