O‘zbekiston | 23:36 / 03.07.2025
1824
6 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda shifokor pichoq bilan o‘zini jarohatlamoqchi bo‘lgan shaxsni zararsizlantirdi, bankdan 90 ming dollar talon-toroj qilganlar ushlandi - mahalliy dayjest

Xususiy oliy ta’lim muassasasi ochish uchun yangi talablar belgilandi. Iyulda eng issiq harorat kuzatiladigan kunlar ma’lum qilindi. Pul evaziga mashinalarni Tojikistonga o‘tkazib bergan shaxslarni fosh etildi. 90 ming dollar talon-taroj qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Shifokor pichoq ko‘targan fuqaroni zararsizlantirdi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xususiy oliy ta’lim muassasasi ochish uchun yangi talablar belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «Respublikada nodavlat ta’lim xizmatlari sifatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Lisenziyalashning qo‘shimcha shartlariga ko‘ra, endi talabgor tomonidan nodavlat oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan moddiy-texnik baza, dasturiy ta’minotni o‘z ichiga olgan dastlabki ustav fondi 2 mln AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantiriladi. Keyinchalik talabalar sonining ko‘payib borishiga mutanosib ravishda ustav fondi oshirib boriladi.

Talabgor tomonidan 350 ming AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘lar tijorat banklaridagi depozitlarga zaxiraga joylashtiriladi.

Tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoniga mo‘ljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming metr kvadratdan kam bo‘lmasligi lozim. Bunda bino universitetning o‘z mulki bo‘lishi shart emas, kamida 5 yil muddatga tuzilgan ijara shartnomasi asosida ish boshlash ham mumkin.

Oliy ta’lim tashkiloti tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5 yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa kamida 50 foizi mazkur ta’lim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Qaror kuchga kirgunga qadar litsenziya olgan tadbirkorlik sub’yektlari 2026 yil 1 yanvargacha o‘z faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.

Iyulda eng issiq harorat kuzatiladigan kunlar ma’lum qilindi

Respublika shimolida 2 va 3 iyul kunlari, cho‘l hududlarda 3 va 4 iyul kunlari, qolgan hududlarda 4 iyulda va ba’zi joylarda 5 iyulda eng issiq kunlar kuzatiladi.

Ushbu kunlarda hududning katta qismida havo harorati 40-43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 44-46 darajagacha ko‘tariladi.

Aholidan Sog‘liqni saqlash va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan taqdim etib borilayotgan jazirama kunlari amal qilinishi kerak bo‘lgan hamda issiq urishidan saqlanish bo‘yicha tavsiyalarga amal qilish so‘raladi.

Bojxona qo‘mitasi pul evaziga mashinalarni Tojikistonga o‘tkazib bergan shaxslarni fosh qildi

Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan mashinalarni Tojikistonga olib o‘tish va noqonuniy sotib yuborish holati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar fosh etildi.

Ma’lum qilinishicha, Buxoro, Toshkent, Namangan viloyatlarida tug‘ilgan shaxslar O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan jami 59 ta mashinani «Oybek», «Xovosobod», «Andarxon» va «Pop» chegara bojxona postlari orqali olib chiqib ketgan. Ularning barchasi BYD, Volkswagen, Kaiyi X3, Honda, Geometry, Faw ID4 rusumidagi mashinalar bo‘lgan.

Shu tariqa, 8 nafar shaxs jami 59 ta mashinaning har biri uchun 100-200 AQSh dollari haq olgan holda Tojikistonga o‘tkazib bergan. Aniqlanishicha, mazkur avtotransport vositalarining barchasi Tojikistonda noqonuniy tarzda sotib yuborilgan.

Holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov organiga topshirilgan.

90 ming dollarni talon-toroj qilgan shaxslar qo‘lga olindi

Toshkent shahridagi bankdan 90 ming AQSh dollarini noqonuniy ravishda olib chiqib ketgan jinoiy guruh ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 18 iyun kuni Yashnobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga Tenge Bank chakana xizmatlar ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i ariza bilan murojaat qilgan.

U o‘z arizasida noma’lum shaxslar tomonidan 90 ming dollar miqdorida pul mablag‘lari talon-toroj qilinganini bildirgan. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida shu kunning o‘zida bir necha shaxs bank kassasiga mijoz sifatida tashrif buyurib, bank kartasida mavjud pullarni naqdlashtirish maqsadida postterminalga yolg‘on axborot kiritish yo‘li bilan 90 ming dollar miqdordagi pulni olib ketgani aniqlangan.

Tezkor-texnik tadbirlar natijasida ushbu xatti-harakatlarni sodir etgan jinoiy guruhning barcha a’zolari qo‘lga olingan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 12 dona telefon apparati, postterminal, 9 dona bank kartasi, 1 670 000 so‘m va 36 495 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olingan. Jami 9 nafar shaxs Jinoiy-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Shifokor pichoq ko‘targan fuqaroni zararsizlantirdi

Buxoroda shifokor pichoq bilan o‘ziga jarohat yetkazmoqchi bo‘lgan fuqaroni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘ldi.

Holat 2 iyul kuni Buxoro shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi mastlik holatini aniqlash xonasida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, profilaktika inspektori Buxoro shahrida yashovchi 46 yoshli erkakning mastligini aniqlash uchun olib kelgan. Xonada erkak o‘zini pichoq bilan jarohatlamoqchi bo‘lib, profilaktika inspektoriga tahdid qilgan.

Shunda markazda navbatchi bo‘lgan narkolog Elbek Dilov xonaga kirib, erkakni zararsizlantirgan. Unga hech qanday jarohat yetmagan. Keyin esa tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan.

Mavzuga oid