O‘zbekiston | 14:18 / 18.06.2018
28589
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni kuchaytiradi

Foto: O‘zA

Chet elda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha O‘zbekiston davlat siyosatining konsepsiyasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.

Bunday toifaga O‘zbekistonning mamlakatdan tashqarida doimiy yashovchi yoki o‘qishi, mehnat faoliyati, oilaviy va boshqa sabablar bilan xorijda vaqtinchalik bo‘lganlar, asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan, xorijiy davlat fuqarosiga aylanganlar, shuningdek, etnik va til nuqtai nazaridan o‘zini o‘zbek yoki qoraqalpoq deb biluvchi hamda O‘zbekiston bilan aloqalarni ushlab turish istagida bo‘lgan xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi yo‘q shaxslar kiradi.

«O‘zbekiston bilan ma'naviy, madaniy va huquqiy aloqalarni saqlab qolish, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir», - deyiladi hujjat loyihasida. 

«O‘zbekiston bunga manfaatdorlik bildirayotgan barcha vatandoshlar bilan har tomonlama do‘stona hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ularning qonuniy manfaatlari va huquqlarini amalga oshirishni, xususan, madaniyat, til, ta'lim, axborot, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish niyatida», - deya ma'lum qilingan konsepsiya loyihasida.

Xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari - madaniy, gumanitar, ilmiy, ta'lim va axborot sohalarida hamkorlikni, shuningdek, iqtisodiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish hisoblanadi.

Birgalikda ilmiy, ma'rifiy, tibbiy, madaniy, ma'rifiy, sport va boshqa loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Vatandoshlar va ularning tashkilotlari o‘zbek tili, madaniyati va urf-odatini o‘rganish, saqlab qolish va o‘z mamlakatlarida doimiy yashaydigan yosh avlodlarga yetkazib berishga yordam beradi.

Vatandoshlarga taklif etilmoqda: 

O‘zbekistonga kirish vizalari, doimiy yashash uchun ruxsatnoma va ishlash uchun litsenziyani soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish;
O‘zbekistonda talab qilinadigan mutaxassisliklar bo‘yicha ish bilan ta'minlash, shuningdek ularning ijtimoiy, maishiy va boshqa masalalarini hal qilishda ko‘maklashish;
Davlat tashkilotlaridagi rahbarlik lavozimlariga jalb etish;
O‘zbekiston fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda berish;
O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, milliy musiqa hamda teatr san'ati yo‘nalishlari bo‘yicha ta'lim olish uchun grantlar ajratish;
vatandoshlar orasidan OAV vakillarini akkreditatsiya qilishning soddalashtirilgan tartibi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorijda yashovchi vatandoshlar bilan hamkorlik bo‘yicha davlat siyosati konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid