O‘zbekiston | 23:47 / 28.07.2025
4453
5 daqiqa o‘qiladi

Ijro nazoratining kuchaytirilishi, Samarqanddagi «qo‘ziqorin uy», suvga cho‘kish fojialari – mahalliy dayjest

Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosi nazorati kuchaytiriladigan bo‘ldi. Samarqandda noqonuniy deb topilgan 12 qavatli «qo‘ziqorin uy»ni buzish boshlandi. Qoraqalpog‘istonda bir oilaning uch a’zosi, Namanganda ikki o‘smir suvga cho‘kdi. Toshkentda hujjatlari to‘liq bo‘lmagan 59 ta uy-joy qurilishi to‘xtatildi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Prezident farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosi nazorati kuchaytiriladi

«Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi. Unda davlat organlari va tashkilotlari, hamda boshqa tashkilotlarda ijro intizomini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Jumladan, qonunlar, O‘zbekiston prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlari joriy qilinadi. Hududlarda islohotlar natijadorligini o‘rganish va ijro intizomini mustahkamlash ishlari tashkil etiladi. Davlat organlari va tashkilotlarda ijroni tashkil etishda birinchi rahbarlarning mas’uliyati oshiriladi. Ijro intizomini nazorat qilish jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinadi.

Samarqandda noqonuniy deb topilgan 12 qavatli «qo‘ziqorin uy»ni buzish boshlandi

Furqat Xalilov tomonidan qurilgan va mutaxassislar tomonidan seysmik xavfli deb topilgan 12 qavatli nostandart imoratni buzish boshlandi: bu haqdagi sud qarorini ijro etishga kirishilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bino qurilish me’yorlariga javob bermaydi, xavfli va seysmik jihatdan yetarli darajada barqaror emas.

Bino egasi ijtimoiy tarmoqlarda yana murojaat bilan chiqdi. U 10 yildan ortiq mehnati va kiritgan sarmoyasi yo‘qqa chiqmoqda, deb hisoblaydi.

Qoraqalpog‘istonda bir oilaning uch a’zosi, Namanganda ikki o‘smir suvga cho‘kdi

Qoraqalpog‘istonning Aqchako‘l suv havzasida 36 yoshli ayol hamda uning 10 va 13 yoshli qizlari cho‘kib ketdi. Oila a’zolari ko‘lga shaxsiy qayig‘i bilan tushgan. Biroq, ta’kidlanishicha, ko‘l o‘rtasiga borganda ehtiyotsizlik oqibatida halokat ro‘y bergan, qayiqdagi faqat bir kishi – ota tirik qolgan. Holat yuzasidan jinoiy ish ochildi.

Namangandagi «Shimoliy Farg‘ona» kanaliga cho‘milishga tushgan olti boladan 2 nafari cho‘kib ketdi. 16 yoshli bolalardan birining jasadi oradan 3 kun o‘tib topildi. Ikkinchisini Namangan, Chust va Pop tumanlari bo‘ylab qidirish davom etmoqda.

Toshkentda hujjatlari to‘liq bo‘lmagan 59 ta uy-joy qurilishi to‘xtatildi

So‘nggi oylarda Toshkentda ayrim quruvchilar tomonidan qurilish me’yorlari va qonunchilik talablari buzilishi holatlari ko‘plab aniqlandi. Ba’zilari zarur ruxsat beruvchi hujjatlar, ekspertiza xulosalari va texnik ma’lumotnomalarni olmasdan qurilishni boshlab, fuqarolarga noqonuniy ravishda uy-joy sotishga uringan. Bunday xatti-harakatlar oqibatida ayrim fuqarolar jamg‘armalarini yo‘qotib, uy-joysiz qolmoqda.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahar hokimligi vakolatli tuzilmalar bilan hamkorlikda bu masalada qat’iy va prinsipial pozitsiyani egallagan. Poytaxtning bir qator tumanlarida to‘liq hujjatlar to‘plamiga ega bo‘lmagan 59 ta obektda qurilish ishlari butunlay to‘xtatilgan, obektlar elektr ta’minotidan uzib qo‘yilgan.

Toshkent viloyati, Parkent tumanida Koreya andozalari asosida «Chashma» etno-qishlog‘i tashkil etildi

Janubiy Koreyaning Geongsangbuk-do viloyatida joylashgan mashhur Andong Xaxve folklor qishlog‘i andozasida tashkil etilgan loyihadan asosiy maqsad hududning betakror tabiati va etnografik xususiyatlarini asrab-avaylash, shu orqali ichki va tashqi turizmni rivojlantirish ekani ta’kidlanmoqda.

Ochilish marosimida mehmonlar uchun folklor san’ati chiqishlari, milliy liboslar namoyishi va rassomchilikka oid tasviriy san’at ko‘rgazmalari tashkil etildi. Mahalliy va xorijiy OAV vakillari, shu jumladan, Janubiy Koreyaning Move jurnali ijodiy guruhi uchun esa Parkent tumani bo‘ylab press-tur tashkil qilindi.

Marg‘ilonda 35 mln dollarlik City qurilishi boshlandi

Margilan City Mall&Residence majmuasi shaharning janubi-g‘arbiy qismidagi Navro‘z mahallasida barpo etiladi va Yangi O‘zbekiston massivining tarkibiy qismiga aylanadi. Qayd etilishicha, hududda savdo majmuasi, shuningdek, 12, 14 va 16 qavatli 11 ta turar joy binosi qurilishi rejalashtirilgan. Ularda jami 785 ta xonadon bo‘ladi. Bundan tashqari, aholi uchun savdo markazi, bolalar o‘yin maydonlari va avtomobil to‘xtash joyi ham quriladi. Loyiha qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 35 mln dollarga baholangan.

Mavzuga oid