Sport | 12:20 / 17.12.2018
13066
18 daqiqa o‘qiladi

«Levante» – Messi – 0:5. Ispaniyada tur yakunlari

Foto: Quality Sport Images/Getty Images

Dam olish kunlarida Ispaniya chempionatida 16-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Bu o‘yinlarda barcha grandlar o‘z o‘yinlarida g‘alabaga erishishdi.

«Levante» - «Barselona» - 0:5 (0:2)
Gollar: L.Suares, 35 (0:1). Messi, 43 (0:2). Messi, 47 (0:3). Messi, 60 (0:4). Pike, 88 (0:5).
«Levante»: Oyyer Olasabal, Kabako, Postigo (Prtsich, 70), Per, Xason, Bardi, Kampanya, Morales, Rochina (Koke, 69), Tono, Boateng (Mayoral, 62).
«Barselona»: ter Shtegen, Pike, Langle, Fermalen (Artur, 52), Rakitich, Buskets, Vidal (Koutinyu, 78), Jordi Alba, Messi, L.Suares, Dembele (D.Suares, 81).
Ogohlantirishlar: Dembele, 18. Per, 25. Rakitich, 36. Jordi Alba, 45. Xason, 59.
Chetlatish: Kabako, 76.
Hakam: Gonsales Gonsales (Ispaniya).
16 dekabr. Valensiya. Ciutat de Valencia stadioni. 

«Barselona» uchun motivatsiya
«Levante»  «Barselona» uchun kamtargina raqib edi. Lekin bu safargi o‘yinni ko‘pchilik kutdi. Birinchidan, o‘tgan mavsumda ligada bazo‘r jon saqlab qolgan bu jamoa bu tur arafasida turnir jadvalida yettinchi o‘rinda edi («Barselona»dan 9 ochko kam jamg‘argan holda). Ikkinchidan, bu jamoa shu mavsumda, oktabr oyi oxirida «Santyago Bernabeu»da «Real»ni mag‘lub etgandi (2:1). Uchinchidan, kataloniyaliklar shu yil mayida «Levante»ga 4:5 hisobida mag‘lub bo‘lishgandi (O‘shanda jamoa chempionlik masalasini hal qilib bo‘lgan va mavsum oxirida bo‘shashgandi)

Kataloniyaliklar barchasini e'tiborga olishgan va revanshga tayyorlanishgandi.

Chempionlar ligasi o‘yinida «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda dam olgan Lionel Messi bu o‘yinda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Argentinalik futbolchining o‘z shaxsiy natijasi bo‘yicha maqsadi bor edi - u bu yilni ham kamida 50ta gol urish bilan yakunlamoqchi edi (bu o‘yin arafasida uning 2018 yil boshidan beri urgan gollari soni 47taga yetgandi). Bu yilda ikki o‘yin qolgandi va buning nazariy imkoniyati bor edi. U esa bu maqsadiga bir o‘yindayoq yetib qo‘ydi.

Messi shousi

O‘yin «Levante»ga shu vaqtgacha o‘tkazilgan 16 o‘yinda 16 gol urgan Leoning goli bilan boshlanmadi. O‘yin boshlanmasdanoq «Barsa» tarkibida kutilmagan o‘zgarish ro‘y berdi. Mashg‘ulot vaqtida himoyachi Nelson Samedu jarohat oldi, Valverde tarkibga ham, taktikaga ham o‘zgartirish kiritishiga to‘g‘ri keldi. Portugaliyalik futbolchi o‘rniga Fermalen chiqarildi. O‘tgan mavsum oxiridagi o‘yinda (4:5) «Levante» darvozasiga 3ta gol urgan Koutino hamda Artur Vidal zaxirada qoldirildi. «Barselona» 3-5-2 sxemasiga o‘tdi. Maydon egalari ham shu sxemada o‘ynashdi. Mezbonlar o‘yin startidagi 20 daqiqada faolroq o‘ynashdi. «Barsa» esa bu vaqt davomida raqib darvozasiga yaqinlasha olmadi. O‘yinning 33-daqiqasida mezbonlar hisobni ochishi ham mumkin edi, ammo Boatengga gol urishga darvozasi to‘sini xalal berdi.

Keyin esa Messi va Suares raqibni ayab o‘tirmadi. Argentinalik futbolchi raqib jarima maydoniga yorib kirdi va darvoza qarshisida bo‘sh turgan Suaresni to‘p bilan ta'minladi - 1:0.

O‘tgan mavsumdagi 5:4 hisobini nazarda tutgan holda, «Levante»ni bu gol cho‘chitgani yo‘q. Jamoa yana bir xavfli hujum uyushtirdi, ammo to‘p yo‘liga yotgan Pike jamoani qutqardi. Umuman, birinchi bo‘limda «Barselona» himoyachilari qahramonlarcha o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Faqat o‘yin oxirida yana Messi katta sahnaga chiqdi va ikkinchi golni urdi. Maydon markazida to‘pni egallab olgan Buskets darhol to‘pni oldinga tashladi, Messi tezlik olib, to‘pga yetib oldi va raqib jarima maydoniga kirib borib, xotirjamlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Bu argentinalik futbolchining «Levante»ga qarshi 17-o‘yinida 17-golni urishi bo‘ldi. Lekin hali hammasi oldinda edi.

Bu gol internetda turli memlarni urchitdi. Bu memlar jahon futboli afsonalaridan biri Pelening Messining imkoniyatlari haqidagi gapiga javob edi. «Messini men yoki Maradona bilan qanday qilib tenglashtirish mumkin? Axir u faqat chap oyog‘ida zarba bera oladiku», degandi o‘shanda braziliyalik sobiq futbolchi. Messi esa birinchi golini o‘ng oyog‘ida urdi.

60-daqiqaga kelib Messi het-trikni nishonlayotgandi. Birinchi bo‘lim oxirida o‘tkazib yuborilgan gollardan keyin «Levante» o‘yinni tashlab qo‘ydi, ikkinchi bo‘lim boshida jamoa juda tartibsiz harakatlanib, maydon markazida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. «Barselona»ning hujum guruhi esa bu xatolardan unumli foydalandi.

O‘yinga Pike yakun yasab berdi. «Levante» futbolchilaridan biri Kabako maydondan chetlatilgach (76-daqiqa), «Barselona» himoyachilari o‘zini erkin his qilib, hujumda ham omadini izlay boshladi. 88-daqiqada Pike raqib himoyachilarini aldab, darvozabonni ham dog‘da qoldirdi. Unga ham to‘pni Messi yetkazib bergandi.

Shu tariqa, Messi o‘yindagi 5 golda ham ishtirok etdi va mavsumdagi gollari sonini 50taga yetkazdi. U 2010 yildan boshlab deyarli barcha yillarda, klub va terma jamoa safidagi o‘yinlar qo‘shib hisoblanganda, kamida 50tadan gol urib kelmoqda. Birgina istisno – 2013 yilda u 45ta gol bilan cheklangan. Messining faoliyatidagi eng yaxshi natija 2012 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda Leo yil davomida 91ta gol urgan edi va bu jahon rekordi hamon o‘zgarishsiz qolmoqda. Valensiyaga sayohatdan keyin Messining bu mavsumda urgan gollari soni 14taga yetdi va to‘purarlar ro‘yxatida yaqqol peshqadam. U shuningdek, 10 golga uzatma bergan va «gol+pas» tizimi bo‘yicha 24 ochko ishlagan. Yevropada hozircha hech kim bu borada 20 ochkolik nuqtaga yetgani yo‘q.

Qolaversa, Messi La Liga o‘yinlaridagi het-triklari sonini 43taga yetkazdi va bu borada 44ta het-trik bilan yetakchi bo‘lgan Ronalduga deyarli yetib oldi. Portugaliyalik futbolchi Ispaniyani allaqachon tark etgani hisobga olinsa, Messi shu mavsumdayoq uning natijasini yaxshilashi mumkin.

«Barselona» o‘tgan mavsumdagi mag‘lubiyat uchun revansh oldi va ligada yakka peshqadamlikni saqlab qoldi. Lionel Messi esa «Oltin to‘p»siz ham dunyoning eng yaxshi futbolchisi!

«Real»ning kamtar raqib ustidan kamtar g‘alabasi

«Real» - «Rayo Valekano» - 1:0 (1:0) 
Gol: Benzema, 13.  
«Real»: Kurtua, Serxio Ramos, Marselu, Varan, Karvaxal, Modrich (Valverde, 90+2), Kroos, Lorente, Benzema (Vinisius Junior, 78), Vaskes, Asensio (Sebalos, 71). 
«Rayo Valekano»: Dimitriyevski, Advinkula, Tito, Galves (Ba, 54), Velaskes, Aleks Moreno, Imbula, Medran (Bebe, 54), Komesanya, Alvaro Garsiya, Embarba (Alegriya, 73). 
Ogohlantirishlar: Galves, 39. Bebe, 64. Imbula, 83.  
Hakam: De Burgos Bengoechea.
15 dekabr. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.

2018 yildagi oxirgi tur
Keyingi 3 haftada «Real» ikki marcha yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Dastlab, Eybarda 0:3 va keyin Madridda YeChLning oxirgi turi doirasida TsSKAga qarshi kechgan o‘yinda shu hisob tabloda porlab turdi. Jamoa endi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga yo‘l olish oldidan kichik Madrid derbisida, «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yin o‘tkazdi. «Qirollik klubi» xalqaro turnirdagi ishtiroki tufayli keyingi turni o‘tkazib yuboradi.

O‘yindan avval «Rayo» ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «Santyago Bernabeu»dagi oxirgi g‘alabasini esladi. Bu o‘yin 1996 yilda bo‘lib o‘tgan, «asalarilar» o‘shanda safardan 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytishgandi. Bu g‘alaba jamoa uchun tarixiy g‘alabaligicha qolmoqda. «Rayo» Madriddagi oxirgi 3 o‘yinda jami 20ta gol o‘tkazgan. Eng yomoni 2015 yil dekabrida ro‘y bergan, o‘sha o‘yinda «Rayo» 12-daqiqaga kelib 2:1 hisobida oldinda edi, ammo bir futbolchi maydondan chetlatilishi barchasini o‘zgartirdi va o‘yin yakunida hisob 2:10 ko‘rinishiga keldi. O‘sha mavsumda «Rayo» yuqori divizionni tark etdi va shundan beri jamoalar liga doirasida o‘zaro o‘yin o‘tkazishmagandi.

Modrichning «Oltin to‘p»i

Keyingi 3 yilda uchinchi «Oltin to‘p» «Santyago Bernabeu»ga keltirilmoqda. Bu safar uning sohibi o‘zgargan: Modrich ilojsiz ishning ilojini qildi va Messi hamda Ronalduning 10 yillik hukmronligiga barham berdi. Ko‘pchilik, sovrinni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan ovoz berish jarayoni yakunlaridan noroziligicha qoldi, ammo bu xorvatiyalik futbolchidan sovrinni endi qaytarib olib bo‘lmaydi.

Benzemaning goli
«Real» bu o‘yinda maydon egasidek harakat qildi va debyutdayoq hisobni ochdi. Qanotdan jarima maydoniga yaqinlashib kelgan Vaskes jarima maydonida qulay vaziyatda turgan Benzemani topdi va fransuz hujumchisi to‘p kelib tushishi bilanoq uni darvoza to‘riga joyladi. Benzema bu mavsum ochilmoqda, o‘tgan mavsumda jami 5ta gol urgan futbolchi bu mavsum yarmida, jamoada inqiroz kechayotgan holida undan ko‘proq - 6ta gol urdi.

Ikkinchi bo‘limda mezbonlar yana bir gol urishdi, ammo Ramos to‘pni darvozaga yo‘llagan vaziyatda hakam videotakror yordamida ofsaydni qayd etib, golni bekor qildi.

Tribunadagi hushtakbozlik
«Real» qonuniy gol urishi ham mumkin edi, ammo Asensio qulay imkoniyatlarni ko‘kka sovurdi. Qo‘shimcha vaqtda esa mehmonlar hisobni tenglashtirishga juda yaqin kelishdi, faqat bu vaziyatda Kurtua jamoasi joniga oro kirdi. Madridliklar bu vaqtda sarosimaga tushib qolishgan, tribunada esa futbolchilar sha'niga hushtakbozliklar boshlanib ketgan edi. Faqat hakam hushtagi yangrab qolishigina «Real» 3 ochkolik bo‘lishini ta'minladi.

Endi «Real» La Ligaga 2019 yilda qaytadi. Oldinda esa klublar o‘rtasidagi jahon chempionati. Jamoa o‘z omadsizligini eski yilda qoldirishi kerak.

«Valensiya»ning navbatdagi durangi

«Eybar» - «Valensiya» - 1:1 (0:1)
Gollar: Rodrigo, 29 (0:1). Sharles, 56 - penalti (1:1). 
«Eybar»: Aser Riyesgo, Ramis, Xose Anxel, Penya, Oliveyra, Kukurelya (De Blasis, 69), Diop, Xoan Xordan, Orelyana, Serxio Enrich (Eskalante, 82), Sharles (Kike, 90).
«Valensiya»: Netu, Garay, Xose Gayya, Gabriel Paulista (Diakabi, 42), Parexo, Vass, Kokelen (Pichchini, 45+1), Soler, Rodrigo, Cherishev (Torres, 82), Mina.
Ogohlantirish: Rodrigo, 78. 
Hakam: Kordero Vega (Ispaniya).
15 dekabr. Eybar. Municipal de Ipurua stadioni.

Chempionlar ligasining guruh bosqichi 6-turida «MYu» ustidan g‘alaba qozongan (2:1) «Valensiya» ichki chempionatda mavsum startidagi ketma-ket duranglar sababli hamon 15-o‘rinda bormoqda edi. Chempionlar ligasidagi vazifa uddalanmadi, «ko‘rshapalaklar»ni Yevropa Ligasi yo‘llanmasi qanoatlantirmaydi. Endi bor e'tiborni La Ligaga qaratish kerak.

Maydon egalari ikki tur muqaddam «Ipurua» stadionida «Real»ni 3:0 hisobida mag‘lub etishgan, Eybarga safar har qanday jamoa uchun qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy edi. «Valensiya» bu stadiondagi oxirgi 4 uchrashuvda 2 mag‘lubiyat va bir durang qayd etgan, faqat bir marcha g‘alaba bilan qayta olgandi.

«Eybar» o‘yinning birinchi bo‘limida xo‘jayinlik qildi. Basklar mehmonlarni jarima maydoniga qamab qo‘ydi, Kukurelya, Jordan va Orelyana dambadam raqib darvozaboni uchun xavf tug‘dirib turdi.

«Valensiya» esa kamdan-kam hujumlardan birida muvaffaqiyat qozondi. Raqib jarima maydonida o‘ziga kelib tushgan to‘pni darvozaga to‘g‘ri yo‘naltirgan Rodrigo hisobni ochdi. Braziliyalik futbolchi bo‘lim davomida yana bir imkoniyatga ega bo‘lgandi, ammo uning zarbasi xato ketdi.

Mehmonlar g‘alabani saqlab qola olishmadi. Ikkinchi bo‘limda Gayya jarima maydonida qo‘li bilan to‘pni o‘ynadi va hakam videotakror orqali penalti belgiladi. Sharles zarba berishda adashmadi. «Eybar» haqli ravishda durangga ega bo‘ldi. «Valensiya» esa navbatdagi (bu La Ligadagi 8-, jami musobaqalar doirasidagi 15-durang).

«Atletiko» uchlikda qoldi
Valyadolid – «Atletiko» 2:3 
Gollar: 0:1 – 26 Kalinich, 0:2 – 45, penalti Grizmann, 1:2 – 57 Kalero, 2:2 – 63, avtogol Saul, 2:3 – 80 Grizmann. 
Valyadolid – Masip, Kiko Olivas, Martines, Antonito, Kalero, Alkaras, Michel (Fernandes, 86), Toni (Suares, 75), Keko, Plano (Verde, 84), Unal.
Atletiko – Oblak, Savich, Filipe Luis (Parti, 60), Aryas, Godin, Rodri Ernandes, Koke, Saul, Korrea (Jyelson Martinsh, 75), Kalinich (Vitolo, 69), Grizmann.
Ogohlantirishlar: Plano (23), Toni (27), Kiko Olivas (45), Koke (78).

«Atletiko» bu turda safarda «Valyadolid» bilan kuch sinashdi va 3:2 hisobidagi qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Grizmann jamoasiga 3 ochko olib berdi. U dastlab Kalinichni golli pas bilan ta'minladi va keyin ikkita gol urdi. 27 yoshli futbolchining ikkinchi goli «matraschilar» libosida chempionat o‘yinlarida urilgan 83-gol bo‘ldi.

Endilikda fransuz futbolchisi «Atletiko»ning La Liga o‘yinlarida gol urish bo‘yicha eng yaxshi to‘purariga aylandi. U madridliklar safida o‘tgan asrning 70-yillari oxiri va 80-yillari boshida to‘p surgan argentinalik legioner Ruben Kanoni ortda qoldirdi. Bu natijaga erishish uchun Grizmann 159 o‘yinda maydonga tushdi.

Bu g‘alaba evaziga «Atletiko» uchinchi o‘rindan tushib ketmadi va ikkinchi o‘rindagi «Sevilya»ni oldinga o‘tkazib yubormadi (ikki jamoada ham 31tadan ochko), «Real» bilan 2 ochkolik farqni saqlab qoldi.

«Sevilya» ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi
«Sevilya» – «Jirona» 2:0 (0:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 55, penalti Banega, 2:0 – 64 Sarabiya.
Sevilya – Vatslik, Karrisu, Gomes, Eskudero (Promes, 89), Ker (Merkado, 79), Banega, Navas, Mesa, Sarabiya, Ben-Yyedder (Arana, 90), Andre Silva.
Jirona – Iraysos, Ramalo, Espinosa, Xuanpe, Porro, Duglas Luis (Aleish Garsiya, 62), Fernandes (Dumbiya, 71; Granel, 81), Portu, Pons, Garsiya, Stuani.
Ogohlantirishlar: Fernandes (33), Banega (85), Sarabiya (89).

«Sevilya» «Jirona»ni qabul qildi. Sevilyadagi «Ramon Sanches Pisxuan» stadionida kechgan uchrashuv maydon egalarining 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. 

O‘yinning 55-daqiqasida o‘yin bosh hakami «Jirona» darvozasi tomon penalti belgiladi va Ever Banega hisobni ochdi. Ikkinchi gol Pablo Sarabiya hisobiga yozildi. 

Bu g‘alaba evaziga «Sevilya» ochkolari sonini 31taga yetkazgan va turnir jadvalida «Real» (29) va «Atletiko»ni (31) quvib o‘tib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan. «Jirona» 21 ochkosi bilan 10-o‘rinda joylashgan.

Qolgan o‘yinlar
«Espanol» – «Betis» 1:3 (1:1, 0:2)
Gollar: 1:0 – 24 Garsiya, 1:1 – 43 Lo Chelso, 1:2 – 85 Telo, 1:3 – 90, avtogol Duarte.
Ogohlantirishlar: Sanches (18), Vilyam Karvalyu (23), Iglesias (45), Mandi (53), David Lopes (56), Sidney (65), Sanches (84).

«Ueska» – «Vilyarreal» 2:2 (1:0, 1:2)
Gollar: 1:0 – 44, penalti Ernandes, 1:1 – 63, penalti Bakka, 1:2 – 81 Moreno, 2:2 – 90 Longo.
Ogohlantirishlar: Avila (16), Trigeros (42), Mario Gaspar (43), Insua (53), Bakka (66), Pulido (73), Longo (90), Kaseres (90).
Chetlatish: Mario Gaspar (65).

«Selta» – «Leganes» 0:0 (0:0, 0:0)
Ogohlantirishlar: En-Nesiri (17), Mikel Vesga (24), Junka (28), Maksi Gomes (35), Kostas (85), Kuelyar (90).

«Xetafe» – «Real Sosedad» 1:0 (1:0, 0:0)
Gol: 1:0 – 3 Molina.
Ogohlantirishlar: Molina (32), Villian Joze (33), Fulke (35), Le Norman (38), Ilyarramendi (63), Yanuzay (72), Kristoforo (86).

«Alaves» va «Atletik» uchrashuvi bugun bo‘lib o‘tadi

Turnir to‘purarlari

Turnir jadvali

Mavzuga oid