Britaniya Rossiya maxsus xizmatlarini 10 mingga yaqin kamerani buzib kirganlikda aybladi
Razvedka bosh boshqarmasi hakerlari Kiyevga yetkazilayotgan G‘arb yordamlarini kuzatish uchun Ukraina va Yevropa davlatlaridagi kameralarni buzib kirish bilan shug‘ullangan.

Foto: AP
Buyuk Britaniya hamda uning ittifoqchilari razvedka xizmatlari Rossiya Razvedka bosh boshqarmasining APT 28 yoki Fancy Bear nomi bilan tanilgan bo‘linmasini videokuzatuv kameralaridan foydalanishga uringanlikda aybladi. Ular Ukrainaga yetkazilayotgan G‘arb yordamini kuzatib, yetkazmalarga xalaqit berishga uringan, deb yozadi The Guardian.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyalik hakerlar 2022 yildan beri NATOga a’zo mamlakatning xususiy va davlat tashkilotlariga qarshi kiberkampaniyalar olib bormoqda.
Buyuk Britaniya Milliy kiberxavfsizlik markazi AQSh va Yevropa davlatlari agentliklari hamkorligida tayyorlagan hujjatda aytilishicha, hakerlar Ukrainaga yetkazilayotgan tovarlarni kuzatish uchun kuzatuv kameralari, shuningdek, yo‘l kameralarini buzib kirgan. Gap chegara o‘tish joylari yaqinidagi, harbiy obektlar va temiryo‘l stansiyalaridagi 10 ming kamera haqida ketmoqda. Buzib kirilgan kameralarning 80 foizi Ukrainada, 10 foizi — Ruminiyada, 4 foizi — Polshada, 2,8 foizi — Vengriyada va 1,7 foizi — Slovakiyada joylashgan. Qolganlar kameralar qayerda joylashgani ma’lum qilinmagan.
Hakerlar bundan tashqari, Kiyevga yetkazilayotgan G‘arb yordamlariga, jumladan, poyezdlar jadvali va yuk xatlariga oid maxfiy ma’lumotlarni to‘plashning boshqa harakatlarini ham amalga oshirgan. Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, ular pornografiyali fishing xatlar va soxta hujjatlarni tarqatgan, shuningdek, tizimlarga kirish uchun parollarni o‘g‘irlagan.
Buyuk Britaniya Milliy kiberxavfsizlik markazi Ukrainaga yordam yetkazishda ishtirok etayotgan xususiy kompaniyalar «zudlik bilan himoya choralarini ko‘rishga» chaqirmoqda.
APT 28 yoki Fancy Bear hakerlar guruhi Razvedka bosh boshqarmasining 85-maxsus xizmatlar bosh markazi yoki «GRU»ning 26165-sonli bo‘linmasi nomi bilan ham tanilgan.
Fancy Bear hakerlari Demokratlar partiyasi Milliy qo‘mitasi serverlarini va AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klintonning elektron pochtasini ham buzganlikda ayblanadi. Shuningdek, ular Bundestag va Germaniya Sotsial-demokratlar partiyasiga, Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga kiberhujumlar uyushtirgan.
2020 yilda Yevroittifoq Razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukov hamda uning nazorati osti bo‘lgan 85-maxsus xizmatlar bosh markaziga qarshi sanksiyalar joriy etgandi.
Mavzuga oid

00:21 / 07.06.2025
Buyuk Britaniyada 700 yil oldin amalga oshirilgan qotillik fosh etildi

20:14 / 06.06.2025
Qozog‘iston harbiylari Buyuk Britaniyada tayyorgarlikdan o‘tadi

22:15 / 03.06.2025
Britaniya Abramovichdan «Chelsi»ni sotishdan tushgan mablag‘ni Ukrainaga berishni talab qildi

18:41 / 02.06.2025