O‘zbekiston | 22:39 / 29.07.2025
3485
4 daqiqa o‘qiladi

Sherali Jo‘rayev oliy maktabi, Samarqandda 7 tonna palov va Buloqboshidagi ekologik fojia – mahalliy dayjest

Andijonda Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi. Samarqanddagi xalqaro festivalda 7 tonna palov tayyorlanadi. Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidagi kanalga neft oqib ketdi. Xususiy universitetlarga sirtqi ta’limga kirishning korrupsion yo‘li paydo bo‘lgani aniqlandi. Aholidan suyultirilgan gaz uchun 2,2 mlrd so‘m asossiz haq olindi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, Botir Zokirov memorial muzeyini tashkil etish, Botir Zokirov nomidagi stipendiya joriy qilish, xalqaro estrada tanlovini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Andijon shahridagi san’at maktabi negizida Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi. Har yili Sherali Jo‘rayev nomidagi milliy qo‘shiqchilik teletanlovi o‘tkaziladi. Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tuzilib, Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarining «oltin fondi» yaratiladi.

Samarqanddagi xalqaro festivalda 7 tonna palov tayyorlanadi

Shu yilning 1-3 avgust kunlari Samarqandda o‘zbek taomlarini ommalashtirish va madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida birinchi «Samarqand palovi» xalqaro festivali bo‘lib o‘tadi.

Festivalning asosiy tadbiri 200 nafardan ortiq oshpaz ishtirokida 7 tonna palov tayyorlash bo‘ladi. Tadbir 3 avgust kuni «Boqiy shahar» tarixiy-etnografik bog‘i hududida o‘tkaziladi.

Shuningdek, festivalda oshpazlik tanlovlari va mahalliy retseptlar taqdimoti, xorijlik oshpazlar ishtirokida master-klass bo‘lib o‘tadi.

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidagi kanalga neft oqib ketdi

Ekologik fojiaga «Sanoat energetika guruhi» neftni qayta ishlash korxonasidagi avariya sabab bo‘lgan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi holat to‘liq bartaraf etilgani haqida xabar berdi. Ta’kidlanishicha, tabiatga yetkazilgan zarar va ta’sir choralari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Xususiy universitetlarga sirtqi ta’limga kirishning korrupsion yo‘li paydo bo‘lgani aniqlandi

Bu yil davlat va xususiy oliygohlarda sirtqi ta’limning 1-kursiga qabul bo‘lmaydi. Natijada xususiy universitetlarning 2-, 3-, 4- va hatto 5-kursiga sirtqi ta’limga qing‘ir yo‘llar bilan qabul qilish avj olgan. Yil boshidan beri HEMIS tizimida 26 ming nafar talaba sirtqi ta’limga qo‘shilgan. Shundan 4800 nafari – ikkita xususiy oliygohga to‘g‘ri keladi.

Aholidan suyultirilgan gaz uchun 2,2 mlrd so‘m asossiz haq olingani aniqlandi

Raqobat qo‘mitasiga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha qariyb 19,5 mingta murojaat kelib tushgan. Shuningdek, aholidan 2,2 mlrd so‘mga yaqin asossiz haq olingani aniqlangan.

Qayd qilinishicha, hududiy gaz ta’minoti korxonalari bu xizmatlarni ko‘rsatishda qonunchilik talablarining buzilishiga yo‘l qo‘ygani sababli, iste’molchilarga ortiqcha olingan mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish choralari ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid