O‘zbekiston | 15:37 / 15.06.2023
9452
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan’s club nodavlat notijorat tashkilot sifatida Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tdi

"O'zbekistonlik" loyihasi bilan ko‘plab yoshlar orasida mashhurlikka erishgan Uzbekistan’s club loyihasi Adliya vazirligi tomonidan nodavlat notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tganini e’lon qildi.

Foto: Uzbekistan’s club

Uzbekistan’s club – xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan o‘zbekistonliklarni bir yerga jamlash maqsadida yaratilgan global platforma bo‘lib, sifatli kontent orqali yoshlarga motivatsiya ulashishni o‘z oldiga maqsad qilgan loyiha hisoblanadi. Tashkilot xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan aloqa o‘rnatish, dunyo bo‘ylab turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar haqida eksklyuziv loyihalarni tayyorlash va ular bilan doimiy aloqada bo‘lib turish imkonini beruvchi muloqot platformasi kabi ko‘plab loyihalarni boshlagan va hozirgi kunda muvaffaqiyatli tarzda davom ettirib kelmoqda.

Uzbekistan’s club nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lgach, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini yanada kengaytirganini ma’lum qildi. Endilikda tashkilot o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ydi, jumladan:

- xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan aloqa o‘rnatish;

- dunyo bo‘ylab turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar haqida eksklyuziv va yuqori sifatli audiovizual kontent yaratish;

- jahon hamjamiyati vakillarini buyuk ajdodlarimizning boy madaniy merosi va dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirib borish maqsadida xizmat qiluvchi maydon yaratish kabi yoshlarbop va mamlakat imijini yuqoriga ko‘tarishni maqsad qilgan.

Tashkilotning rasmiy sayti (https://uzbekistans.club/uz/about-us)da barcha loyihalar va yaqin kelajakdagi rejalar bilan batafsil tanishish mumkin.

Mavzuga oid