Jahon | 10:10
4516
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Eronda 9 ta atom bombasi uchun yashirin uran zaxiralari bo‘lishi mumkin

G‘arb davlatlari rasmiylari va AEXA Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralari bilan nima sodir bo‘lganini aniq bilmaydi, deb yozadi Reuters. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, ular to‘qqizta atom bombasi uchun yetarli bo‘lishi mumkin.

Foto: Atomic Energy Organization of Iran / AFP / Scanpix / LETA

G‘arb davlatlari rasmiylari va Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) AQSh va Isroil havo hujumlaridan oldin Eronda bo‘lgan 400 kg yuqori boyitilgan uran bilan nima sodir bo‘lganligi haqida aniq ma’lumotlarga ega emas. Bu haqda 29 iyun, yakshanba kuni manbalarga tayanib, Reuters xabar berdi.

Agentlik Tehron yadroviy dasturini cheklash uchun mas’ul bo‘lgan o‘nlab amaldagi va sobiq G‘arb rasmiylari bilan suhbatlashganini da’vo qilmoqda. Ularga ko‘ra, Eron boyitilgan uranni yadroviy inshootlardan AQSh yoki Isroil zarbalaridan oldin olib chiqishga muvaffaq bo‘lganmi yoki yo‘qmi, aniq ma’lum emas. Bu materialni qidirish endi Eron va G‘arb o‘rtasidagi «mushuk-sichqon o‘yini»ga aylanadi, dedi manbalardan biri.

AEXA bahosiga ko‘ra, Eron 2025 yilgi urushgacha 400 kgdan ortiq 60 foizgacha boyitilgan uranga ega edi. Bu 90 foiz qurol darajasiga yaqin. Reuters agentligiga ko‘ra, bu miqdor to‘qqizta atom bombasini yaratish uchun yetarli.

«Hatto hisobga olinmagan miqdorning kichik bir qismi ham Eron yadro quroliga ega bo‘lish qobiliyatini saqlab qolgan deb hisoblaydigan G‘arb davlatlari uchun jiddiy muammo bo‘ladi», deb yozadi Reuters.

«Agar eronliklar 400 kg yuqori darajada boyitilgan uran haqida rostini aytib bersa, muammo hal bo‘ladi. Ammo ular buni qilmasa, u bilan nima bo‘lganini hech kim aniq bila olmaydi», dedi agentlikka g‘arb diplomati.

Mavzuga oid