O‘zbekiston | 21:58 / 05.06.2025
1700
5 daqiqa o‘qiladi

5 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Yangi o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlandi, Qozog‘iston bilan chegaradagi tirbandlik bartaraf etildi, Toshkent-Islomobod yo‘nalishida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlandi

Bugun, 5 iyundan 2025–2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlandi.

Abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra, test sinovi natijasida to‘plagan balliga asosan dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.

Oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi.

Qabul jarayonining birinchi bosqichida abituriyentlar 5 iyundan 25 iyungacha test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini, shuningdek, kirish imtihonlari tarkibida kasbiy-ijodiy imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi.

Ikkinchi bosqichda esa abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.

Oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlamagan abituriyentlar yakuniy tanlovga qo‘yilmaydi.

Professional ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar professional ta’lim muassasasini, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.

Toshkent metropoliteni Qurbon hayiti kuni soat 10:00 gacha bepul ishlaydi

«Toshkent metropoliteni» Qurbon hayiti bayrami kunlari poyezdlar qatnovi hamda metro ish vaqti bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 6 iyun – Qurbon hayiti kuni yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent metropoliteni odatdagidan ikki soat oldin, ya’ni tonggi soat 03:00 dan ish faoliyatini boshlaydi. Bundan tashqari, Qurbon hayiti bayrami kunida Toshkent metropoliteni soat 03:00 dan 10:00 ga qadar yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasiga ko‘ra, Toshkent shahridagi jome masjidlarda ertalab soat 05:10 da Qurbon hayiti namozi o‘qiladi.

Chegaradagi tirbandlik bartaraf etildi

Toshkent viloyatidagi «Navoiy» chegara bojxona postida O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari mas’ullarining sayyor uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar asosiy e’tiborni shu kunlarda o‘zbek-qozoq chegara o‘tkazish punktlarida kuzatilayotgan yengil avtotransport vositalari tirbandligini tezkor bartaraf etishga qaratishdi.

Uchrashuv davomida tirbandlikni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida qo‘shimcha kuch va vositalarni safarbar etishga kelishib olindi.

Shuningdek, «Navoiy» chegara bojxona postida chiqish yo‘nalishida yengil avtomobillar harakati kamligi sababli ushbu yo‘nalish orqali O‘zbekistonga kirishdagi yengil avtomobillarning harakati yo‘lga qo‘yildi.

«Ko‘rilgan choralar natijasida mazkur postda tirbandlik to‘liq bartaraf etildi», — deyiladi Bojxona qo‘mitasi xabarida.

Toshkent-Islomobod yo‘nalishida aviaqatnovlar boshlanadi

Islomobod shahrida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumi tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev kirish nutqi bilan ochib berdi. «O‘zbekiston Pokistonning yaqin hamkori. Biroq hozirgi 400 million dollarlik savdo aylanmasi bizning salohiyatimizni to‘liq aks ettirmaydi. Biz bu ko‘rsatkichni besh barobar oshirishimiz mumkin», – dedi diplomat.

Ma’ruzada, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik uchun ustuvor bo‘lgan bir qator sohalarga to‘xtalib o‘tildi. Qishloq xo‘jaligi va agrosanoat, to‘qimachilik va terini qayta ishlash sanoati, energetika, farmatsevtika, turizm, ta’minot zanjirlari va mintaqaviy bog‘liqlik tarmoqlarini istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi bugungi kunda haftasiga ikki marta Toshkent-Lahor yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirayotgani, 14 iyundan boshlab Toshkent-Islomobod yo‘nalishida ham aviaqatnovlar boshlanishi ma’lum qilindi. Shu bois Pokiston aviakompaniyalariga ham O‘zbekistonga yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.

Mavzuga oid