Liz Trass Buyuk Britaniya bosh vazirligidan iste’fo berdi. U bu lavozimda ikki oy ham ishlay olmadi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Boris Jonson yana hukumat rahbariga aylanishi mumkin.

Foto: Reuters
Trass o‘z iste’fosi haqida qirol Charlz III’ni xabardor etganini ma’lum qildi. Endi Konservativ partiya ko‘z yetakchisini va hukumatning yangi rahbarini aniqlash uchun yangi saylovlar o‘tkazishi kerak.
«Men katta iqtisodiy va xalqaro beqarorlik davrida lavozimga kirishdim. Oilalar va kompaniyalar o‘z hisoblarini qanday to‘lash haqida qayg‘urayotgan davrda», dedi Liz Trass iste’fosi haqida e’lon qilarkan.
«Putinning Ukrainadagi noqonuniy urushi butun qit’amiz xavfsizligiga tahdid solmoqda. Va bizning mamlakatimiz iqtisodiy o‘sish pastligi tufayli juda uzoq vaqt to‘xtab qoldi», deya davom etadi bosh vazir.
«Men Konservativ partiya tomonidan buni o‘zgartirish vakolati bilan saylandim. Biz elektr energiyasi to‘lovlari bo‘yicha takliflar berdik hamda milliy sug‘urta to‘lovlarini qisqartirdik. Biz Brexit tufayli olingan imtiyoz va erkinliklardan foydalanadigan past soliqli, tez rivojlanayotgan iqtisodiyot bo‘yicha o‘z konsepsiyamizni belgilab oldik», degan Trass.
«Ammo men vaziyatdan kelib chiqib tan olamanki, meni saylagan Konservativ partiya tomonidan belgilangan mandatni bajara olmayman», degan u.
Avvalroq bosh vazir o‘z soliq tashabbuslari tufayli halokatli tanqidlarga yo‘liqqan, moliya vazirini almashtirishga hamda e’lon qilingan budjet rejalarini bekor qilishga majbur bo‘lgandi.
So‘nggi haftalarda konservatorlarning mashhurligi Britaniyadagi sotsiologik tadqiqotlar tarixidagi eng quyi ko‘rsatkichlarga tushib ketdi.
Trass besh hafta muqaddam Konservativ partiya yetakchiligi va Birlashgan Qirollik bosh vazirligiga saylangandi. Endi u yangi bosh vazir nomi aniq bo‘lguniga qadar o‘z lavozimida qoladi.
Muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi yetakchisi Kir Starmer zudlik bilan umummilliy saylovlar o‘tkazishni talab qildi. Bu talabga liberal-demokratlar va Shotlandiya milliy partiyasi rahbarlari ham qo‘shildi.
Liz Trass esa bir hafta ichida konservatorlar o‘zining yangi yetakchisini saylash uchun ichki saylovlar o‘tkazishini ma’lum qildi.
Hokimiyatda 45 kun
Liz Trass hokimiyat tepasida atigi 45 kun qololdi, bu Buyuk Britaniya tarixida bosh vazir o‘z iste’fosiga qadar ishlagan eng qisqa muddatdir.
Ungacha eng qisqa muddatda bosh vazirlik qilgan shaxs Jorj Kanning bo‘lib turgandi, u 1827 yilda o‘z vafotiga qadar 119 kun davomida hukumatni boshqargan.

Liz Trassda muammolar 23 sentabr kuni uning moliya vaziri (kansler) Kvazi Kvarteng yangi mini-budjetni e’lon qilganidan keyin boshlandi, bu moliya vazirini jiddiy tashvishga solgandi.
Shundan keyin konservatorlarning xavotirlari ortib borib, parlament partiyasi ichida katta g‘azabga aylandi. Trass xonimning iste’fosidan oldinroq, chorshanba oqshomida Jamoatlar palatasida qizg‘in debatlar kechgandi. So‘nggi soatlargacha bosh vazirni iste’foga chiqishga chaqiriqlar davom etdi.
Iste’fo e’lon qilinganidan so‘ng darhol moliya bozorlari bu yangilikka reaksiya berdi: funt avvaliga o‘sdi, keyin esa 1,12 dollar darajasiga qaytdi.
Liz Trassning bayonoti arafasida moliyaviy tahlilchilardan biri vaziyatni tasvirlab, hayratda qolgan bozorlar «og‘zini ochgancha bo‘layotgan voqealarni dahshat bilan kuzatayotgani»ni aytgandi.
Trassning vorisi partiyani birlashtirishi kerak bo‘ladi, bu esa oson ish emas
BBC siyosiy muhariri Kris Meysonning izohi
Agar siz kecha xaos bo‘ldi deb o‘ylagan bo‘lsangiz, demak aslida barchasi endi boshlanmoqda. Yaqin kunlarda yangi bosh vazir paydo bo‘lishi kerak.
Konservator deputatlar munosib nomzod o‘z saflarida topilishiga va partiya a’zolari orasida raqobatlashuv yuzaga kelishidan qochishga umid qilishmoqda. Aks holda yangi bosh vazir uchun saylovlarga bir necha oy ketib qoladi.
Bunday yangi bosh vazir (agar ular partiyani birlashtira oluvchi kimnidir topa olishsa, bu esa katta harflarda yoziluvchi «agar») qonuniylik bo‘yicha jiddiy muammoga duch keladi.
Ammo shuni yodda tutishimiz kerakki, biz konstitutsiyaviy tarzda parlamentar demokratiyada yashaymiz va agar yangi bosh vazir Jamoat palatasida ko‘pchilik ovozni qo‘lga kirita olsa, u keyingi umummilliy saylovlarga qadar ishlash uchun konstitutsiyaviy huquqqa ega bo‘ladi.
Boris Jonson bosh vazirlikka qaytishi mumkinmi?
Nazariy jihatdan - albatta. Nima bo‘lganida ham qonunchilik Jonson yana o‘z nomzodini torilar yetakchiligiga qo‘yib, partiyaning ichki saylovlarida g‘alaba qozonib, o‘zining mojaroli iste’fosidan keyin ikki oy o‘tmasdan yana Dauning-stritga qaytishiga to‘sqinlik qilmaydi.

Katta ehtimol bilan u aynan shunday qiladi. Uning eski safdoshi Nadin Dorris aynan Jonson 2019 yilda o‘tkazilgan so‘nggi umummilliy saylovlarda britaniyaliklar ishonchini qozonganini eslatib, shunday tashabbus bilan chiqdi. Uni darhol partiyadosh deputatlardan bir qanchasi qo‘llab-quvvatladi.
Bu safar konservatorlarda o‘z yetakchisini tanlash uchun juda qisqa muddat bo‘lishi (so‘nggi 12 yil davomida hokimiyatga qaytishga urinib kelayotgan va nihoyat bu maqsadga erishish uchun qulay sharoit hosil bo‘lganini his qilgan leyboristlar bosimi ostida) Borisning foydasiga ishlashi mumkin. Partiya yetakchisi lavozimiga munosib kutilmagan yangi yuzlar paydo bo‘lishini kutishga hojat yo‘q - baribir o‘sha eski nomzodlardan birini tanlash kerak bo‘ladi, bu esa shubhasiz Jonsonning g‘alaba uchun imkoniyatlarini oshiradi.
Times siyosiy tahlilchisi Stiven Suinfordning yozishicha, Jonsonning o‘zi ham hozirning o‘zidayoq partiya yetakchiligi uchun nomzodini qo‘yishga tayyor, u buni «milliy manfaat» masalasi deb hisoblayapti. Sobiq bosh vazir imkoniyatlarini chamalamoqda, lekin Konservativ partiyani «o‘zgartirishi» mumkinligiga ishonmoqda. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, u maslahatlashuvlar o‘tkazib, partiyadoshlarining saylovda ko‘magiga erishishga urinmoqda.
Bundan tashqari, Times nashri yozishicha, Priti Patel birinchilardan bo‘lib Jonson nomzodini qo‘llab-quvvatlashga roziligini bildirgan, u Jonson bosh vazirligida uning hukumatida Houm-ofisni boshqargandi (Britaniyada IIVni shunday deb atashadi). O‘z rahbarining mojaroli iste’fosidan keyin u Liz Trass bilan ishlashni istamay, lavozimini tark etgandi va parlament deputatligiga qaytgandi.
Shunga qaramay, Patel hamon og‘ir vaznli siyosatchi bo‘lib qolmoqda va uning qo‘llab-quvvatlovi bosh vazirlik uchun har qanday nomzodning pozitsiyasini sezilarli darajada mustahkamlashi tayin.
Shu bilan birga, hozircha bukmekerlar Borisning g‘alabasiga ishonishmayapti - uning Konservativ partiya yetakchiligiga kelishi va bosh vazirlik kursini egallash imkoniyati 18 foiz atrofida baholanmoqda. U imkoniyati yuqori nomzodlar uchligiga kirsa-da, poyga favoriti Rishi Sunak (50 foiz) va bukmekerlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda joylashgan Penni Mordontdan (31 foiz) ancha ortda.
O‘z navbatida, YouGov so‘roviga ko‘ra, Jonson partiya yetakchiligi uchun asosiy nomzod hisoblanadi.
Mavzuga oid

22:15 / 03.06.2025
Britaniya Abramovichdan «Chelsi»ni sotishdan tushgan mablag‘ni Ukrainaga berishni talab qildi

18:41 / 02.06.2025
Starmer Buyuk Britaniya «urushga tayyorgarlik» rejimiga o‘tayotganini e’lon qildi

21:17 / 01.06.2025
Britaniya yadroviy qurollarni tashishga qodir qiruvchi samolyotlarni xarid qiladi

16:47 / 01.06.2025