Duma Rossiya softini smartfonlarga yuklashni majburiy qilib qo‘ydi
1 sentabrdan boshlab Rossiyada smartfonlarni oldindan o‘rnatilgan RuStore ilovalari do‘konisiz sotish taqiqlanadi. Bu Apple mahsulotlariga ham tegishli.

Foto: Vedomosti
24 iyun, seshanba kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda mamlakatda rasman sotiladigan barcha smartfonlarga Rossiyaning RuStore ilovalari do‘konini o‘rnatishni majburiy belgilovchi qonun loyihasini qabul qildi. Tegishli o‘zgartirishlar «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga kiritiladi, deyiladi Rossiya qonun chiqaruvchi organining rasmiy saytida chop etilgan press-relizda.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab Rossiya Federatsiyasida smartfon va elektron planshetlarni sotishda «yagona ilovalar do‘konidan foydalangan holda dasturlarni o‘rnatish va yangilash imkoniyati bo‘lishi kerak». Uskunalar ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, RuStore orqali to‘lov imkonini ta’minlashi kerak.
Bundan tashqari, rossiyalik deputatlar «Rossiya ilovalari va yagona ilovalar do‘konidan foydalanishni cheklash yoki imkonsiz bo‘lishiga olib keladigan shart-sharoitlarni o‘rnatish, jumladan, ilovalarni qidirish, yangilash, ularning sozlamalarini boshqarish, iste’molchilar bilan o‘zaro aloqani ta’minlash, ularga bildirishnomalar jo‘natish bo‘yicha cheklovlar»ni taqiqladi.
RuStore — gadjetlar uchun rus ilovalari do‘koni, u VK korporatsiyasi (sobiq Mail.ru Group) tomonidan Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Uni rivojlantirish uchun rasmiy shartlar gadjet ishlab chiqaruvchilari tomonidan Rossiya Federatsiyasi kompaniyalarining arizalariga nisbatan kiritilgan cheklovlar bo‘lib, ularga nisbatan Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi fonida G‘arb mamlakatlarida sanksiyalar joriy etilgan. Masalan, sanksiyaga uchragan Rossiya banklarining ilovalari rasmiy Google Play va AppStore ilovalari do‘konlaridan bir necha bor olib tashlangan.
Ishlab chiqaruvchilarga rus ilovalari do‘konini gadjetlarga oldindan o‘rnatish talabi «Apple'ga qarshi qonun» deb atalyapti. Tashabbus mualliflari buni inkor etmaydi – hujjatning tushuntirish xatida «ayrim qurilmalar ishlab chiqaruvchilari (birinchi navbatda Apple smartfonlari va planshetlari) mustaqil manbalardan bunday ilovalarni o‘rnatish imkoniyatini cheklab, taqiqlovchi shartlarni o‘rnatishda davom etishi» haqida so‘z yuritiladi. Deputatlar Rossiyaning RuStore ilovalar do‘koni Android operatsion tizimiga ega qurilmalarda mavjudligini ta’kidlamoqda.
Apple kompaniyasining o‘zi Rossiya rasmiylarining talablarini izohlamadi. Rasmiy ravishda korporatsiya 2022 yilning mart oyida Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi tufayli Rossiya Federatsiyasida o‘z mahsulotlarini sotishni to‘xtatdi. O‘shandan beri Apple qurilmalari Rossiyaga «parallel import» deb ataladigan usul yordamida yetkazib beriladi.
Apple bunday sxemalar orqali qayta sotiladigan gadjetlarni bloklash imkoniyatiga ega, biroq korporatsiya Rossiya Federatsiyasiga norasmiy yetkazib berish holatlarida undan foydalanmaydi. AppStore'ning ruscha versiyasi ham ishlashda davom etmoqda va Appleʼning o‘zi Rossiya rasmiylarining senzura bilan bog‘liq talablariga javob beradi – masalan, u Rossiyada bloklangan ommaviy axborot vositalarining veb-saytlariga kirish imkonini beruvchi VPN xizmatlarini do‘kondan olib tashlayapti. Ammo hokimiyat bilan hamkorlik qilish korporatsiyani Rossiya Federatsiyasida ta’qib va jarimalardan qutqarmayapti.
Rossiya rasmiylarining Amerika korporatsiyasiga talabi pretsedent hisoblanmaydi. Avvalroq Yevropa Ittifoqida ushbu sohadagi gigantlarning monopoliyasiga qarshi turish uchun ishlab chiqilgan Digital Markets Act, DMA qonuni kuchga kirdi.
2025 yil aprelida Yevropa Komissiyasi AppStore'ga kompaniyaning savdo maydonchasidan tashqaridagi havolalarni nashr etish taqiqlangani sababli ushbu qonunga rioya qilmagani uchun Appleʼni 500 million yevro miqdorida jarimaga tortdi.
Bunga javoban Apple YeK jarimasiga sud orqali e’tiroz bildirishini bildirdi. Korporatsiyaga ko‘ra, bunday qarorlar «foydalanuvchilarning shaxsiy hayoti va xavfsizligiga zarar yetkazadi» va «bizni texnologiyamizni tekinga berishga majbur qiladi».
Mavzuga oid

18:50
MDH ayrim davlatlari tarix darsligida Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat bor – Rossiya ta’lim vaziri

17:45
Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishga tayyor emas – Rubio

16:05
Ogoh bo‘ling! Taniqli shaxslar obrazi asosida Rossiya armiyasiga yollanishga chorlovchi dipfeyk videolar tarqalmoqda

14:53