Jahon | 19:45 / 05.11.2021
5503
2 daqiqa o‘qiladi

Pfizer’ning koronavirusga qarshi yangi tabletkasi 89 foizlik samaradorlik ko‘rsatayotgani aytildi

Pfizer kompaniyasi rasmiy press-relizida aytilishicha, o‘tkazilgan oraliq tahlillar tabletka tashxis qo‘yilganidan so‘ng uch kun ichida iste'mol qilinsa, bemorning shifoxonaga yotish ehtimoli va COVID-19 yuqishi tufayli turli sabablarga ko‘ra o‘lish xavfini 89 foizga kamaytirar ekan.

Foto: fortune.com

Tadqiqotda 1200dan ziyod nafar balog‘at yoshidagi, yengil va o‘rta darajada koronavirus yuqtirgan bemorlar ishtirok etishgan. 607 kishidan iborat va preparatni qabul qilgan guruhda faqat 6 kishi shifoxonaga yotqizilgan, hech kim vafot etmagan. Platsebo berilgan 612 nafar bemorlar ichidan 41 nafarining ahvoli og‘irlashib, alaloqibatda ularning 10 nafari vafot etgan.

Kompaniya PAXLOVID deb nomlangan dorini AQShda rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjat tayyorlamoqda.

«Bugungi yangiliklar ushbu pandemiyaning vayronkor oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha global sa'y-harakatlarda o‘yin qoidalarini tubdan o‘zgartiradi. Virusga qarshi oral qabul qilinadigan preparatimiz agar ma'qullanadigan bo‘lsa, olingan natijalar bemorlarning hayotini asrab qolish, COVID-19 infeksiyasining og‘ir o‘tishini pasaytirish va shifoxonaga yotishi mumkin bo‘lgan o‘n insondan to‘qqiz nafarini qutqarib qolish mumkinligini ko‘rsatmoqda», — dedi kompaniyaning ijrochi direktori Albert Burla.

Albert Burla. Foto: Associated Press

Avvalroq Britaniyada dunyoda birinchi bo‘lib COVID-19ga qarshi «Molnupiravir» dorisi ma'qullangani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid