O‘zbekiston | 14:54 / 13.02.2019
7576
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyalik rejissyorning O‘zbekistonda suratga olgan filmi Berlindagi xalqaro kinofestivalda namoyish etiladi

Yaponiyalik rejissyor Kiyosi Kurosava 9-14 fevral kunlari Berlinda bo‘lib o‘tadigan «Berlinale-2019» xalqaro kinofestivali doirasida O‘zbekistonda suratga olingan “Yer chekkasida” (Tabi No Owari Sekai No Hajimari) deb nomlangan filmini namoyish etadi. Bu haqida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning Facebook’dagi sahifasida ma'lum qilindi.

Bundan avval Kun.uz’da O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilayotgan yapon ayoli haqidagi film olinayotgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Unga ko‘ra, filmdagi rollarni yapon va o‘zbek aktyorlari ijro etishgan. Film tokiolik prodyuserlar Eyko Mizuno-Grey va Jyeyson Grey, Tosikadzu Nishigaya, shuningdek "O‘zbekkino" agentligi bilan hamkorlikda suratga olingan.

“Yer chekkasida” filmi O‘zbekiston-Yaponiya diplomatik aloqalarining 25 yilligi va Ikkinchi jahon urushidan so‘ng qisman yapon askarlari tomonidan qurilgan Toshkentdagi Alisher Navoiy teatrining 70 yilligiga bag‘ishlanadi.

Kiyosi Kurosavaning o‘zi bu haqida shunday degan: "O‘nlab yillar mobaynida temuriylar sulolasi meni o‘ziga maftun qilib kelardi. Bugun Yerning ayni shu nuqtasida O‘zbekiston davlati joylashgan. Endi men Buyuk Ipak yo‘lining o‘rtasida film suratga olyapman va uning mavzusi shaxsan o‘zim uchun qiziqligidan juda xursandman".

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ham ushbu voqeaga o‘z munosabatini bildirib o‘tgan: "Kiyosi Kurosavadek rejissyorning mamlakatimizga katta qiziqish bildirishi va butun bir filmni shu yerda suratga olishi meni juda quvontiradi, albatta. Ushbu film mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlaydi va odamlar uchun ham zamonaviy O‘zbekistonni, ham uning boy tarixini ochib beradi, deb umid qilaman".

Ma'lumot uchun: Kiyosi Kurosava — mustaqil kinorejissyor, ssenariynavis, aktyor, yozuvchi, kinotanqidchi. U triller, detektiv, drama va horror janrlarida faoliyat yuritadi. Kurosava 50 ga yaqin film muallifidir. Kiyosi Kurosava - Kann festivali va Osiyo kinoakademiyasining qator mukofotlari egasi.

Mavzuga oid