Jahon | 22:19 / 02.05.2021
13916
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda chegaradagi mojaro vaqtida 100dan ko‘proq obektga talafot yetdi 

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro vaqtida Qirg‘izistonning chegaraoldi qishloqlaridagi 78ta uyga zarar yetgan. Bu haqda Qirg‘iziston favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Urmatbek Shamirkanov ma'lum qildi. 

Foto: Sputnik / Zulfiya Turgunova

Uning ta'kidlashicha, shuningdek, 10ta AYoQSh, 8ta do‘kon, 3ta chegara zastavasi, 2ta maktab, feldsher-akusherlik punkti, bolalar bog‘chasi va ichki ishlar bo‘limi binosiga talafot yetgan.  

“Bizda barcha shikastlangan obektlarni tiklash uchun kuch va imkoniyatlar yetadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Shamirkanov.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, chegarada 4 kun davom etgan to‘qnashuvlar vaqtida Qirg‘izistonning 178 nafar fuqarosi jabrlandi, 34 fuqarosi halok bo‘ldi. Shu munosabat bilan 1-2 may kunlari respublikada milliy motam kuni deb e'lon qilingan.

Mahalliy OAVga ko‘ra, Tojikiston tomonidan mojaro vaqtida 10 nafargacha odam halok bo‘lgan, 90dan ko‘prog‘i yaralangan. Biroq Dushanbedan bu borada hozircha rasmiy ma'lumotlar berilmagan.

1 may kuni ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatish va chegara hududidan qo‘shinlarni olib ketish haqidagi bayonnomani imzolagan.

Mavzuga oid