O‘zbekiston | 16:37 / 28.06.2025
2544
12 daqiqa o‘qiladi

Davlat maktabida tijoriy ta’lim bo‘lmasligi kerak – pulli sinflarning oqibatlari haqida suhbat

To‘liq soliq to‘lovchilarning puli hisobiga moliyalashtiriladigan davlat maktablarida pulli sinflar tashkil etilayotgani yangilik bo‘lmay qoldi. Kun.uz bu amaliyotning yaxshi va yomon tomonlarini ekspertlar bilan tahlil qildi. Mutaxassislarga ko‘ra, davlat maktablarida sinflarning pulli qilinishi resurslarning noteng taqsimlanishiga sabab bo‘ladi, adolat prinsipini buzib, tabaqalashuvni oshiradi, bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, o‘zaro konfliktlarni keltirib chiqaradi. Bepul maktab ichidagi pulli sinflarning foyda va zararlari haqidagi suhbatni tomosha qiling.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

11 iyun kuni Kun.uzʼda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50-davlat maktabida pulli sinf ochilayotgani va bundan ayrim onalar noroziligi haqida material e’lon qilingandi.

O‘shanda maktab direktori bunday sinf o‘tgan yili ham bo‘lganini, bunda o‘quvchilarga 3 mahal ovqat berilib, kechgacha qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tilishini, oylik to‘lovi 2,8 mln so‘m ekanini aytgandi. Ammo butun boshli sinfni tijoriy shaklda tashkil etish qonunchilikda yo‘q.

Shunga qaramay, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabatida buni noto‘g‘ri talqin qilingan deb baholadi. Va bular “aslida davlat umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga o‘quv reja va davlat ta’lim standartlaridan tashqari qo‘shimcha bilimlar berish uchun tashkil etiladigan ta’lim xizmatidir” deya ma’lum qildi.

Bu haqiqatan ham pulli sinf emasmidi? Ayni vaziyatni vazirlik “noto‘g‘ri talqin” deyishi qanchalik to‘g‘ri? Davlat maktablarida bu kabi sinflarning bo‘lishi tabaqalanishni yuzaga keltiradimi? Kun.uz mavzuga oid muhim savollariga javob olish uchun ta’lim masalalarida mutaxassis Shokir Tursun hamda iqtisodiy tahlilchi Ulug‘bek Tursunov bilan suhbatlashdi. Quyida suhbatdan qisqa sharh keltiriladi.

Vazirlikning o‘zi qonunchilikni noto‘g‘ri talqin qilyapti

Shokir Tursunning aytishicha, MMTV umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pulli ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatini xato talqin qilgan.

“Ya’ni davlat maktabida pulli xizmat ko‘rsatish mumkinmi? Ha, mumkin. Qonunchiligi bormi? Bor. Lekin uni belgilab qo‘ygan normalari bor: uning o‘quv dasturi alohida tasdiqlanishi, to‘garak ko‘rinishida bo‘lishi, davlat ta’lim standartlaridan tashqaridagi xizmatlar bo‘lishi nazarda tutilgan. U ota-onalarning kuzatuv kengashi tasdig‘idan o‘tishi kerak. Tasdiqdan o‘tgan bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida bir qator normalari bor. Va u qonunchilikni o‘qib, tushunish mumkinki, [pulli xizmat] ta’limning bepul qismi o‘qib bo‘lingandan keyingi soatlarga to‘g‘ri kelishi kerak. Darsdan keyin. Misol uchun, birinchi sinf o‘quvchisining darsi 8:30 da boshlanib, 12:00 da tugasa, pulli xizmat ko‘rsatish 12:00 dan keyin boshlanishi kerak”, – deydi mutaxassis.

Shuningdek, ekspert pulli deyilmayotgan sinfda qaysidir o‘quvchi bepul tahsil olishi mumkinmi deya savol ham tashlamoqda. “Agar bu savolga maktab direktorining javobi yo‘q bo‘lsa, demak, bu pulli sinf. Qonunchilikda pulli sinf degan tushuncha yo‘q. Agar pulli sinf ochayotgan bo‘lsa, maktab katta ehtimol qonunni buzayotgan bo‘ladi”, – deyapti Shokir Tursun.

Pulli sinf tashkil etish samarali, ammo bu yerda bir nechta “agar”lar bor

Iqtisodiy tahlilchi Ulug‘bek Tursunov ayni masalaga to‘xtalishdan avval nima sabab davlat maktablarining mavjudligi va uning bepulligi haqida gapirib berdi. Uning aytishicha, “ta’lim shunday mahsulotki, u bevosita ishtirok etmagan tomonlarga ham foyda keltiradi”.

“Misol uchun, men odobnoma darsida navbatda turishni o‘rgansam, demak, bu o‘zimning vaqtimni tejaydi va navbatda turganim uchun jamiyatga ham qo‘shimcha foyda keltiradi. Biz buni iqtisodiyotda pozitiv eksternallik deymiz, ya’ni bevosita ishtirok etgan tomonlardan tashqari bu yerda jamiyat uchun qo‘shimcha manfaat paydo bo‘lyapti.  

Xuddi shunday jinoyat darajasini olishimiz mumkin: maktablar mavjud bo‘lgani, maktab funksiyasini bajargani uchun jinoyat darajasi kam bo‘ladi. Bundan men o‘zim foyda ko‘raman, avvalambor, jazolanmayman yoki hayotda qiynalmayman, jinoyat darajasi kam bo‘lgani uchun demak, jamiyat ham foyda ko‘radi. Budjet tomonidan moliyalashtiriladigan davlat ta’limi mavjud bo‘lishining asosiy sabablaridan biri mana shu – pozitiv eksternallikdir”, – deydi u.

Tursunovning fikricha, ota-onalar va boshqa soliq to‘lovchilarga yuklama bo‘lmasa hamda maktab ta’limida resurslarning xato taqsimotiga sabab bo‘lib adolat prinsipini buzmasa, pulli sinflar qilinishi yomon emas. Suhbat davomida mutaxassis tamoyillarni buzmaydigan bunday tashabbuslarning iqtisodiy samarasini baholashga urindi.

“Misol uchun, aytaylik, o‘qituvchi yarim stavka tijoriy sinfda dars beradi, yarim stavka davlat sinfida dars beradi. Tasavvur qilaylik, hozirgi kunda davlat sinflarida dars berib, 5 million so‘m, xususiy sinflarda ishlab esa 10 million so‘m olyapti. Natijada unda umumiy qoniqish darajasi oshishi mumkin, balki undagi qandaydir kayfiyat, qandaydir moliyaviy qoniqish davlat sinflariga ham ijobiy ta’sir qilishi mumkin. Va bu yerda, albatta, bir nechta “agar”lar bor. Ya’ni biz hozir iqtisodiy jihatdan mutlaqo nazariy tahlil qilish uchun juda ko‘p quvvatdor parametrlar bor, biz aniq bir modelda, aniq bir matematik tahlil qilishimiz juda qiyin”, – dedi ekspert.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar aynan 50-maktab keysida o‘quvchilar uchun o‘rin yetishmovchiligi mavjud bo‘lsa, pulli sinfdan ko‘ra bepulini tashkil etish ancha samaraliroq hisoblanadi. Bunda, albatta, adolatli taqsimot masalasida ustuvor hisoblanadi.

Endi bepul ta’lim ichida ham tabaqalashuv yuzaga keladi

Shokir Tursun Ulug‘bek Tursunovning e’tiroz bildirmagan holda pulli sinflar bolalarning ta’lim olish huquqidan mahrum qilmasligi lozimligini eslatdi.

Uning ta’kidlashicha, bu ta’limning barcha uchun teng sharoitlar yaratilishiga oid tamoyili buzilishiga, keyinroq esa sohada tabaqalashuv ortib, bolalar psixologiyasiga ham salbiy ta’sir qilishiga sabab bo‘ladi.

“Pulli sinflar, pulli to‘garaklar degan narsa kecha yoki bugun paydo bo‘lmagan, juda uzoq tarixga ega. Biz maktabda o‘qigan paytimizda ham [bor edi], mening onam 30 yillik pedagoglar, juda yaxshi bilaman vaziyat qanday. Sizning bitta agaringiz qanaqa ishlaydi?

Misol uchun, agar maktabda pulli to‘garak mavjud bo‘lsa, ona tili o‘qituvchi bolani pulli to‘garakka jalb qilish uchun bepul sinfda darsini yaxshi o‘tmaydi. Ya’ni o‘zining kuchini pulli sinfa ko‘proq taqsimlashga o‘tadi. Amalda shunday. Buni endi isbotlash qiyin emas, empirik tadqiqot qilsangiz, bu ham isbotlanib kelib chiqadi.

Ya’ni hozir borib, bitta o‘qituvchi bepul va pulli sinfda dars o‘tish jarayonini kuzatadigan bo‘lsangiz, farq seziladi. Mana bu adolatning buzilishiga olib keladi va o‘zi shundoq ham tabaqalashayotgan ta’limni endi bepul ta’limning ichida ham tabaqalashtirish [yuzaga keladi]” , – dedi Tursun.

Suhbatdosh bolaning davlat va’da qilgan bepul ta’lim olish huquqi Konstitutsiyada mustahkamlanganini, yuqoridagi holatlar esa buni cheklashini aytmoqda.

“Bevosita bo‘lmasa ham, bilvosita olib keladi. Bilvosita deganim, ya’ni maktab vaqt o‘tib resurslarini bo‘lishni boshlaydi. Birinchi yil qilmasligi mumkin, ikkinchi yil ham. Lekin uchinchi yildan boshlab resurslar bo‘linishni boshlaydi. Endi bitta 50-maktabni o‘zini oladigan bo‘lsak, unda endi o‘z-o‘zidan elita sinf va oddiy sinf paydo bo‘lib qoladi. Va bu bolalarning kayfiyatiga ham o‘tadi.

Masalan, kimdir yaxshi o‘quvchi bo‘lishi mumkin, lekin ota-onasining imkoniyati yo‘q. U o‘sha to‘lagan solig‘iga sifatli bepul ta’lim olishni xohlaydi. Qo‘shimcha 2 million 800 ming to‘lay olmaydi. Lekin bola yetarli darajada aqlli. Narigi sinfda u darajada aqlli [bolalar mavjud] emas, lekin o‘sha ota-onasi qo‘shimcha to‘lov qila olish imkoniyatiga ega bo‘lgani uchun ularning boshlanish nuqtasi bir xil bo‘lmaydi”, – deydi mutaxassis.

Shokir Tursun ta’limdagi sharoitda boshlanish nuqtasi 2 xil, ammo potensiallari bir xil bo‘lgan bolalar o‘rtasida muvaffaqiyatli bo‘lishdagi farq vaqt o‘tishi bilan kattalashishini bildirdi. 

“Bitta sinfga yaxshi dars o‘tiladi, bitta sinfga "bo‘ladi" [qabilida] dars o‘tiladi. Bolalarning muvaffaqiyatida farq sezilishni boshlaydi va Stuart (tadqiqotchi) aytadi: agar bu davom etaversa, farq hech qachon to‘xtamaydi”, – dedi u.

Faqat xususiy deb tasavvur qilsak, bu notenglik olib kelishi mumkin

Ulug‘bek Tursunning fikricha, davlat jamoat uchun ta’limni bepul va tijoriy qilishida ko‘rilishi kerak bo‘lgan 2 ta masala bor. Bular – taqsimotdagi adolat va samaradorlik.

“Misol uchun, men qanaqadir boy oiladan chiqqanman, yaxshi maktabga kiraman, mening potensialimdagi kimdir bepul maktabda [o‘qishni] boshlashi mumkin. Agar biz faqat xususiy deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, bu notenglik olib kelishi mumkin. Chunki ota-onamning boyligi yoki ma’lumotiga, prioritetlarga qarab turib, mening natijalarim o‘zgarib ketishi mumkin. Bu, albatta, taqsimotdagi samarasizlik. Jamiyat sifatida biz samarani qanday belgilaymiz?

Aytaylik, mening boshqa bir sherigim bilan potensialim bir xil, ikkalasi oxir-oqibatda bir xil tarzda ta’limga ega bo‘lsa, shunda [samara bo‘ladi]. Chunki potensialimiz bir xil. Davlat ta’limi bepul bo‘ladigan bo‘lsa, shu nuqtai nazardan afzalroq”, – deydi Tursunov.

U ikkinchi muhim masala, ya’ni iqtisodiy samaradorlik haqida gapirarkan, bunda tijoriy ta’limdan voz kechib bo‘lmasligini takrorladi. Iqtisodchi sohada bozor muhiti paydo bo‘lishi ortidan sifat ham ko‘tarilishini aytdi.

Ta’lim masalalarida mutaxassis Shokir Tursun umumta’lim muassasalarida ham tijoriy, ham bepul, ya’ni gibrid sinflar bo‘lishi samarali bo‘lishiga qo‘shildi, ammo davlat bunda bevosita ishtirok etishi xato ekanini qayd etdi.

Bunday tendensiyaning davom etishi qanday muammolarni keltirishi mumkin va umuman uning oldini olish imkoniyati bormi? Intervyuda shu kabi savollarga ham javob berildi.To‘liq videoni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid