O‘qishga kira olmagan maktab bitiruvchilarini band etish bo‘yicha dastur qabul qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘qishga kira olmagan maktab bitiruvchilari hamda texnikum va oliygohlarni tugatayotgan talabalarni band etish bo‘yicha ikkita alohida dastur qabul qilindi. Bu haqda 30 iyun kuni prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, shu maqsadda «Aloqabank» va Milliy bankka 300 million dollar ajratildi. Ular «Yoshlar biznesi» dasturi doirasida 100 ming yoshlarni, «Kelajakka qadam» orqali 140 ming oliygoh bitiruvchisini daromadli ish bilan ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Bandlik vazirligi Savdo-sanoat palatasi Milliy bank bilan birga oliygoh, texnikum, kasbiy ta’lim bitiruvchilarini ish beruvchilar bilan bog‘laydigan platformani ishga tushiradi. Bandlik, Maktab, Oliy ta’lim vazirliklari «Harakatda daromad» elektron tizimini yaratib, ta’tildagi 3 million yoshlarni malaka talab qilmaydigan ishlar bilan band qiladi.
Har yili yuqori sinf o‘quvchilarini kasb tanlashga qiziqtirish va ko‘maklashish maqsadida «Mening kasbim» respublika tanlovi o‘tkaziladi.
Startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizim yaratildi. Ularni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritildi. Prezident bu raqam 1 milliard dollarga yetkazilishini aytdi.
Maktablarda o‘quvchilar uchun «mohirlik va biznes soati» kiritilib, ularning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant ajratiladi. Oliygohlar o‘rtasida ham startaplar bo‘yicha har yili “Eng yaxshi kreativ g‘oya” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga oliygoh jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha grant beriladi.
Startapni prototipga aylantirish va sinovdan o‘tkazish uchun Innovatsiya agentligi va IT-park RnD markazini ochadi. Bunda, eng yaxshi loyihalar bo‘yicha prototip yaratish xarajatining 50 ming dollargacha qismi Yoshlar venchur jamg‘armasidan qoplanadi.
Har yili investorlar, yirik korxona va startap tashabbuskorlari ishtirokida «Startap-ekspo» ko‘rgazmasi o‘tkazib boriladi.
***
Davlat rahbari o‘z sohasida ilg‘or, tashabbuskor yoshlar bilan muloqot qildi, ularning taklif va g‘oyalarini tingladi.
Prezident farmoni bilan ilm-fan, texnologiya, madaniyat, san’at, sport, tadbirkorlik va boshqa sohalarda tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh o‘g‘il-qizlarimiz mukofotlangan edi.
Bugungi tadbirda davlat rahbari ushbu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Tadbir yakunida davlat rahbari yana bir bor yoshlarga murojaat qildi:
«Yoshlikda olingan bilim – toshga o‘yilgan naqsh, kelajak uchun poydevor degani. Poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, hayotingiz, baxtingiz binosi shunchalik muhtasham bo‘ladi.
Yoshlikdagi harakat kelajakdagi yutuq degani. Yoshlikda orttirilgan do‘st bir umrlik hamkor, tayanch va suyanch degani.
Hech qachon unutmang, farzandlari bilimli, sog‘lom, mard va jasur, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning kelajagi albatta yorug‘ bo‘ladi.
Men butun O‘zbekiston yoshlari ana shunday fazilatlar egasi bo‘lishini tilayman!
Ishonchim komil, biz ko‘p millatli butun xalqimiz bilan, siz, aziz farzandlarim bilan ulug‘ maqsadlarimizga, albatta, yetamiz! Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda, albatta, barpo etamiz!».
Mavzuga oid

15:29 / 30.06.2025
Prezident yoshlarning innovatsion ishlanmalari va istiqbolli loyihalari bilan tanishdi

14:07 / 30.06.2025
Har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchi saralanib, dunyoning nufuzli oliygohlariga tayyorlanadi

13:20 / 30.06.2025
«Bu ishlar “kampaniyabozlik” bo‘lmasligi kerak» – prezident yoshlar bilan doimiy muloqot platformasini yo‘lga qo‘yish haqida

12:30 / 30.06.2025