Jahon | 22:34 / 10.06.2025
6922
15 daqiqa o‘qiladi

Los-Anjyelesdagi tartibsizliklar: xalqni qo‘zg‘atgan mish-mishlar, Trampning o‘jarligi va hozir nima bo‘layotgani haqida

O‘tgan hafta oxirida Los-Anjyelesda immigratsiya xizmati o‘tkazgan reydlar ortidan boshlangan ommaviy tartibsizliklar tina boshladi. Biroq, dam olish kunlari shaharda politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi, ular avtomobillarni yoqish, talonchilik va hibsga olish bilan birga davom etdi. AQSh prezidenti Donald Tramp shaharga Milliy gvardiyaning minglab harbiy xizmatchilarini yubordi, bu esa siyosiy mojaroga sabab bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Bu qanday boshlangandi: hibsga olish va mish-mishlar

Donald Trampning saylovoldi va’dalaridan biri noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish edi va Oq uyga qaytgach, prezident va’dasini bajarishga kirishdi. Xabarlarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati federal agentlarga kuniga 3 ming kishini hibsga olish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

AQSh Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) – AQShda noqonuniy bo‘lgan odamlarni aniqlaydigan, hibsga olish va deportatsiya qilishni amalga oshiradigan federal agentlik.

Prezident Trampning ikkinchi muddati boshlanishi bilan idora agentlari tomonidan amalga oshirilgan hibsga olishlar soni keskin ko‘paydi: CBS ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyidan beri bu miqdor 100 mingdan oshgan.

ICE ma’lumotlariga ko‘ra, juma kuni Los-Anjyelesdagi qurilish maydonchasida o‘tkazilgan shunga o‘xshash operatsiyalardan birida 44 nafar noqonuniy muhojir qo‘lga olingan. Yana 77 kishi shu kuni shahar atrofida ushlangan.

Tartibsizliklar Los-Anjyeles chekkasidagi Paramaunt shaharchasida boshlangan

Xuddi shu kuni Los-Anjyeles janubi-sharqidagi Paramaunt tumanida (aholisining 82 foizdan ortig‘ini lotin amerikaliklar tashkil qiladi) Home Depot do‘konlar tarmog‘i filialida reydlar va ishchilarning hibsga olinishi haqida mish-mishlar tarqala boshladi.

Tuman aholisi vakillari ICE xodimlarining mashinalarini ko‘rganini aytdi.

Keyinchalik AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi Home Depot’dagi reydlar haqidagi xabarlarni rad etdi, ammo mish-mishlar keng tarqalib ketgandi: shaharda norozilik namoyishlari boshlandi, ular tezda zo‘ravonlik harakatlariga aylandi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ICE inspektorlari o‘z reydlari davomida ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, ICE agentlari Xalqaro xizmat ko‘rsatish xodimlari kasaba uyushmasi prezidenti Devid Uertani qo‘lga olgan, u, kasaba uyushmasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, «Birinchi tuzatish huquqidan foydalangan – huquqni muhofaza qilish organlarining harakatlarini kuzatish va hujjatlashtirish». Qo‘lga olish jarayonida u yaralangan.

Paramauntda namoyishchilar bilan to‘qnashuvda Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) va Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) agentlari ishtirok etdi.

Shundan keyin shahar markazida 300 dan ortiq namoyishchi yig‘ilgan va rasmiylar u yerga politsiyachilarni yuborgan. Yig‘ilganlarga kechqurungi soat yettiga qadar tarqalish taklif etilgan, ammo vaziyat keskinlashishda davom etgan.

Shundan keyin voqealar rivoji qanday kechdi: Trampning aralashuvi

Juma

Juma kuni tushdan keyin Los-Anjyeles markazidagi Federal bino oldida to‘plangan reydlarga qarshi bo‘lganlar politsiyachilarga beton bo‘laklarini uloqtira boshlaganida, huquq-tartibot idoralari xodimlariga «o‘limga olib kelmaydigan vositalar»dan foydalanishga ruxsat berilgan. Politsiya rezina tayoq va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi.

Los-Anjyeles federal binosida AQSh fuqarolik va migratsiya xizmati idorasi, uning yonida esa qamoqxona joylashgan.

Politsiya va ICE agentlari namoyishchilarni qarshi oldi

Shanba

Shanba kuni politsiyachilar va ICE federal agentlarining Paramauntdagi namoyishchilar bilan to‘qnashuvlari davom etdi.

ICE «1000 dan ortiq isyonchilar» Federal binoni o‘rab olgani va unga hujum qilganini ma’lum qilgan. Namoyishchilar orasida qo‘lga olingan muhojirlar aynan o‘sha yerda ekani haqida mish-mishlar tarqala boshlagandi.

Los-Anjyeles markazida shanba kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan yana bir norozilik namoyishida 60 ga yaqin odam to‘plangan. Tartibsizliklar chog‘ida namoyishchilar avtomobilga o‘t qo‘yib, atrofdagi do‘konlarni talon-toroj qilgan.

Federal hukumat tartibsizliklar butun Los-Anjyelesga tarqalishidan tashvishlana boshladi, norozilik namoyishlari to‘xtay demasdi.

Namoyishchilarni tarqatish uchun politsiya rezina o‘qlar qo‘llagan

Xabarlarga ko‘ra, kun davomida politsiya «o‘limga olib kelmaydigan» vositalarni, xususan, rezina o‘qlarni ham qo‘llagan. Natijada Avstraliyaning Channel Ninetelekanali muxbiri, shuningdek tartibsizliklarni yoritgan britaniyalik fotograf jabrlangan, uni operatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan.

Los-Anjyeles politsiyasi norozilik namoyishlari tinch o‘tdi deb hisoblaydi: mahalliy hokimiyat tartibsizliklar va zo‘ravonlikni o‘z kuchi bilan yengib o‘tishga qodirligini ma’lum qilgan.

Biroq, Oq uy immigratsiya xizmati agentlari hujumga uchragani va jarohat olganini, mahalliy huquq-tartibot idoralari esa vaziyatga juda sekin reaksiya ko‘rsatganini e’lon qildi.

Shanba kuni prezident Donald Tramp (ilgari bir necha bor Amerika ko‘chalarida «so‘llar qonunbuzarligi»ga toqat qilmasligini aytgan) o‘z vakolatlaridan foydalanib, shaharga Kaliforniya milliy gvardiyasining ikki ming askarini yubordi.

Bu juda g‘ayrioddiy qadam edi, chunki odatda bunday harakatlarga shtat gubernatori ruxsat berishi kerak bo‘ladi. Vaziyat Kaliforniya gubernatori, demokrat Gevin Nyusomning milliy gvardiyadan foydalanishga qat’iyan qarshi chiqishi bilan yanada murakkablashadi.

Yakshanba

Yakshanba kuni Milliy gvardiya xodimlari Los-Anjyelesga yetib kelib, shahar markazidagi Federal binoga joylasha boshladi.

Oq uy bayonotida harbiylar «ICE va federal vazifalarni bajaruvchi AQSh hukumatining boshqa organlari xodimlarini vaqtincha himoya qilishi» aytilgan. Ular 60 kunga joylashtiriladi, ularni olib chiqish to‘g‘risidagi qaror AQSh mudofaa vaziri tomonidan qabul qilinadi.

Pentagon rahbari Pit Hegset armiya, ya’ni AQSh federal qurolli kuchlari qo‘llanishi ehtimolini ham istisno qilmadi. Ulardan farqli o‘laroq, Milliy gvardiya alohida shtatlar hokimiyati tomonidan tuziladi va odatda ular tomonidan boshqariladi.

Hegset «zo‘ravonlik davom etadigan bo‘lsa» Pentagon Los-Anjyelesga armiya bo‘linmalarini yuborishga shayligi, shahar yaqinidagi Kemp-Pendlton bazasidagi dengiz piyodalari esa «kuchaytirilgan tayyorgarlik holatida» ekani haqida ogohlantirdi.

Yakshanba kuni tartibsizliklar vaqtida kamida 10 kishi qo‘lga olindi.

Huquq-tartibot organlari xodimlari asosiy avtomagistrallardan birida barrikadalar qurib, harakatni to‘xtatib qo‘ygan namoyishchilarni tarqatish uchun yana ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlarni ishga soldi.

Namoyishchilar yakshanba kuni 101-shosseni to‘sib qo‘yishdi

Los-Anjyeles shahri meri Karen Bass shunday dedi: «Los-Anjyelesda biz guvoh bo‘layotgan narsa [Tramp] ma’muriyati tomonidan qo‘zg‘atilgan tartibsizlikdir». Shuningdek, u aholini namoyishlarni tinch yo‘l bilan o‘tkazishga chaqirdi.

Yakshanba kuni kechqurun shahar politsiyasi Los-Anjyeles markazini «noqonuniy yig‘ilish joyi» deb e’lon qildi va barcha namoyishchilardan uni tark etishni talab qildi. Shahar markazidagi do‘konlarni talon-toroj qilayotgan talonchilar haqida xabarlar tarqaldi.

Yakshanba kuni tartibsizliklar San-Fransiskoda ham boshlandi. Los-Anjyelesda bo‘lgani kabi, politsiya shahar hududini noqonuniy yig‘ilish joyi deb e’lon qildi, vandalizm va mulkka zarar yetkazish holatlari haqida xabar berildi. U yerda 60 ga yaqin odam hibsga olingan, uch nafar politsiyachi jarohatlangan, ulardan biri kasalxonaga yotqizilgan.

Dushanba

Hafta boshida Amerika hukumati Los-Anjyelesga milliy gvardiyachilarga yordam sifatida 700 nafar dengiz piyodalari yuborilishini ma’lum qildi.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom piyodalarni Los-Anjyelesga jo‘natish qarorini prezidentning «telba fantaziyasi» deb atadi.

«AQSh dengiz piyodalari demokratiyani himoya qilish uchun bir necha urushlarda sharaf bilan xizmat qilgan. Ular – qahramonlar. Ularni o‘z vatandoshlari bilan kurashib, diktator prezidentning telba fantaziyalarini amalga oshirishi uchun Amerika tuprog‘iga yuborish kerak emas», – deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

«Bu Amerikaga qarshi xatti-harakat», – deya qo‘shimcha qildi Nyusom.

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset keyinroq X ijtimoiy tarmog‘ida «Gevin Nyusom bunday qilmasa ham, hukumat huquq-tartibot xodimlarini himoya qilishga majburligi» haqida yozdi.

Seshanbaga o‘tar kechasi hukumat Los-Anjyelesga Milliy gvardiyaning yana 2 ming nafar xodimini yuborishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi. Avvaliga bu haqda Gevin Nyusom xabar berdi, keyin esa Pentagon bu ma’lumotni tasdiqladi.

«Prezident buyrug‘i bilan mudofaa vazirligi federal huquq-tartibot idoralari o‘z vazifalarini xavfsiz bajarishlari uchun ICE [Immigratsiya va bojxona politsiyasi]ni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kaliforniya milliy gvardiyasining yana 2000 nafar xodimi safarbar qilinmoqda», – dedi vazirlik matbuot kotibi Shon Parnell.

Shu bilan birga, ayrim holatlar va to‘qnashuvlarga qaramay, Los-Anjyelesda dushanba kuni vaziyat tinchlandi, aksiyalar esa tinch ruhda o‘tdi, deb xabar berdi voqea joyidan muxbirlar.

Los-Anjyeles politsiyasi boshlig‘i Jim Makdonell mahalliy hokimiyat vaziyatni nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi.

«Biz keng ko‘lamli ommaviy namoyishlarni boshqarish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga egamiz va buni professional va samarali amalga oshira olishimizga ishonchimiz komil», – dedi u jurnalistlarga.

Tramp Milliy gvardiyani yuborishini qanday izohladi?

Shanba kuni Tramp «o‘rnashib olgan qonunsizlikni yo‘q qilish» uchun Milliy gvardiyani joylashtirish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

Oq uy memorandumida Milliy gvardiya kuchlari «xavfsizlikka tahdid solgan va federal immigratsiya hibsxonalari va boshqa federal mulklarga katta zarar yetkazgan zo‘ravonlik namoyishlari» tufayli zarurligi aytilgan.

«Qonunlar ijrosiga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘sqinlik qiluvchi norozilik namoyishlari... Qo‘shma Shtatlar hukumati hokimiyatiga qarshi isyonning bir shaklidir», - deyiladi memorandumda.

Milliy gvardiya askarlari yakshanba kuni Los-Anjyelesga yetib kela boshladi

Tramp federal hokimiyat AQSh «xorijiy davlat tomonidan bostirib kirishga yoki bostirib kirish tahdidiga duchor bo‘lsa», hukumatga qarshi «qo‘zg‘olon yoki qo‘zg‘olon tahdidi» yuz bersa yoki «prezident muntazam kuchlar yordamida Qo‘shma Shtatlar qonunlari ijrosini ta’minlay olmasa», Milliy gvardiyani safarbar qilishi mumkinligi to‘g‘risidagi qonundan foydalandi.

Pit Hegsetning Los-Anjyelesga dengiz piyodalarini yuborish haqidagi bayonotiga kelsak, bu uzoq 1807 yilda qabul qilingan qo‘zg‘olonlar to‘g‘risidagi qonun edi. Unga ko‘ra, prezident haqiqatan ham ichki tartibsizliklarga javoban harbiylarni safarbar qilishi mumkin.

Bu qonun bir necha bor qo‘llangan: avvaliga Avraam Linkoln tomonidan AQShdagi fuqarolar urushi paytida, keyin Uliss Grant tomonidan - Ku-kluks klanga qarshi va Duayt Eyzenxauer tomonidan - fuqarolik huquqlari uchun kurash paytida Arkanzasdagi maktabga borishga harakat qilgan qora tanli talabalarni himoya qilish uchun.

Oxirgi marta katta Jorj Bush qonundan 1992 yilda foydalangan: bu Los-Anjyelesdagi tartibsizliklar paytida, sud qora tanli Rodni Kingni kaltaklagan to‘rt nafar oq tanli politsiyachini oqlaganida sodir bo‘lgan.

Tramp Kaliforniyaga qarshi: Nyusom hibsga olinishi mumkinmi?

Milliy gvardiya — alohida shtatlar va federal hukumat manfaatlarini ko‘zlab faoliyat yurituvchi gibrid tuzilmadir. Odatda shtat kuchlari gubernatorning iltimosiga binoan harakatga keltiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu 1965 yildan beri birinchi marta Milliy gvardiya shtat gubernatorining so‘rovisiz safarbar qilinishi bo‘lmoqda.

Shanba kuni AQShning «chegara hukmdori» Tom Homan (Tramp ma’muriyatining migratsiya siyosatiga mas’ul amaldori) migrantlarga qarshi reydlar noroziliklarga qaramay davom etishini aytdi.

U, shuningdek, agar kimdir huquq-tartibot idoralari xodimlariga xalaqit bersa, egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, hibsga olinishi bilan tahdid qildi.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom tahdidni o‘ziga oldi va X ijtimoiy tarmog‘ida shunday javob berdi: «Qani, urinib ko‘r». Nyusom ham, Los-Anjyeles meri Karen Bass ham Trampning shaharga gvardiya kuchlarini kiritish qarorini qoraladi.

Nyusom Donald Trampning Milliy gvardiyani kiritish to‘g‘risidagi qarorini «noqonuniy» va «axloqsizlik» deb atadi va ma’muriyatni sudga berish bilan tahdid qildi.

Gubernator, shuningdek, Trampni «ochiqchasiga yolg‘onchilik»da ayblab, prezident norozilik namoyishlari boshlanganidan keyin u bilan telefon orqali suhbatda Milliy gvardiya haqida biror marta ham gapirmaganini aytdi.

Lotin Amerikasi fuqarolari ligasi rahbarlaridan biri Xose Barrera Oq uy Los-Anjyelesda «tartibsizliklar keltirib chiqarmoqchi ekani» va shaharda 17 ming politsiyachi bo‘lgan holatda Milliy gvardiya kuchlarini olib kirishning hojati yo‘qligini aytdi.

Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida namoyishlarni to‘xtatishga va namoyishchilarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi.

«Los-Anjyelesda ishlar chatoq. QO‘ShIN KIRITING!!!» «NIQOBDAGI ODAMLARNI HIBSGA OLING, HOZIROQ!», deya yozdi prezident o‘z uslubida harflarni katta qilib.

Trampning 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi strategi bo‘lgan Sem Nunbergning fikricha, prezident «qonunni bajarish»ga harakat qilmoqda va uning Milliy gvardiyadan foydalanish to‘g‘risidagi qarorisiz vaziyat yanada keskinlashgan bo‘lardi.

Nunberg BBC uchun bergan intervyusida Kaliforniya «immigratsiya idoralari bilan hamkorlik qilmasligidan faxrlanishi»ni aytdi va shtat, ayniqsa, noqonuniy immigratsiya bo‘yicha «qonunbuzarlikning oldingi safida» ekanini ta’kidladi.

U Oq uy bunga toqat qilmasligi va aynan noqonuniy muhojirlarni jilovlash va’dasi Trampni Oq uyga olib kelganini eslatdi.

Mavzuga oid