3 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar 10 foizga oshiriladi, Jizzaxda firibgarlikda gumonlanayotgan «metallolom»chi qo‘lga olindi, Prezident Bo‘rijarda cho‘kayotgan qizlarni qutqarib halok bo‘lgan fuqaroni mukofotladi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar oshiriladi
Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshiriladi.
Xususan, yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 918 ming so‘m, nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori — 1 million 12 ming so‘m, kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori esa 420 ming so‘m etib belgilanadi.
1 avgustdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi.
Hozirda 375 ming so‘mni tashkil etayotgan bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘m deb belgilanadi. Shu sanadan boshlab, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 271 ming so‘mni tashkil etadi.
Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi ko‘rsatilgan.
2030 yilgacha 1,5 million gektarda o‘rmonlar barpo etiladi
«O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, o‘rmon fondi resurslaridan samarali foydalanishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Unga ko‘ra, 2030 yilgacha 1,5 million gektarda o‘rmonlar barpo etiladi. Shuningdek, 9,2 ming tonna daraxt va buta urug‘larini tayyorlash hamda 919 million dona nihol va ko‘chatlarni yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi «O‘rmontexnoservis» davlat unitar korxonasi negizida «O‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi» davlat muassasasi tashkil etiladi.
Markaz «Aqlli o‘rmon xo‘jaligi» axborot platformasining yagona operatori hisoblanadi. U o‘rmon resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, ularning holatini real vaqt rejimida monitoring qilish; o‘rmon xo‘jaligi sohasi faoliyati zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali samarali boshqarilishini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Jizzaxda «metallolom»chi qo‘lga olindi
Turli viloyatlarda yashovchi ko‘plab insonlarni chuv tushirib ketgan jizzaxlik Shohrux Abdunazarov qo‘lga olindi.
Jizzax viloyati IIBning Kun. uz’ga ma’lum qilishicha, 1999 yilda tug‘ilgan Shohrux Abdunazarov 2025 yil 2 iyun kuni ichki ishlar tergov bo‘limi xodimlari tomonidan ushlanib, qamoqqa olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining «firibgarlik» moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Kun.uz oldinroq Shohrux Abdunazarovning firibgarlik sxemasi haqida surishtiruv e’lon qilgandi. 26 yoshli yigit OLX platformasi orqali eski og‘ir vaznli transport vositalarini topib, oldindan 5-10 million so‘m bergan holda nasiyaga sotib olgan. So‘ngra ularni metallolomga topshirib, pullab yuborgan.
Jizzax viloyati IIB matbuot kotibi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, Shohrux Abdunazarovga nisbatan joriy yil 2 may kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini, uni majburiy keltirish choralari ko‘rilayotganini, agar bu samara bermasa sirtdan qamoqqa olish chorasi ko‘rilib, qidiruv e’lon qilinishini ma’lum qilgandi.
Prezident Bo‘rijarda cho‘kayotgan qizlarni qutqarib halok bo‘lgan fuqaroni mukofotladi
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Bo‘rijar kanalida cho‘kayotgan qizni qutqarayotib halok bo‘lgan Abdumannop Samiqovni «Jasorat» medali bilan mukofotlash to‘g‘risida farmon imzoladi.
Shuningdek, qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan Bo‘rijar sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasoliyev ham «Jasorat» medali bilan taqdirlandi.
May boshlarida Yakkasaroy tumanida yashovchi ikki nafar qiz kanalga tushib ketgandi. Buni ko‘rgan Abdumannop Samiqov o‘zini suvga tashlab, norasidalar hayotini saqlab qolgan. Ammo uning o‘zi qahramonlarcha halok bo‘lgan.
«Davlatimiz rahbari bu jasorat tarixini yuragiga yaqin olib, avvalo, marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirdi», — deb yozadi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Mavzuga oid

22:31 / 04.06.2025
Nexia ostida qolgan ayol, 361 kg eshak go‘shti va korrupsioner hokim yordamchilari - 4 iyun yangiliklari

21:59 / 02.06.2025
2 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:30 / 30.05.2025
30 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:14 / 29.05.2025