Jahon | 09:51 / 06.01.2024
7975
3 daqiqa o‘qiladi

Nepal o‘z fuqarolariga Rossiya va Ukrainada ishlashga ruxsat bermayapti

Katmandudagi hukumat Rossiya tomonida jang qilgan hamda Nepaldan bo‘lgan kamida 10 nafar yollanma askar Ukrainada o‘ldirilganidan keyin shunday qarorga keldi, deb xabar bermoqda OAV.

Nepal hukumati o‘z fuqarolariga Rossiya va Ukrainada ishlash uchun ruxsatnomalar berishni to‘xtatdi, deb xabar berdi OAV 5 yanvar, juma kuni. Katmandudagi hukumat Ukrainada Rossiya tomonida jang qilgan va Nepaldan kelgan kamida 10 nafar yollanma askar halok bo‘lgani haqidagi ma’lumot tasdiqlanganidan keyin shunday qarorga keldi. «O‘tgan yilning dekabr oyi boshida Ukrainada Rossiya tomonida jang qilgan olti Nepal fuqarosi halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi, keyinroq ularning soni 10 nafarga yetdi. Shuningdek, bir nepallik Ukraina harbiylari tomonidan asirga olingan va Katmandu hozir uni ozodlikka chiqarishga harakat qilmoqda», — deyiladi xabarda. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni Ukrainadagi urushda qatnashmaslikka chaqirdi.

Shuningdek, Nepal o‘z fuqarolariga xorijda ishlash uchun ruxsatnomalar berayotgani, bunda ularning tinch kasblar bo‘yicha ishga joylashishi maqsad qilingani ta’kidlangan. Nepal qonunlari fuqarolarga boshqa mamlakatlar armiyasida xizmat qilishni taqiqlaydi, bir nechta do‘st davlatlar, xususan Hindiston va Buyuk Britaniya bundan mustasno. 

Rossiya tomonida kamida 200 nepallik jang qilmoqda 

Nepal rasmiylariga ko‘ra, nepallik kamida 200 nafar yollanma askar hozir Ukrainada Rossiya armiyasi tarkibida jang qilayotgan bo‘lishi mumkin. Tashqi ishlar vaziri Narayan Prakash Saudning aytishicha, 100 kishining qayerdaligi hozircha noma’lum. Katmandu allaqachon Moskvadan nepalliklarni yollashni bas qilishni va yollanganlarni vataniga qaytarishni talab qilgan. 

Oktyabr oyida The New York Times (NYT) rus armiyasi bilan shartnoma imzolagan va Ukraina bilan urushga kirgan o‘nlab nepalliklar haqida xabar bergan edi. Ularning ko‘pchiligi, gazeta yozishicha, mamlakatdagi qashshoqlik va ishsizlik tufayli shunday qilgan. Shu bilan birga, NYT ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi nepalliklar Rossiyaga qarshi xorijiy legionlarda jang qilish uchun Ukrainaga ham yo‘l olyapti.

Nepalda Rossiya armiyasiga yollash bilan shug‘ullanganlar ushlandi

Nepal politsiyasi dekabr oyi boshida ma’lum qilishicha, rasmiylar 12 kishini yosh yigitlarni Rossiya armiyasi uchun jang qilishga yuborganlikda ayblab qo‘lga olgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar nepalliklarni Hindiston va BAA orqali Rossiyaga jo‘natgan. «Bu tarzda qancha odam yuborilgani noma’lum, ammo tergov davom etmoqda», dedi politsiya vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngillilarning har biriga Rossiyaga jo‘natish uchun 8500 dollargacha pul to‘langan. 

Mavzuga oid