Markaziy Osiyo va Rossiya: Urushdan keyingi munosabatlar qanaqa bo‘ladi? - ekspertlar bilan suhbat
Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan bosqinchilik urushiga salkam 1 yil to‘lyapti. O‘tgan 2022 yilda Rossiya urush tufayli nafaqat, Ukraina, g‘arb va balki Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham qator ziddiyatli, tomonlarni noqulay ahvolga tushirgan munosabatlarga bordiki, 2023 yilda bu munosabatlar qanday rivojlanishi ko‘pchilikni qiziqtiradi.
Kun.uz muxbiri dunyoda yuzaga kelgan bugungi geosiyosiy vaziyat va undan Markaziy Osiyo davlatlari qanday xulosalar qilishi kerakligi borasida siyosiy tahlilchilar – Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu o‘tkazdi.

Kun.uz:
— Bugun intervyumizda e’tibor qaratiladigan asosiy masala Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari, uning buguni va kelajagi masalasi. Lekin undan avval mana shu munosabatlarga bevosita bog‘liq bo‘lgan — Rossiya-Ukraina urushi haqida.
Qator ekspertlar fikricha, Rossiya asta-sekin, lekin ishonch bilan Ukrainaga qarshi urushda mag‘lub bo‘lmoqda. Tahlilchi sifatida g‘arb ekspertlari tahlillari qanchalik asosga ega deb hisoblaysiz?
Farhod Tolipov:
— Ha, bunday tahlillarda asos bor. Faqatgina rasmiylar yoki ekspertlar aytgani uchun emas. Shaxsan men uchun bu urush boshlanishidayoq Rossiya mag‘lubiyati bilan tugashi ayon edi. Urush boshlangach, dunyo hamjamiyatining munosabatini ko‘rib, ular bunga ko‘z yummaydi, degan xulosaga keldim. BMTda Rossiya argessiyasi bo‘yicha savol qo‘yilganda, ma’lum bo‘ldiki, hamjamiyatning aksariyati Rossiyani qoralaydi. Mana shu holatlarning o‘zi ham jiddiy dalil bo‘lyaptiki, xalqaro hamjamiyat to‘xtamaydi, Rossiya argessiyasiga qarshi chora ko‘rishda davom etadi. Keyingi voqealar rivoji mana shu fikrni tasdiqladi. G‘arb davlatlari Ukrainaga tanklar yetkazib beryapti. Natijada Ukraina hujum pozitsiyasiga o‘tishi ham mumkin. Bungacha G‘arb o‘zini tiyib turgan edi, ya’ni urush Rossiya hududiga o‘tib ketmasligi uchun. Lekin Rossiya tarafi rasmiylar darajasida ham, propaganda darajasida ham bayonotlarini keskinlashtirib boryapti. Putin bayonotida urushning uzoq muddatga cho‘zilishi mumkinligi xaqida gapirdi. Bu bilan dunyo hamjamiyatiga qanday bo‘lmasin maqsadga erishmoqchi ekanini aytdi. Masalan, Rossiyaning sobiq prezidenti Medvedev yadroviy urush bilan tahdid qildi. Propagandachi Solovyov esa Ukrainaga tank bergani uchun endi Germaniya ham bizning nishonga aylandi kabi keskin fiklarni bildiryapti. Ya’ni Rossiya tomonida urushni tugatish niyati yo‘q. Bu holatda G‘arb ham shunga yarasha chora ko‘rishdan boshqa yo‘l topmayapti, menimcha. Ha, u hozircha artilleriya va tanklar bilan cheklanyapti. Rossiyaning urushni to‘xtatish niyati yo‘q, G‘arb va Ukraina esa shu yildayoq to‘xtatish niyatida.
Kamoliddin Rabbimov:
— Nazarimda vaziyat juda murakkab. O‘ylashimcha, urush boshlanishidan oldin Putin yoki Kremlda faqat «A» reja bo‘lgan, boshqalari bo‘lmagan. Ya’ni xuddi Qrim ssenariysi takrorlanadi va Zelenskiy ma’muriyati tezda yiqilib, qochib ketadi, natijada Ukraina egallanadi, degan ssenariy bo‘lgan. Boshqa reja bo‘lmagan. Ekspertlar ayni shu fikrda.
Rossiya bu urushning tarixiy-siyosiy jihatini yutqazib bo‘ldi. Ya’ni butun dunyo hamjamiyati bu urushni adolatsiz deb biladi va Rossiyani qo‘llovchi davlatlar soni juda kam. Hatto uning an’anaviy hamkori bo‘lgan Xitoy va boshqa davlatlar ham o‘zini Rossiyadan uzdi. Rasmiy Pekin katta masofa saqlayapti. Putin dunyo siyosiy maydonida ihotalangan davlatning rahbari bo‘lib qoldi.
Kuchlar nisbatiga keladigan bo‘lsak. Qachonki, kuchlar nisbati 70ga 30 bo‘lsa, psixologik sinish bo‘ladi. Ammo hali bunday vaziyat kuzatilmadi. Hozirda ba’zan Rossiya, ba’zan esa Ukraina tarafida tashabbus bo‘lyapti. To‘rtta hudud qo‘shib olingach, o‘tgan yilning kuzida Ukraina katta tashabbus ko‘rsatgan edi, lekin oxirgi paytda Rossiyada bo‘lyapti bu tashabbus. Ukraina g‘alabaga ishonadi, hatto Qrimni qaytarib olish niyati ham paydo bo‘lmoqda. Lekin Rossiya tarafi ruhan singanicha yo‘q.
Kun.uz:
— Putin oxirgi 10-15 yilda butun Yevropani gaz yetkazib berishni to‘xtatish bilan qo‘rqitib kelardi. Ammo Yevropa qishda uzilishlar, gazni birinchi marta qimmatga sotib olishga majbur bo‘lsa-da, Rossiyaga qaramlikdan qutulib oldi.
Rossiya uchun Yevropa bozori o‘ldi. Xo‘sh, Putin bundan bu yog‘iga e’tiborini, G‘arbga qo‘llagan siyosatini Markaziy Osiyoga nisbatan qo‘llamoqchimi?
Deylik, «Uch tomonlama» gaz ittifoqini bu shantajning bir ko‘rinishi edi desak, Markaziy Osiyo davlatlarining bugungi siyosatidan nimani, qanday javobni anglash mumkin?
Farhod Tolipov:
— Rossiya eksport qiladigan gazning taxminan 80 foizi Yevropaga ketar ekan. Endi bu 80 foizlik gazni boshqa yo‘nalishlarga yo‘naltirish yoki Markaziy Osiyodan o‘tkazishga salohiyati yetadimi, degan savol tug‘iladi. Menimcha, barchasini Markaziy Osiyodan o‘tkazish imkoniyati yo‘q. Lekin qanchadir qismini Markaziy Osiyodan o‘tkazish va bozorini ushlab qolishga intiladi.
Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga qanchalik to‘g‘ri keladi? Biz bunday savollarga javobni Ukrainada bo‘layotgan urushga ko‘ra berishimiz kerak. Urushga ko‘z yummagan holda yondashish kerak bu masalaga. Agar haliyam Yevropaga eksport qilayotganda, bunday taklif bo‘larmidi, degan qo‘shimcha savol bo‘lishi kerak.
Markaziy Osiyo davlatlarining qanchalik gazga ehtiyoji bo‘lmasin, bu taklif Rossiya tomonidan jarangladi. Demak, ko‘proq ularning manfaatiga mos keladigan holatga o‘xshayapti. Yana bir masala: o‘zimizning gazimiz ko‘p ekani aytiladi doim. Shunday ekan, o‘zimiz foydalana olmaymizmi, degan va shu doiradagi savollar avj olyapti ijtimoiy tarmoqlarda. Shuning uchun mutasaddilardan so‘rash kerak tafsilotlarni. Deylik, Rossiya bilan imzolangan shartnoma matnini.
Kun.uz:
— Bugun Rossiya global siyosatda ishtirok etyaptimi yoki chetga chiqib qoldimi?
Farhod Tolipov:
— Global siyosat degani faqat ijobiy jarayon emas, tahdidlar, urushlar, salbiy munosabatlar ham bor unda. Deylik, AQSh yangi milliy xavfsizlik doktrinasida Rossiya AQShga xavf soluvchi davlat sifatida belgilangan. BMT tomonidan Rossiya argessiyasi masalasi ko‘tarilyapti, yadroviy urush haqida gaplar bo‘lyapti. Shu nuqtayi nazardan Rossiyaning harakatlari global o‘lchamdagi jarayon.
Kamoliddin Rabbimov:
— Markaziy Osiyoda qiziq bir holat hozir. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston gaz ishlab chiqaruvchi davlatlar. 2005 yildagi Andijon voqealaridan keyin birinchi ma’muriyat o‘z xavfsizligini o‘ylab geosiyosiy maydonda Rossiyaga nisbatan katta strategik yon bosishlar bo‘ldi.
Hozir Putin siyosiy tuzumi o‘zining hayoti uchun kurashyapti. Ukraina nazoratdan chiqib ketdi, Kavkaz mintaqasi kichik maydon. Post sovet hududida eng katta hudud — Markaziy Osiyo. Putin hokimiyati Markaziy Osiyo davlatlarini gaz yoki boshqa vositalar orqali nazoratda ushlab turish orqali o‘z yashovchanligini ta’minlamoqchi. Ayni paytda Putinda tanlov imkoni yo‘q.
So‘nggi bir yilda Markaziy Osiyoda Rossiyaning geosiyosiy ta’sir salohiyati ancha so‘ndi. Bu tabiiy jarayon. Markaziy Osiyo diplomatiyasi shundan iboratki, agressiv, burchakka qisilgan Rossiyaning resurslari bilan to‘qnashmaslik. Rossiya o‘zining yo‘qotishlarini qoplash uchun qaysidir davlatlarni «chayqatishi» mumkin. Shuning uchun Markaziy Osiyo davlatlari imkon qadar Rossiya sirtmog‘iga tushmaslikka va diplomatiya orqali Rossiya takliflariga yumshoqlik bilan rad javobini berishga harakat qilyapti.
Kun.uz:
— Umuman, so‘nggi yillarda Putin Kavkazni yo‘qotdi, ya’ni Ozarboyjon Rossiya soyasidan yaqinda butunlay chiqib ketadi, Gruziya allaqachon chiqdi, Armaniston ham KXShTdan chiqishni o‘ylamoqda. Markaziy Osiyo ham hozirgi geosiyosiy sharoitdan qanday xulosalar qilishi kerak?
Farhod Tolipov:
— Vaziyat juda ziddiyatli. Sobiq ittifoq davlatlaridan Rossiya tarafida bo‘lganlari deyarli qolmadi. Hatto Belarusda ikkilamchi holatlar sodir bo‘lyapti. Rossiya post sovet hududini yo‘qotyapti. Markaziy Osiyo davlatlari g‘alati holatga tushib qolgan ayni paytda. Rossiya va O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqdoshlik to‘g‘risida bitim imzolagan. Agar bitimlarni ko‘rsangiz, bir-biriga hujum bo‘lganda yordam beradi, kerak holatda harbiy kuchlarni olib kiradi, degan jumlalar bor. Bizda AQSh bilan ham xuddi shunday bitim bor. Ko‘plab davlatlar bilan shunday strategik sheriklik shartnomalari bor bizda. Rossiya bilan 2004 yilda imzolangan. Qariyb 20 yil bo‘libdi, shuncha vaqtda qayerda strategik sherik sifatida harakat qilindi o‘zi? Tabiiy savol tug‘iladi: bizga bu shartnoma kerakmi?
Markaziy Osiyo davlatlarining hozirgi holati va kelajagini tahlil qilganimda bir fikrga kelyapmanki, bu davlatlarda biz zaifmiz, kuchli davlatlar bosimiga dosh berolmaymiz, yo‘q degan javob qaytara olmaymiz, degan bir kompleks bor. Mana shu narsadan voz kechish muammo bo‘lib turibdi. Birlashishdan o‘zga yo‘l yo‘q. Shu yil Markaziy Osiyo davlatlarining beshinchi maslahatlashuv uchrashuvini kutyapmiz. Jiddiy xulosalar qilish vaqti keldi. O‘tgan safargi uchrashuvda Tojikiston va Turkmaniston tomonlari do‘stona qo‘shnichilik bitimiga imzo qo‘ymadi, sababi o‘sha payt Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasida keskinlik bor edi.
Kamoliddin Rabbimov:
— Yuqorida aytilgandek, zaif davlatchilik kompleksi beshta respublikada ham bor. Bundan tashqari ayni paytda beshta respublika ham kutish holatida. Ya’ni bugungi Putin juda agressiv va imperialist. Putinning nazarida post sovet hududidagi davlatlarni Moskva atrofida geosiyosiy qutb sifatida shakllantirish missiyasi bor. Putin shu paytgacha post sovet hududida har xil tashabbuslar orqali Moskva nazoratida bo‘lgan siyosiy maydon shakllantirishga urindi. Bu orqali so‘nib borayotgan Rossiya qudratini ushlab turishga harakat qildi. Hokimiyatga kelgandan beri ham uning eng katta g‘oyasi shu edi.
Aytganimdek, Markaziy Osiyo davlatlarida kutish pozitsiyasi bor deb o‘ylayman. Markaziy Osiyodagi jarayonlar Putin ketgach, albatta, tezlashadi. Putindan keyin keluvchi shaxs imperiyachilikka qanday qaraydi — buni bilmaymiz. Putindan keyingi siyosiy elitada ham qisqargan bo‘lsa-da, imperiyachilikka moyillik bo‘lishi ehtimoli mavjud. Lekin keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaqinlik kuchaymoqda. Deylik, O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga tashrifida integratsiya uchun muhim qadam qo‘yildi. Ikki davlat o‘rtasidagi chegara masalalari ham qolmadi. Putin ketgach, bu jarayonlar tezlashadi. Ammo bugungi kundagi vazifa ikkita: milliy davlatchilikni saqlab qolish va Putin Rossiyasi bilan to‘qnashmaslik.
Har bir davlatning Rossiya bilan munosabatlardagi to‘yinganlik darajasi bir-biridan farq qiladi. Masalan, Qozog‘iston siyosati Rossiya omili bilan nihoyatda to‘yingan, shuning uchun Qozog‘istonda Rossiyani bemalol tanqid qilish bor. O‘zbekistondagi muvozanat boshqacharoq: Rossiyadan masofa saqlayapmiz, umumiy chegaramiz ham mavjud emas. Qozog‘iston, Armaniston yoki Ozorboyjondagi kabi Rossiya tashabbuslariga nisbatan demarshga ehtiyoj yuqori emas. Chunki bizda Rossiyaga u qadar yaqinlashuv yo‘q.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.
Tavsiya etamiz
“O‘rgimchak to‘ri”: Ukraina qo‘lidagi kartalardan birini ochdi
Jahon | 21:12 / 04.06.2025
Dunyoda faqat bir mamlakat o‘zini oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlashi ma’lum bo‘ldi
Jahon | 18:47 / 04.06.2025
Islandiya sobiq prezidenti milliy bog‘ga gid bo‘lib ishga joylashdi
Jahon | 21:25 / 03.06.2025
Urushlar endi o‘zgacha: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi haqida
Jahon | 22:27 / 02.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
«U aqldan ozdi». Tramp va Mask tortishuvi yangi darajaga chiqdi - onlayn jang real vaqtda davom etmoqda
Jahon | 02:05
-
Balida sig‘imi 1 litrdan kichik suv idishlarni ishlab chiqarish taqiqlandi
Jahon | 01:03
-
Prezident Kapadzega qo‘ng‘iroq qilib, futbolchilarni mundial yo‘llanmasi bilan tabrikladi - video
Sport | 00:48
-
Qozog‘iston uzra noma’lum obektlar. Mudofaa vazirligi bayonot berdi
Jahon | 00:15
Mavzuga oid

23:27 / 05.06.2025
Rossiyada ingliz tilidan IELTS imtihonini topshirganlarni qamash boshlanadi

20:36 / 05.06.2025
Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan bola O‘zbekistonga qaytarildi

19:32 / 05.06.2025
Rossiyada barcha noutbuklarga mahalliy operatsion tizim o‘rnatish majburiyati yuklanadi

18:23 / 05.06.2025