Jahon | 21:32 / 31.01.2024
7599
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xon korrupsiyada ayblanib, 14 yilga qamaldi 

Avvalroq, u davlat sirini oshkor qilganlikda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 

Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibi / Foto: AP

Pokiston sudi sobiq bosh vazir va «Tahriki-Insof» partiyasi asoschisi Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibini korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda mahalliy Dawn gazetasi xabar berdi. 

Sobiq bosh vazirga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Tushaxona davlat g‘aznasida saqlangan qimmatbaho buyumlarni sotish bilan bog‘liq. Xon va uning rafiqasiga 10 yilga davlat lavozimlarida ishlash taqiqlandi va har biri 787 million rupiy (9,4 million dollar) miqdorida jarimaga tortildi. 

Hukm 8 fevralga belgilangan umumiy saylovlardan sakkiz kun oldin chiqarildi. Endi Imron Xon saylovlarda ishtirok etolmaydi. 

30 yanvar kuni Imron Xon va Pokistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy davlat sirlari haqidagi qonunni buzganlikda ayblanib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. 

Tushaxona boshqa davlatlar vakillari tomonidan taqdim qilingan sovg‘alar ombori bo‘lib, Pokiston Vazirlar Mahkamasi nazorati ostida bo‘ladi. Davlat mulozimlari qiymati 30 ming rupiydan (100 dollardan sal ko‘proq) ortiq bo‘lgan sovg‘alarni Toshaxonaga topshirishi kerak. Agar o‘zida saqlab qolishni istasa, qiymatining 20 foizini to‘lashi kerak.  

Xon o‘ziga berilgan sovg‘alarni yashirganlikda ayblangan. Vazirlik davrida u xorijlik yetakchilar va siyosatchilardan 108 ta sovg‘a olgan, biroq 58 tasini o‘zi uchun saqlab qolgan, deb yozdi Dawn. Ularning qiymati ham kam baholangan. 

Imron Xon 2018 yildan 2022 yilgacha Pokiston hukumatini boshqargan edi. 

Mavzuga oid