Bollivud yulduzi Saif Ali Xon o‘z uyida pichoqlandi
U og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi va operatsiya qilindi.

Foto: AFP
Hindistonlik mashhur aktyor Saif Ali Xon kechasi o‘z uyida pichoqlandi, so‘ngra jarrohlik amaliyotidan o‘tdi va hozir uning hayoti xavf ostida emas. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Xon 16 yanvar kuni tunda Hindistonning Mumbay shahridagi uyiga kirgan noma’lum erkak bilan janjallashgan va pichoqlangan. Politsiya hodisani tergov qilish uchun ishchi guruh tuzgani ta’kidlanmoqda.
«Xon operatsiyadan chiqdi va xavf ostida emas. Hozir u shifokorlar nazorati ostida tiklanmoqda», deyiladi aktyor jamoasi bayonotida.
Xon yotqizilgan Lilavati shifoxonasi doktori Nitin Dange jarrohlik amaliyotidan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda aktyor «umurtqa pog‘onasiga pichoq urilgani sababli ko‘krak orqa miya og‘ir jarohati olganini» aytdi. «Pichoqni olib tashlash va oqayotgan orqa miya suyuqligini tiklash bo‘yicha operatsiya o‘tkazildi. Uning chap qo‘lidagi yana ikkita, bo‘ynidagi yana bir chuqur jarohati plastik jarrohlar guruhi tomonidan davolandi», dedi u.
Xon Bollivud yulduzi Karina Kapur Xonga uylangan va ikki farzandi bor. Oila hali hech qanday bayonot bermadi, biroq Xonning jamoasi ular xavfsiz ekanini aytdi.
Hujum tafsilotlari hozircha aniq emas. Politsiyaning aytishicha, aktyorning uyiga «noma’lum erkak» kirgan. Xonning jamoasi hodisa «talonchilikka urinish» ekanligini aytdi, ammo tafsilotlarni oshkor qilmadi.
Saif Ali Xon 1970 yilda tug‘ilgan, 1993 yilda Bollivudda debyut qilgan. Uning mashhur filmlari orasida «Oshiq qalblar» va «Ertangi kun keladimi» kabi romantik komediyalar, shuningdek, «Tanhaji» va boshqa jangovar filmlar bor.
Xonning rafiqasi Karina Kapur Bollivudda qariyb bir asr davomida ishlab kelayotgan mashhur aktyorlar, rejissyorlar va prodyuserlar oilasidan chiqqan.
Mavzuga oid

21:17 / 23.05.2025
Hindistonda kuchli yomg‘ir oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘ldi

21:32 / 21.05.2025
Hindistonda firibgar kelin yetti oyda 25 nafar kuyovni aldadi

22:08 / 20.05.2025
Hindistonda may boshidan beri 8 kishi yo‘lbarslar hujumi qurboniga aylandi

00:15 / 20.05.2025