«Bu ishlar “kampaniyabozlik” bo‘lmasligi kerak» – prezident yoshlar bilan doimiy muloqot platformasini yo‘lga qo‘yish haqida
Ta’lim muassasalari va tadbirkorlarning boshini qovushtirib, yoshlarga ko‘maklashadigan tizim qilinsa, mamlakatda uyushmagan yoshlar degan tushunchalar qolmasligi ta’kidlandi. Yirik tadbirkorlardan yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasida hokimlar bilan uchrashib, takliflarini tez kunda shakllantirib berish so‘raldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Respublika bo‘yicha 15 mingga yaqin o‘quv va 7,5 mingta kasbga tayyorlash markazlari mavjud. So‘nggi yillarda ularga 100 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berildi.
Fursatdan foydalanib, davlat rahbari ushbu markazlarga ham murojaat qilib, hozirgi ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmaslikka, kengayishga, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarni ko‘paytirishga chaqirdi, buning uchun har qanday sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
Viloyat, tuman hokimlari har bir bolaga o‘z farzandidek qarab, sog‘ligi, o‘qishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ular yoshlar bilan doimiy muloqot platformasini yo‘lga qo‘yib, maktab, oliygoh, o‘quv va kasb markazlari, tadbirkorlarning boshini qovushtirib, yoshlarga ko‘maklashadigan tizim qilsa, albatta natija bo‘lishi ta’kidlandi.
«Bu ishlar “kampaniyabozlik” bo‘lmasligi, o‘zgarishlarni har bir mahalladagi har bir yosh har kuni chuqur his qilishi zarur.
Ana shunda Yangi O‘zbekistonda ta’lim olmagan, ishsiz, kasb egallamagan, bir so‘z bilan aytganda, uyushmagan yoshlar degan tushunchalarning o‘zi qolmaydi!» – dedi prezident.
«Albatta, yoshlarning tilini yoshlar tushunadi, ular bir-biridan o‘rnak oladi, bir-biriga motivatsiya beradi.
Shu bois, 9 mingdan ziyod mahallada yoshlar yetakchilarini tayinladik. Ular uch yil davomida ko‘p narsani o‘rgandi, yetarli tajriba orttirdi.
Endi, ular maktab, texnikum, til va kasb markazlari bilan ham ishlashni o‘rganishi kerak», – dedi prezident.
Mahallalarimizda 167 ming nafar uyushmagan yoshlar, tarbiyasi og‘ir va huquqbuzarlik qilgan 17 ming o‘quvchi borligi barchani o‘ylantirishi kerakligi qayd etildi.
Shu o‘rinda davlat rahbari yangi saylangan mahalla raislariga murojaat qildi: «Mahalladagi tinchlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, sog‘lom muhit kimga bog‘liq? Avvalo, sizlarga bog‘liq. Mahallada bitta bolaning noto‘g‘ri yo‘lga kirishi ham favqulodda holat bo‘lishi kerak. Shuning uchun, har bir bola haqida, uning taqdiri, kelajagi haqida avvalo sizlar ko‘proq qayg‘urishingiz lozim».
«Bir narsani aniq tushunib olish zarur. Bolaning yomoni bo‘lmaydi. Ularga kattalarning mehri, imkoniyatlarini namoyon qilish uchun sharoit, o‘ziga ishonch bo‘lishi uchun motivatsiya kerak», – dedi prezident so‘zining davomida.
Misol uchun, Tadbirkorlik jamoatchilik kengashi a’zolari – 108 nafar «chempion» tadbirkor o‘zlarining 308 ta korxonasi atrofidagi maktablarga borib, yuqori sinf o‘quvchilarini kasbga qiziqtirayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Eng muhimi, bu o‘quvchilarning aksariyati kelajakda hayotini qaysi kasbga bog‘lash haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmoqda.
«Bunday tashabbuskor, fidoyi, vatanparvar tadbirkorlar – mening qanotlarim.
Ayting, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasbga yetaklash, ishli va daromadli qilish uchun sizlarga yana qanday sharoit qilib beray?
Katta-katta tadbirkorlarimiz hokimlar bilan uchrashib, takliflarini tez kunda shakllantirib bersalar, bularni barchasini ko‘rib chiqishga tayyorman», – dedi prezident.
Mavzuga oid

15:29 / 30.06.2025
Prezident yoshlarning innovatsion ishlanmalari va istiqbolli loyihalari bilan tanishdi

15:01 / 30.06.2025
O‘qishga kira olmagan maktab bitiruvchilarini band etish bo‘yicha dastur qabul qilindi

14:07 / 30.06.2025
Har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchi saralanib, dunyoning nufuzli oliygohlariga tayyorlanadi

12:30 / 30.06.2025