O‘zbekiston | 20:14 / 13.06.2019
5241
4 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligi bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan eng yuqori talab Qashqadaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda

Bugungi kunda respublikada suv xo‘jaligi bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj hamon yuqori hisoblanadi. Bu haqda bugun, 13 iyun kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida bo‘lib o‘tgan suv xo‘jaligi tarmoqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi.

Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan  tashkil etilgan tadbirda vazirlik mutasaddilari, Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor-o‘qituvchilari, talabalar, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri. 
 
Matbuot anjumanida suv xo‘jaligi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi dolzarb muammolar, shuningdek, tizimni rivojlantirishda malakali kadrlar yetishtirish borasida qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi. 

Xususan, ta'kidlanishicha, bugungi kunda respublikada suv xo‘jaligi bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj hamon yuqori hisoblanadi. Jumladan, 2019-2021 yillarda hududlarda kadrlarga bo‘lgan yillik ehtiyoj  4626 nafarni tashkil qiladi. Bu borada eng yuqori talab Qashqadaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Anjumanda suv xo‘jaligi tashkilotlari uchun sifatli kadrlar tayyorlashda talabalarning besh yil muddatda ishlab berish majburiyatini inobatga olib talabalar kontrakt to‘lovini kadrlar buyurtmachilari tomonidan to‘lash tizimi sinovdan o‘tkazilayotgani haqida ma'lumot berildi. 

Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Bahodir Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirga qadar buyurtmachi tashkilotlar tomonidan institut tayyorlab berayotgan kadrlar uchun ikkinchi bosqichda 50, uchinchi bosqichda 75 va to‘rtinchi bosqichda 100% kontrakt to‘lovini to‘lab berish orqali o‘n to‘qqiz nafar talaba o‘qishini davom ettirmoqda. 
U shuningdek, ikki tomonlama magistrlik diplomi loyihasi doirasida institut va bir nechta chet el oliygohlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar to‘g‘risida  ma'lumot berdi. 

«Mazkur loyiha doirasida Gollandiyaning Vageningen universiteti atrof-muhit muhofazasi magistri mutaxassisligi bo‘yicha 40 nafar talabalarimiz o‘qishlarda ishtirok etib, ulardan 22 nafari ikki tomonlama diplomga ega bo‘ldi», dedi u.

Kun.uz muxbirining loyiha natijasiga ko‘ra, 40 nafar talabadan qariyb 50 foizi Vageningen universiteti imtihonlaridan o‘tolmaganini qanday izohlashi to‘g‘risidagi savolga Mirzayev «magistraturada o‘qish natijalari faqat bilim bilan baholanmasligi, unda kredit tizimi amal qilib, ushbu tizim shartlariga ko‘ra, talabalar tomonidan yil davomida turli yo‘nalishlarda ball yig‘ib borilishi kerakligi, institutning ayrim talabalari mazkur tizimning qaysidir bandlari bo‘yicha yetarli ball yig‘a olishmaganini» bildirdi.

Avvalroq hukumat qarori bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filiali tashkil etilgani haqida xabar qilingan edi.

Mavzuga oid