O‘zbekiston | 20:41 / 12.04.2021
50771
4 daqiqa o‘qiladi

FHDYoning sobiq mudirasi Otabek Sattoriyni tuhmatda aybladi. Termiz shahar hokimi sudga majburiy keltiriladi

Bundan tashqari, uy-joy qurilishi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor jami bahosi 700 mln so‘mdan oshiq turadigan 2ta kvartirani hokimning bosimi ostida Otabek Sattoriyga 235 mln so‘mga sotishga majbur bo‘lganini iddao qildi.

Otabek Sattoriy / Foto: Kun.uz

Bugun, 12 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Sud majlisida jabrlanuvchilardan biri, Denov tumani FHDYo bo‘limi sobiq mudirasi Nasiba Norboyevaning ko‘rsatmalari tinglandi. Uning ma'lum qilishicha, o‘tgan yili Otabek Sattoriy ijtimoiy tarmoqlarda uning qadr-qimmatini yerga uradigan va obro‘sizlantiradigan haqoratli so‘zlardan iborat videolavha e'lon qilgan.

Otabek Sattoriy bu da'vo yolg‘on ekani va u o‘z videolavhasida Nasiba Norboyevaning qadr-qimmatini yerga uradigan va obro‘sizlantiradigan haqoratli gaplar gapirmaganini bildirdi. Tomonlarga sudya, prokuror va advokatlar tomonidan savollar berildi.

Nasiba Norboyeva o‘z ko‘rsatmalarida Otabek Sattoriy moddiy manfaatdorlik evaziga kimlarningdir buyurtmasi bilan uni obro‘sizlantirishga uringanini da'vo qilmoqda.

Otabek Sattoriy esa unga hech kim buyurtma bermaganini, u korrupsiyaga qarshi bo‘lgani uchun ham Nasiba Norboyevaning FHDYo mudirasi bo‘lib ishlagan davrida sodir etgan korrupsion ishlariga qarshi bo‘lganini va videolavhani ham shu uchun tayyorlaganini ma'lum qildi.

Unga advokatlardan biri: «Siz Denov tumani FHDYo mudirasini avval tanimasdim dedingiz. Unda uning korrupsion ishlari haqida siz qayerdan xabar topdingiz?» deya savol berdi. Otabek Sattoriy bu savolga: «Men o‘zimga ma'lumot yetkazgan odamlarni sotmayman», deya javob berdi. Savol takror berilgach, u «Meni Xudo yo‘lladi», deb javob berdi.

Sud majlisida aniqlik kiritilishicha, Nasiba Norboyevaning faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvda uning korrupsion harakatlari isbotlanmagan.

Shundan so‘ng uy-joy qurib sotish bilan shug‘ullanadigan MChJ rahbari To‘lqin Shopo‘latovdan ko‘rsatma olindi. Shopo‘latovning ma'lum qilishicha, Termiz shahar hokimining bosimi ostida u Otabek Sattoriyga 235 million so‘m evaziga aslida 700 million so‘mdan oshiq turadigan ikkita kvartirani notarius orqali rasmiylashtirib bergan. Uning da'vo qilishicha, Otabek Sattoriy pulning qolganini to‘lab berishi yoki o‘zi to‘lagan 235 million so‘m pulini qaytarib olib, ikkita kvartirani qaytarib berishi kerak.

Otabek Sattoriy uning da'vosiga javoban, ikkita kvartirani qonuniy yo‘l bilan notarius orqali rasmiylashtirib olganini ma'lum qildi.

Bugungi sud majlisiga Termiz shahar hokimi ham ko‘rsatma berish uchun chaqirilgan. Ammo u sudga kelmadi. Shu sababli sudya hokimni keyingi sud majlisiga majburiy keltirish haqida ajrim chiqardi.

Sud ishi 19 aprelgacha tanaffus e'lon qildi.

Mavzuga oid