Jahon | 23:24 / 20.06.2025
5078
2 daqiqa o‘qiladi

Putin nega Rossiya Eronni qo‘llab-quvvatlamagani haqidagi savolga javob berdi

Rossiya yetakchisi shunday fikr bildirganlarni fitnachi deb atadi.

Foto: RBK

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvani ishonchsiz ittifoqchi deganlarni «fitnachilar» deb atadi. Bu haqda u Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida aytib o‘tdi.

Boshlovchi undan «Rossiya Eronni qo‘llab-quvvatlamadi, shu tufayli ishonchsiz ittifoqchi» deb aytayotganlarga munosabat bildirishni so‘radi.

«Rossiyaning ittifoqchi sifatida ishonchsizligi haqidagi bunday rivoyatlarni targ‘ib qilayotganlar fitnachi. Ular fitna qo‘zg‘atmoqda. Lekin bu ularga yordam bermaydi. Ular o‘z maqsadlariga erisha olmaydi», dedi Putin.

Putinning ta’kidlashicha, dunyoda sodir bo‘layotgan barcha mojarolar turlicha xususiyatga ega.

Avvalroq, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroni sharhlar ekan, Putin Rossiya har ikki tomon bilan aloqadaligini va Moskva Eronning tinch yadroviy dasturga bo‘lgan huquqini ham, Isroilning o‘z xavfsizligini ta’minlash istagini ham hurmat qilishini aytgan edi.

Eron 2024 yildan BRICS, 2023 yildan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zosi hisoblanadi. Rossiya ikkala blokda ham asosiy rol o‘ynaydi, lekin bu tashkilotlar harbiy emas.

Rossiya-Ukraina urushida Eron Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatmoqda, xususan, Moskvaga «Shohid» jangovar dronlarini yetkazib bermoqda.

Mavzuga oid