Jahon | 01:11 / 19.01.2024
9287
2 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu Falastin davlatchiligi g‘oyasini rad etadi

Isroil bosh vaziri bu boradagi pozitsiyasini AQSh e’tiboriga havola etdi.

Foto: Reuters

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azo sektoridagi harbiy operatsiya yakunlanganidan keyin Falastin davlatini yaratish imkoni yo‘qligini aytdi va bu pozitsiyasini AQSh rasmiylariga yetkazdi.

«Kelajakdagi har qanday kelishuvlarga ko‘ra... Isroilga Iordan daryosining g‘arbiy qismidagi barcha hududda xavfsizlik nazorati kerak. Bu [Falastinning] suverenitet g‘oyasiga ziddir. Xo‘sh, biz nima qila olamiz? Bosh vazir do‘stlarga «yo‘q» deyishga qodir bo‘lishi kerak», dedi u.

Shu bilan birga, The Times of Israel nashrining yozishicha, Netanyahu bunday siyosat Isroilning arab davlatlari bilan munosabatlarini yaxshilashda davom etishiga to‘sqinlik qilmasligini ta’kidlagan.

U, shuningdek, Isroil HAMAS guruhi to‘liq mag‘lub bo‘lgunga qadar va maqsadlariga erishmaguncha unga qarshi kurashni davom ettirishini aytdi, garchi «g‘alaba uchun ko‘p oylar kerak bo‘lsa-da». Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodan Isroilga hech qachon tahdid kelmasligini ta’minlash kerak.

Netanyahuning ta’kidlashicha, operatsiyani hozir to‘xtatish «Isroilning keyingi avlodlari xavfsizligiga zarar yetkazadi» va muxoliflarga mamlakat zaifligini ko‘rsatadi.

18 yanvar kuni Davosdagi forumda so‘zga chiqqan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqdagi vaziyatni barqarorlashtirishi va uzoq muddatda Isroil xavfsizligini kafolatlashini tushuntirgan edi. Shu bilan birga, davlat kotibining ishontirishicha, Isroilning boshqa mintaqa davlatlari bilan integratsiyalashuvi Eron va unga bo‘ysunuvchi kuchlarni, jumladan husiylarni ham yakkalab qo‘yadi. Shu bilan birga, Blinken Isroil bu imkoniyatdan foydalanish kerakligi yoki yo‘qligini o‘zi hal qilishi lozimligini ta’kidladi.

Mavzuga oid