Jamiyat | 17:36 / 03.09.2018
12153
6 daqiqa o‘qiladi

Parvarishga muhtoj yolg‘iz fuqarolarga uyda qanday ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi?

Foto: mos.ru

O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2011 yil 1 iyuldagi 38-B-sonli buyrug‘iga asosan “O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz fuqarolarga uyda ijtimoiy yordam ko‘rsatish haqida”gi Nizomi tasdiqlangan. Unga asosan aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamiga bir qancha imtiyozlar belgilab o‘tilgan.

Mazkur qonunga asosan kimlarga ijtimoiy yordam belgilangan?

Yolg‘iz qariyalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga uyda ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmati uyda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz fuqarolarga uyda xizmat ko‘rsatish uchun tashkil qilinadi.

Ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmatiga kimlar mas'ul hisoblanadi?

Ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmati yolg‘iz fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlardan tashkil topadi va tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.

Ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmati hamda tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarining vazifalari Nizomda qanday tartibda belgilangan?

Ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish va sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda uyida o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz fuqarolarni aniqlash va hisobini yuritish;
  • yolg‘iz fuqarolarga homiylik yordamlarini ko‘rsatish maqsadida ularning ilgari ishlagan mehnat jamoalari, jamoat birlashmalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan aloqalarini olib borish;
  • internat-uylariga joylashtirish uchun ko‘maklashish;
  • yolg‘iz fuqarolarga bevosita ijtimoiy xodimlar tomonidan quyidagi ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish:

zarur oziq-ovqat, sanoat mahsulotlari va dori-darmonlarni uyga yetkazib berish;

uy-joy ashyolari va kiyim-kechaklarni yuvish, kimyoviy tozalashga topshirish, ta'mirlash va ularni yetkazib berish;

zarur tibbiy yordam ko‘rsatish ishlarida, uy-joyni tozalashda, xonadon ichidagi santexnik jihozlarni ta'mirlashda ko‘maklashish;

qarindosh va do‘stlar bilan yozishmalar olib borish bilan bog‘liq iltimoslar va boshqa turdagi bir martalik topshiriqlarni bajarish.

Shuningdek, tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari:

  • yolg‘iz fuqarolarga uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ishlari bo‘yicha har haftalik monitoring olib boradi va ijtimoiy xodimlarining xizmat ko‘rsatish faoliyatiga baho beradi;
  • yolg‘iz fuqarolarga uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha har chorak yakunida tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalariga, ular esa, o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga ma'lumot taqdim etib boradi.

Nizomga asosan qanday  toifadagi yolg‘iz fuqarolarning toifalari uyda xizmat ko‘rsatish uchun qabul qilinadi?

Qonunga muvofiq, quyidagi toifadagi fuqarolar uyda xizmat ko‘rsatish uchun qabul qilinadi:

  • sog‘lig‘iga ko‘ra o‘zgalar parvarishiga muhtoj, farzandlari (jumladan, farzandlikka olingan bolalar) va yaqin qarindoshlari bilan birga yashamaydigan pensiya yoshidagi (erkaklar 60 yosh va undan yuqori, ayollar 55 yosh va undan yuqori) shaxslar, I va II-guruh nogironlari, keksa yoki I va II-guruh nogironi bo‘lgan er-xotinlar;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj, voyaga yetmagan yoxud I va II-guruh nogiron farzandlari bilan birga yashaydigan pensiya yoshidagi (erkaklar 60 yosh va undan yuqori, ayollar 55 yosh va undan yuqori) shaxslar, I va II-guruh nogironlari, keksa yoki I va II-guruh nogironi bo‘lgan er-xotinlar;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj, farzandlari jazo muddatini o‘tayotgan yoki uzoq muddatli davolanishda bo‘lgan (ruhiy, sil va boshqa kasalliklar) davri mobaynida pensiya yoshidagi (erkaklar 60 yosh va undan yuqori, ayollar 55 yosh va undan yuqori) shaxslar, I va II-guruh nogironlari, keksa yoki I va II-guruh nogironi bo‘lgan er-xotinlar;
  • farzandlari (jumladan, farzandlikka olingan bolalar) va yaqin qarindoshlari hamda homiylari yoki vasiylari bo‘lmagan va qonunchilikka asosan bepul eng zarur mollarni olish imtiyozidan foydalanayotgan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar.

Xususan, 1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilari va nogironlari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a'zolari, front ortida xizmat qilgan shaxslar uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga birinchi navbatda qabul qilinadi.

Istisno tarzida, yuqumli hamda ruhiy kasalliklarga chalingan shaxslar uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish uchun qabul qilinmaydi.

Asos: O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2011 yil 1 iyuldagi 38-B-son buyrug‘iga muvofiq “O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz fuqarolarga uyda ijtimoiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Nizomi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid