O‘zbekiston | 23:06 / 16.07.2021
4372
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi va Bangladesh tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining Toshkent konferensiyasida qatnashish uchun kelgan qator martabali diplomatlar prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. Davlat rahbari, xususan, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbari va Bangladesh tashqi ishlar vazirini qabul qildi.

BMT bosh kotibi o‘rinbosari – Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) ijrochi kotibi Olga Algayerova bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev BMT institutlari bilan keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan sheriklik jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Tashkilot mamlakatdagi islohotlarga ko‘maklashayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.

Olga Algayerova O‘zbekiston prezidentiga BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va yuksak hurmat-ehtirom so‘zlarini yetkazdi.

Xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston yetakchisining, shu jumladan Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlayotgani ta'kidlandi.

Ijrochi kotib Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e'lon qilish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi qabul qilinganini hamda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun BMT Maxsus komissiyasidagi (SPeKA) raisligini yuksak baholadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va YeIK o‘rtasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish borasida, jumladan, iqtisodiyot, savdo va transport, innovatsiyalar, ekologiya va boshqa sohalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abul Kalom Abdul Mo‘minni ham qabul qildi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Vazir Bangladesh prezidenti Abdul Hamid va bosh vaziri Shayx Hasina Vazedning salomini yetkazdi. O‘zbekiston prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari bog‘liqligini rivojlantirish borasidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Almashinuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish orqali amaliy hamkorlikni kengaytirishga e'tibor qaratildi.

Mavzuga oid