Adliya vaziri o‘rinbosari: Xalqqa xizmat ko‘rsatish sifatini ko‘tarish qonun darajasida ta'minlanishi zarur
Har ishda qonun va tartib bo‘lishi kerak. Shu ma'noda ijro hokimiyatining fuqarolar bilan muomala-munosabati ham ma'lum tartiblar asosida amalga oshadi. Bu butun jahonda qo‘llaniladigan va davlat xizmatining xalq uchun foydali va qulayligini ta'minlaydigan omillardan biridir.

Foto: minjust.uz
Ushbu tartiblarni va ular aks etgan qonun hujjatlarini har bir davlat xizmatchisi yaxshi bilishi va faoliyati davomida ularga amal qilishi o‘ta muhim hisoblanadi.
Afsuski, muayyan sohada islohotlarning tamal toshi hisoblangan aktlar mazmunini bilmaslik joylardagi rahbarlarning jiddiy kamchiligi deyishimiz mumkin.
Yaqinda sektorlar vakillari bilan o‘tkazilgan seminarda ularning qariyb aksariyati bevosita o‘z faoliyatiga taalluqli prezident hujjatlarini bilmasligi ma'lum bo‘ldi. Bu – chuqur mulohaza qilinadigan masala, sababi ushbu holat ayni paytda muhim qarorlarning ijro etilmayotganini anglatadi. Qolaversa, qog‘ozbozlik, ko‘zbo‘yamachilik singari illatlarning mahalliy davlat boshqaruvida tobora ildiz otib borishiga sabab bo‘ladi.
Qonunga nima uchun ehtiyoj bor edi?
Jismoniy va yuridik shaxslar bilan har kuni muloqot qiladigan davlat xizmatchilari va mansabdorlar yaxshi bilib olishi zarur bo‘lgan muhim qonunlardan biri «Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonun hisoblanadi.
Ushbu muhim hujjat keyingi yillarda ustuvor ravishda amalga oshirilayotgan «xalq bilan muloqot», «xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyillar asosida ishlab chiqilgan.
Mazkur qonun ijro hokimiyati organlari faoliyatini zamonaviy tarzda tashkil qilish, ichki idoraviy nazorat mexanizmini kuchaytirish, davlat boshqaruvi sohasida rasmiyatchilik va suiiste'mollikka chek qo‘yish, tezkor va asosli qarorlar qabul qilish yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatish samarasini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishni ko‘zda tutadi.
Qonun qay darajada ishlayapti?
Qonun qabul qilinganiga ikki yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, uning amaliyotga to‘liq tatbiq qilinishida qator muammolar mavjud edi.
Xususan, yaqinda qonunning amaliyotga naqadar faol tatbiq etilgani va ishlash ahvoli «O‘zstandart» va «O‘zarxiv» agentliklari tomonidan o‘rganildi va bu borada bir qator tizimli kamchiliklar aniqlandi.
Asosiy masala qonun osti hujjatlarining ushbu qonunga muvofiqlashtirilmagani bilan bog‘liq. Natijada idoralarda qonunda belgilangan normalarni emas, balki sohaviy (maxsus) qonun hujjatlaridagi qonunga muvofiq bo‘lmagan talablarni qo‘llagan holda ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirish amaliyoti shakllangan.
Misol uchun, «O‘zarxiv» agentligi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan 11ta davlat xizmatlaridan 8tasi normativ-huquqiy hujjatlar (ma'muriy reglamentlar) bilan emas, balki idoraning ichki me'yoriy hujjatiga asosan tartibga solinmoqda.
Muammoga yechim
Ushbu muammolarga chek qo‘yish, ma'muriy tartib-taomillarni barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga bir xilda tizimli ravishda tatbiq etish, umuman, ma'muriy tartib-taomillar sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirish zaruriyatidan kelib chiqib davlat rahbarining «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Adliya vazirligiga ma'muriy tartib-taomillar sohasini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida muntazam ravishda takomillashtirib borish vazifasi yuklatildi.
Farmon bilan vazirlik tizimida maxsus Ma'muriy tartib-taomillarni takomillashtirish va monitoringini yuritish boshqarmasi tashkil etildi va Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun vazirlik tomonidan yaqin va o‘rta istiqbolda keng ko‘lamli, kompleks choralarni ko‘rish rejalashtirilgan.
Xususan, ushbu qonunning qo‘llanishini o‘rganishda Parlament palatalari, Fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish bo‘yicha ishlar olib boriladi.
Farmonga asosan, Adliya vazirligi 2018–2019 yillarda yangi (qayta) tashkil qilingan 8ta vazirlik va idoralar faoliyatini, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi faoliyatini o‘rganadi.
Bu o‘rganishlarda ham qonun normalarining ijrosi masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.
Qonunning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushunarli shaklda, oddiy tilda yetkazishga qaratilgan axborot materiallarni tarqatish, shuningdek, tematik videolar yaratish, bosma materiallar (plakatlar, risolalar, bukletlar) chop etishni tayyorlash va tarqatish bo‘yicha tadbirlar boshlab yuborildi.
Qonun ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda qonun normalarini qo‘llash masalalari bo‘yicha davlat xizmatchilarining malakasini oshirish yuzasidan o‘quv dasturlari, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirish bo‘yicha o‘quv-metodik materiallar va amaliy qo‘llanmalar ishlab chiqildi.
Xulosa
Ushbu qonunni byurokratiya va korrupsiyaga qarshi kurashdagi muhim vositalardan biri deb bilamiz. Zero ma'muriy tartib-intizom o‘rnatilmas, davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarda qat'iy qonuniylikka amal qilish va yuqori standartlarga javob beradigan madaniyat shakllantirilmas ekan, xalqning davlat tashkilotlari faoliyati sifatidan qanoat hosil qilishi savol ostida qolaveradi.
Vazirlik davlat xizmati sifatini ko‘tarish, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni yengillashtirish, soddalashtirish maqsadida ushbu Qonunning amaliyotga to‘liq tatbiq etilishi bo‘yicha bor imkoniyatlarini ishga soladi.
Xudoyor Meliyev,
Adliya vaziri o‘rinbosari
Tavsiya etamiz
“O‘rgimchak to‘ri”: Ukraina qo‘lidagi kartalardan birini ochdi
Jahon | 21:12 / 04.06.2025
Islandiya sobiq prezidenti milliy bog‘ga gid bo‘lib ishga joylashdi
Jahon | 21:25 / 03.06.2025
Urushlar endi o‘zgacha: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi haqida
Jahon | 22:27 / 02.06.2025
“Saviyasiz millat o‘zini o‘zi yo‘q qiladi” – Qozoqboy Yo‘ldoshev
Jamiyat | 15:21 / 01.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Putin va Tramp Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qildi – Kreml
Jahon | 23:40 / 04.06.2025
-
«Pautina» operatsiyasi: Rossiya qanday javob beradi?
Jahon | 22:38 / 04.06.2025
-
Nexia ostida qolgan ayol, 361 kg eshak go‘shti va korrupsioner hokim yordamchilari - 4 iyun yangiliklari
O‘zbekiston | 22:31 / 04.06.2025
-
Putin yaqinda aerodromlarga uyushtirilgan hujumlarga javob qaytarishga majburligini aytdi – Tramp
Jahon | 22:24 / 04.06.2025
Mavzuga oid

11:28 / 08.04.2025
Korrupsiyaviy jinoyatlar Adliya vazirligi tizimida 22 foizga, hokimliklarda 43 foizga kamaydi – Antikorrupsiya agentligi

10:10 / 04.04.2025
Tasvirga olish uchun rozilik olish talabi OAV faoliyatiga qanday ta’sir qiladi? Adliya vazirligi izohi

16:09 / 18.03.2025
Adliya vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

16:18 / 07.03.2025