Jamiyat | 17:14 / 26.06.2025
2741
5 daqiqa o‘qiladi

Suv, quyosh va innovatsiya: xorazmlik fermerlar qanday qilib hosildorlik va daromadni oshirmoqda?

Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va energiya xarajatlarining oshib borishi sharoitida fermerlik faoliyati yildan yilga murakkablashmoqda. Endilikda yerdan unum olish uchun faqat mehnat emas, balki zamonaviy texnologiya ham kerak. Xorazmlik fermerlar bu borada qanday tajriba to‘plashdi? Ular tomchilatib sug‘orish va quyosh energiyasi orqali qanday natijaga erishmoqda?

Global iqlim o‘zgarishi, yerlarning notekisligi, suv resurslarining kamayishi va aholi sonining ortib borishi fermerlikda yangi muammolarni yuzaga keltirmoqda. Endilikda yer, suv va quyosh nuri bilan o‘z-o‘zidan yuqori hosil olish tobora mushkul bo‘lmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab oshib borayotgan bir paytda, hosildorlikni ko‘paytirish, xarajatlarni kamaytirish va vaqtni tejash uchun qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shunday vaziyatda xorazmlik fermerlar tomchilatib sug‘orish va yashil energiya manbalari orqali hosildorlikni oshirishga qanday erishishmoqda?

2008 yil 27 gektar bo‘ldi yerimiz, 2014 yildan kengayib 100 gektar bo‘ldi. Hozir 36 nafar ishchimiz bor, yangi zamonaviy texnikalarimiz bor. Qishloq xo‘jaligida asosan texnika bo‘lsa ish ketaveradi. 2022 yilda 22 gektar paxta dalamizni tomchilab sug‘orishga mosladik. Shu yili 50 sentner hosil oldik, ilgari 40 sentnerning o‘zi orzu edi. Olgan daromadimiz bir yilda qilgan xarajatimizni qoplab ketdi. Uni besh yilgacha ishlatish mumkin. 2023 yilda bug‘doy dalasini ham tomchilatib sug‘orishga o‘tdik – buyam katta samara berdi. Avval 50–55 sentnerdan olgan dalamizdan 70 sentnerdan hosil oldik bug‘doydan. Bu yil 10 gektar dalamizni ham tomchilatib sug‘orish, ham plenka ostiga ekdik. Shu dalamizdan 70 sentnerdan hosil kutib turibmiz. Agrobank tashkil qilgan “Suvchilar maktabi”da ishchilarimizniyam o‘qitdik. Zamonaviy texnikalarni ishlatishni, tomchilatib sug‘orish uskunalarini ishlatishni o‘rganishdi”, – deb ta’kidladi fermer To‘ravoy Jumonov.

Bugungi kunda zamonaviy fermer faqat yerga emas, texnologiyaga ham tayanib ishlaydi. Dalani sug‘orishdan tortib, hosilni yig‘ishtirib olishgacha bo‘lgan jarayonlarda energiya tejamkor uskunalar, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari keng joriy qilinmoqda. Bu nafaqat suvni, yerga beriladigan mineral o‘g‘itlarni ham tejaydi.

Tomchilatish texnikalarini o‘rnatmasdan oldin, kultivatorlarda paxta dalasida bir gektariga 1 tonna – 1 tonna 300 kg mineral o‘g‘it ketardi. Majbur edik shuni berishga. Tomchilatib sug‘orish tizimida esa to‘g‘ridan to‘g‘ri tizimning ichiga solib jo‘natiladi – 5 kg mineral o‘g‘it ketadi. Bu bilan suvdan ham, o‘g‘itdan ham iqtisod qilyapmiz. Texnika xarajatlariyam tejaladi”.

Ayniqsa, quyosh panellari orqali energiyani mustaqil ishlab chiqarish fermer xo‘jaliklarining barqaror ishlashida muhim o‘rin egallamoqda. Endilikda fermerlar quyosh nurlaridan nafaqat hosil yetishtirishda, balki elektr ishlab chiqarishda ham foydalanmoqda. Shunday fermerlardan biri Kamoliddin Yusupov ayni paytda quyosh panellari orqali o‘z ehtiyojlarini ta’minlash bilan birga foyda ham ko‘rmoqda.

O‘tgan 2024 yilning boshlarida fermer xo‘jaligimizda elektr energiyasidan qiyinchiliklar bo‘ldi. Narxlar oshdi, to‘lashga qiynaldik. Shundan keyin xo‘jalikka fotoelektr stansiyalari qurishga qaror qildik. Bizning 120 gektar yerimizda 9 ta nasos bor, elektr narxi oshmagan vaqtda bunga 120–130 mln so‘m to‘lardik. Fevralda qurishni boshladik, mart oyida ishga tushirdik. Avvaliga o‘zim ham qo‘rqdim, lekin mehnatlarimiz o‘zini mevasini berdi. 2024 yilda elektr tarmoqlaridan tok olmadik hisob. Quyosh panellaridan olingan elektr energiyasi orqali dalalarimizni sug‘ordik. Ortiqcha tokni davlatga shartnoma asosida sotib, o‘zimizga daromad ham bo‘ldi. 2024 yilning mart oyidan boshlab to dekabr oyigacha bizning hisobimizga taxminan 60–70 mln pul tushdi bundan”, – deydi u.

Davlat siyosatida ham qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda, fermer xo‘jaliklarida quyosh panellari o‘rnatilishi uchun qulay shart-sharoit va rag‘batlantiruvchi mexanizmlar joriy qilinmoqda. Maqsad — energiya taqchilligini kamaytirish, xarajatlarni qisqartirish va ishlab chiqarishni barqarorlashtirish.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid