Jahon | 07:33 / 12.09.2018
8647
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari Suriyaga berilgan zarbalar Asadga ogohlantirish bo‘lganini aytdi    

Foto: globallookpress.com

Pentagon rahbari Jyeyms Mettis AQSh Suriyaga bergan zarbalari bilan Suriya prezidenti Bashar Asadni kimyoviy hujumni qo‘llash oqibatlari yomon bo‘lishidan ogohlantirib qo‘ygan.

“Birinchi gal u harbiy-havo kuchlarining eng ilg‘or samolyotlarining 17 foizga yaqinini yo‘qotgandi”, deb aytgan Mettis. Bu haqda The Hill nashri xabar berdi va Mettis Suriya qo‘shinlariga 2017 yil aprelda berilgan zarbalarni nazarda tutganiga oydinlik kiritgan.

“U ogohlantirildi. Biz u aqlini yig‘ib oldimi-yo‘qmi ko‘ramiz”, deb davom ettirgan Pentagon rahbari.

Shu bilan birga Mettis Suriya kuchlari Idlib viloyatida xlor qo‘llasa, AQSh bunga javoban kuch qo‘llash-qo‘llamasligi borasidagi savolga javob berishdan qochgan.

2017 yil 4 aprelda Suriyaning Xan-Shayxun shahrida kimyoviy hujum amalga oshirilgan va buning oqibatida 100 ga yaqin odam halok bo‘lgan. G‘arb davlatlarining aksariyati va Suriya muxolifati ushbu hujum uchun javobgarlikni Suriya hukumati zimmasiga yuklagan. Biroq Damashq bu ayblovlarni inkor etgan.

Shunga qaramay, AQSh 7 aprelga o‘tar kechasi Suriya qo‘shinlarining Shayrat harbiy bazasiga qanotli raketalar bilan zarbalar bergan. Shuningdek, 14 aprelda AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya go‘yoki kimyoviy qurol ishlab chiqarish va saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan Suriyadagi obektlarga zarbalar bergan. 

Mavzuga oid