O‘zbekiston | 18:16 / 04.09.2022
11459
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev neft va gaz sanoati xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Mehriddin Abdullayev

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning «Neft va gaz sanoati xodimlarining kasb bayrami» munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi e’lon qilindi.

«Qadrli hamkasblar!

Mamlakatimizda sentabr oyining birinchi yakshanbasi “Neft va gaz sanoati xodimlarining kasb bayrami” sifatida keng nishonlanmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va hukumatimiz tomonidan neft va gaz sohasini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda va soha xodimlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining eng muhim tarmog‘i bo‘lmish, Neft va gaz sanoatida erishilgan har bir yutuqda barcha-barchangizning hissangiz bor. Shu munosabat bilan sizlarni samimiy muborakbod etaman.

Neft va gaz sohasida faoliyat olib borayotgan 50 ming nafarga yaqin xodimlarni matonat va mustahkam iroda timsoliga o‘xshataman. Soha rivoji uchun barcha uzluksiz va bir tan-u bir jon bo‘lib mehnat qilayotgani quvonarlidir.  

Barchangiz bilan bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilyapmiz, yaxshi natijalarga erishish, Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlash maqsadida sizlarga qo‘shilib, geolog, burg‘ilovchi, master, muhandis, texnik, tadqiqotchi, quruvchi va ustaga aylandim. Imkon qadar sizning yoningizda bo‘lib, mashaqqatli mehnatingizda yelkadosh bo‘lib, doimo holingizdan xabardor bo‘lish uchun joylarga chiqib, asl holat bilan tanishishga harakat qilyapman.

Bugun qarshingizda turib ayta olmagan samimiy tilaklarimni qabul qilasizlar degan umiddaman. Barchangizning mehnatingiz va soha rivojiga qo‘shayotgan hissangizni qalban his qilaman hamda vatanparvarligingizni hurmat qilaman.

Qahraton qish va saratonning jazirama kunlari ham kasbingizga bo‘lgan mehr-u muhabbatingizga, vatanga bo‘lgan sadoqatingizga raxna sola olmasligining allaqachon guvohiga aylandim, ayni shu sabab ham siz bilan birga ekanligimdan g‘ururlanaman.

Sizlarning metindek irodangiz, mashaqqatli mehnatingiz va mas’uliyatingiz sabab Neft va gaz sanoati to‘xtovsiz harakatlanayotganini yana bir bor faxr bilan ta’kidlab o‘taman. 

Ishonchim komilki, bizni birgalikda yangi muvaffaqiyatlar, yangi marralar kutmoqda. Biz bir tan-u bir jon bo‘lib, bundanda ko‘p yutuqlarga erisha olamiz. Barchangiz bir jamoa bo‘lib mehnat qilayotganingiz uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. 

O‘zingiz va yaqinlaringizga sihat-sog‘lik, baxt-u omad, farovon turmush, kasbiy muvaffaqiyat, tinchlik-xotirjamlik tilayman. Yana bir bor bayramingiz bilan tabriklayman!» deyiladi «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tabrigida.

Mavzuga oid