Nexia ostida qolgan ayol, 361 kg eshak go‘shti va korrupsioner hokim yordamchilari - 4 iyun yangiliklari
Qashqadaryoda sobiq IIB xodimi pichoqlab o‘ldirildi, poytaxtga kirib kelayotgan eshak go‘shti to‘xtatib qolindi, Qurbon hayiti munosabati bilan qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi - o‘tgan kun davomidagi muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan Kun.uz'da tanishing.

Qashqadaryoda sobiq IIB xodimi pichoqlab o‘ldirildi
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida sobiq IIB xodimi, YPX inspektori pichoqlab o‘ldirildi. Bu haqda Telegramʼdagi “Avtoblog.uz” kanali xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, voqea 1 iyun kuni Shahrisabz shahridagi Sinabog‘ mahallasida sodir bo‘lgan. Hozircha bunga nima sabab bo‘lgani ma’lum emas.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning mahalliy OAVga bildirishicha, 48 yoshli fuqaro bo‘yin sohasidan o‘tkir tig‘li jism bilan jarohatlangan holda Shahrisabz shahar tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan. Holat yuzasidan Shahrisabz tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 37 yoshli bir gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi
Samarqand viloyatida 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ma’lumot berildi.
Qayd qilinishicha, sohada manfaatlar to‘qnashuviga oid hamda korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar saqlanib qolmoqda. Bu yil birinchi choragida 3300 dan ortiq holatda hisobotlarga qo‘shib yozilish aniqlangan va buning oqibatida 80 nafardan ortiq hokim yordamchisi hamda boshqa mas’ullarga nisbatan intizomiy, ma’muriy va jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortilgan. 3 milliard so‘mlik subsidiya, nafaqa va kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan.
Hokim yordamchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning salmoqli qismi Samarqand shahri, Urgut, Ishtixon va Oqdaryo tumanlariga to‘g‘ri keladi, mahalliy hokimlik idoralari yoki bandlik organlari tomonidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilmagan.
Bektemirda Nexia xavfsizlik orolchasida turgan piyodani urib yubordi
Toshkentning Bektemir tumanida yana bir mudhish YTH sodir bo‘lgan. «Millar» dasturining xabar berishicha, 31 may kuni ertalab Nexia haydovchisi katta tezlikda Matiz bilan to‘qnashib, xavfsizlik orolchasiga chiqib ketgan va u yerda turgan ayolni urib yuborgan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Shifokorning ma’lum qilishicha, bemorga yopiq bosh miya jarohati, miya chayqalishi, chap son suyagining yopiq sinishi, birinchi va ikkinchi darajali travmatik shok tashxisi qo‘yilgan. 3 iyun kuni jabrlanuvchi jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Bemorning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda, u hushiga kelgan. Hozirda voqea yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jarima ballari haqida onlayn xabardor bo‘lish mumkin
Haydovchilar jarima ballari haqida onlayn xabardor bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Endilikda sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballari to‘g‘risidagi ma’lumotni davlat xizmatlari portali, my.gov.uz orqali onlayn olish mumkin. Unda to‘plangan jarima balli, qabul qilingan qaror raqami va sanasi, jarima ball uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning asos bo‘luvchi moddasi va bandi keltiriladi.
Jarima ballari haydovchilarga nisbatan faqat YPX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan jarimalar asosida, avtomatlashtirilgan tartibda inson omilisiz Ye-jarima moduli orqali hisoblab boriladi. Avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish moslamalari orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari yozilmaydi.
361 kg eshak go‘shti ortilgan avtomobil to‘xtatildi
Kunlik xabarlarni davom ettiramiz. Sirdaryodan Toshkentga kelayotgan Lacetti avtomobili 361 kg eshak go‘shtini ortib olgani sabab to‘xtatildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, go‘sht mahsulotlari Qashqadaryo viloyatidan yuborilgan. Laboratoriya tekshiruvi uning eshak go‘shti ekanini tasdiqlagan.
Tekshiruv davomida mashina haydovchisi go‘sht o‘ziga tegishli emasligini, uni aytilgan manzilga olib ketayotganini bildirgan. Hozirda holat yuzasidan Sirdaryo tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Prezident maktablariga qabul jarayoni rasman boshlandi
2025-2026 o‘quv yili uchun Prezident, ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablariga qabul jarayoni rasman boshlandi. 1 iyundan davlat xizmatlari portali hamda ariza.piima.uz orqali maktablarga onlayn ariza topshirish imkoni yaratildi. Qabul 20 iyungacha davom etadi. Kirish imtihonlari esa iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul.
Qurbon hayiti munosabati bilan qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi
Bu hafta 6 iyun sanasida Qurbon hayiti nishonlanadi. Shu munosabat bilan 5-8 iyun kunlari Toshkent–Samarqand yo‘nalishida qo‘shimcha «Afrosiyob» qatnovlari harakatlanadigan bo‘ldi. Avvalroq Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi Qurbon hayiti kuni poytaxtda jamoat transporti soat 03:00 dan ish boshlashini ma’lum qilgandi.
Hozircha kun tafsilotlari shulardan iborat. Keyingi lavhalarda ko‘rishguncha, o‘zingizni asrang.
Mavzuga oid

21:58 / 05.06.2025
5 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:44 / 03.06.2025
3 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:59 / 02.06.2025
2 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:30 / 30.05.2025