Jahon | 15:05 / 17.03.2019
10691
2 daqiqa o‘qiladi

Serbiya Radio va televideniye binosi ozod etildi​. Prezident esa bayonot beradi

Foto: EPA

Belgrad politsiyasi muxolifat va namoyishchilar tomonidan egallab olingan Serbiya Radio va televideniye binosini ozod etdi. Namoyishchilar mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchich olib borayotgan ichki siyosatdan norozi bo‘lib, o‘z mulohazasini bildirish uchun efirda chiqishni talab qilgandi. 

Serbiya Bosh vaziri Ana Brnabich binoning egallab olinganiga munosabat bildirib, «davlat zo‘rlik ishlatilishiga qarab turmasligi»ni aytgan. 

Davlat rahbari esa so‘nggi kunlarda yuz berayotgan hodisalar yuzasidan bayonot berib, 17 mart kuni xalqqa murojaat etishi kutilmoqda. 

Ma'lumot uchun, ​16 mart kuni Belgard shahrida jiddiy tus olgan namoyishlar Radio va televideniye binosining qamal qilinishi bilan to‘xtalgandi. «Eshiklar» muxolifat guruhi yetakchisi Boshko Obradovich boshchiligidagi namoyishchilar bino ichiga kirib, efir vaqti berilishini talab qilgan. 

Obradovichga Belgrad sobiq meri Dragan Jilas ham qo‘shilgan. Ularning talabi qondirilmadi. ​Bir oz fursatdan so‘ng, voqea joyiga mahalliy politsiya kuchlari yetib kelib, binoni ozod etgan. Mamlakat Ichki ishlar vaziri Neboysha Stefanovich namoyishchilardan biri politsiyachiga qo‘l ko‘targani uchun hibsga olinganini tasdiqlagan.

Mavzuga oid