Sulhga “ijobiy” javob bergan Hamas, Yevropaga boj qo‘llagan Xitoy va «Katta ajoyib» qonunni imzolagan Tramp – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Hamas G‘azoda 60 kunlik sulh bitimiga «ijobiy» javob berdi
Hamas tashkiloti AQSh vositachiligida ilgari surilgan G‘azo bo‘yicha sulh taklifiga «ijobiy ruhda» javob berganini va ushbu kelishuvni amalga oshirish yuzasidan muzokaralarga kirishishga tayyor ekanini bildirdi.
«Hamas harakati G‘azodagi xalqimizga qarshi tajovuzni to‘xtatish bo‘yicha vositachilarning so‘nggi taklifiga doir ichki maslahatlashuvlarni, shuningdek, falastinlik fraksiyalar va kuchlar bilan muzokaralarni yakunladi. Harakat o‘z javobini birodarlik vositachilariga taqdim etdi, bu javob ijobiy ruh bilan tavsiflanadi. Hamas harakati to‘liq jiddiyat bilan yangi muzokaralar bosqichiga zudlik bilan kirishga tayyor», — deyiladi Reuters nashri tarqatgan harakatning bayonotida.
Biroq Hamasga yaqin shaxslardan biri hali ham duch kelayotgan ehtimoliy qiyinchiliklar: insonparvarlik yordami, Misrga o‘tuvchi Rafah chegara punkti orqali harakatlanish va Isroil qo‘shinlarining chiqib ketish jadvali borasidagi aniq tafsilotlarga doir xavotirlar mavjudligini bildirdi.
Yangi taklif bilan tanish bo‘lgan manbalarning aytishicha, u 60 kunlik sulh davomida 10 tirik garovdagi shaxsni va 18 nafar halok bo‘lganlarning jasadini topshirishni, buning evaziga ma’lum miqdordagi falastinlik mahbuslarni ozod qilishni nazarda tutadi.
Bu ozod etishlar besh bosqichda amalga oshiriladi va Hamas o‘tgan sulh davridagidek televizion uzatmalar orqali topshiruv marosimlari o‘tkazmasligi shart qilib qo‘yilgan. Bunday marosimlar isroilliklarni g‘azablantirgan, ular bu holatni tahqir deb qabul qilgan. Yangi rejada, shuningdek, AQSh va arab vositachilari — Qatar va Misr, sulh davrida urushga barham berish bo‘yicha jiddiy muzokaralar o‘tkazilishini ta’minlashi kerakligi ham ko‘rsatilgan.
Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Hamas o‘rtasida qariyb 21 oydan beri davom etayotgan urushda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha «yakuniy taklif»ni e’lon qilgan va tomonlardan yaqin kunlarda javob kutayotganini bildirgandi.
Hamas ushbu taklifga qanday sezilarli o‘zgartirishlar talab qilayotgani yoki bu farqlar osongina bartaraf etiladimi yoki yangi to‘siqlarga olib keladimi — hozircha noma’lum. Ilgari ham tomonlar shunday bitimlarga yaqinlashgan, biroq tafsilotlar bo‘yicha kelishmovchiliklar sabab oxirgi daqiqada ular barbod bo‘lgan edi.
Tramp soliqlar to‘g‘risidagi «katta ajoyib» qonun loyihasini imzoladi
AQSh prezidenti Donald Tramp 4 iyul kuni kechqurun soliqlarni kamaytirish va AQSh davlat qarzi chegarasini 4 trillion dollardan ortiqroqqa oshirish mumkinligi haqidagi «katta ajoyib» qonun loyihasini imzoladi. «Bu yaxshi», — deya o‘z harakatlarini izohladi u.
«Amerika g‘alaba qozonmoqda, g‘alaba qozonmoqda, hech qachon bo‘lmaganidek g‘alaba qozonmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Tramp hujjatni imzolaganidan so‘ng AQSh Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan marosimni yakunlab. OAVlarga ko‘ra, yaqinda Eron yadro inshootlarini bombardimon qilgan uchuvchilar tadbirga taklif etilganlar orasida bo‘lgan.
Qonun loyihasi soliqlarni pasaytirish, immigratsiya xizmatlarini moliyalashtirishni oshirish va kambag‘allar, nogironlar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning tibbiy xarajatlarini to‘lashga yordam beradigan Medicaid dasturiga xarajatlarni kamaytirishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, u mudofaa sohasiga, xususan, «Oltin gumbaz» raketalariga qarshi mudofaa tizimini rivojlantirishga sarflanadigan xarajatlarni oshirishni nazarda tutadi.
Tashabbus AQSh siyosiy doiralarida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Uning eng ashaddiy muxoliflaridan biri milliarder va Tesla asoschilaridan biri Ilon Mask bo‘lib, u Trampning qonun loyihasi mamlakat aholisini qarz chuqurligiga olib kelishini da’vo qilmoqda. Maskning hujjatni tanqid qilishi tadbirkor va davlat rahbari o‘rtasida janjal va haqorat almashinuviga sabab bo‘ldi.
Xitoy Yevropa brendlariga antidemping bojlarini joriy etdi
Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi Yevropa Ittifoqi brendlariga 27 foizdan 35 foizgacha bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Bu haqda idora saytiga joylashtirilgan bayonotda so‘z boradi. Qayd etilishicha, 5 iyuldan kuchga kiradigan cheklovlar besh yil muddatga mo‘ljallangan.
Ba’zi kompaniyalar bojlardan ozod qilinadi, chunki ular minimal narx chegarasini bajarish majburiyatini olgan. Shuningdek, faoliyati antidemping kampaniyasi doirasida tergov qilinmagan yangi eksportchilarga nisbatan ham yengilliklar ko‘zda tutilgan. Ular o‘rnatilgan bojlarsiz mamlakatda savdo qilish uchun ariza berishlari mumkin.
Pekin antidemping jarayoni tashabbusi bilan YeI 2024 yilda Xitoy elektromobillariga nisbatan tariflar joriy etganidan keyin chiqqandi. Xitoyning javobi eng ko‘p fransiyalik ishlab chiqaruvchilarning daromadlariga ta’sir qiladi. Bojlar Xitoy TIV rahbari Van Ining Parijga tashrifi fonida e’lon qilindi. Fransiya uning tashrifi milliy kompaniyalar uchun oqibatlarni yumshatishga yordam berishiga umid qilayotgan edi.
Zelenskiy va Tramp telefon orqali muloqot qildi
Donald Tramp Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotidan bir kun o‘tib Volodimir Zelenskiy bilan ham qo‘ng‘iroqlashdi. Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u Tramp bilan Kiyevga yordam hajmini oshirish, jumladan, havo hujumidan mudofaani kuchaytirish masalasini muhokama qilgan. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari AQShning Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni qisman to‘xtatish qarorini muhokama qilishda davom etmoqda, bu Amerikaning o‘z zaxiralari tugashi bilan izohlanadi.
Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi suhbat juma kuni tushdan keyin bo‘lib o‘tdi.
Bundan bir necha soat oldin Rossiya qo‘shinlari Kiyevga yana raketa va dronlar bilan yirik zarba bergandi – bu urush davridagi eng yirik zarbalardan biri bo‘ldi. Bir kishi halok bo‘ldi, yana 26 kishi jarohatlandi. Ukraina rasmiylari shahar o‘qqa tutilishi oqibatida Kiyevning temiryo‘l infratuzilmasiga ham zarar yetganini ma’lum qilgan.
Ukraina prezidenti o‘z ijtimoiy tarmoqlarida Tramp bilan suhbat «juda muhim va foydali» bo‘lgani haqida yozib qoldirdi. «Biz bugun vaziyat haqida gaplashdik: Rossiya havo zarbalari va kengroq - frontdagi vaziyat haqida. Havo hujumidan mudofaa imkoniyatlarini muhokama qildik va osmon himoyasini kuchaytirish ustida ishlashga kelishib oldik», – degan Zelenskiy.
So‘nggi oylarda Ukraina Rossiyaning tobora kuchayib borayotgan zarbalaridan himoyalanish uchun AQSh va boshqa G‘arb ittifoqchilaridan qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa vositalarini taqdim etishni so‘ramoqda. Shu jumladan, Kiyevga Amerikaning qo‘shimcha Patriot qurilmalari, shuningdek, ular uchun mo‘ljallangan raketalar kerak. Chunki aynan ular Rossiya ballistik raketalarini tutib olishga qodir.
Axios nashri jurnalisti Barak Ravid o‘z manbalariga tayanib yozishicha, «Tramp Kiyevga havo hujumidan mudofaa sohasida yordam berishni xohlashini va agar to‘xtatilgan bo‘lsa, aynan nima to‘xtatilganini surishtirib ko‘rishini aytgan».
Payshanba kuni Vashingtondagi «Endryus» aviabazasida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Tramp yetkazib berish to‘xtatilishi haqidagi savolga mujmal javob qaytardi.
«Biz to‘xtatganimiz yo‘q, biz ularga qurol beryapmiz, lekin biz juda ko‘p qurol berdik. Va biz ular bilan ishlaymiz va ularga yordam berishga harakat qilamiz. Ammo Bayden ularga qurol berayotganda butun mamlakatni vayron qildi. Va biz shunday qilishimiz kerakki, o‘zimizga ham yetsin», – deb javob berdi AQSh prezidenti.
Shu bilan birga, NBC News telekompaniyasi o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSh rasmiylarining Pentagonning qurol zaxiralari tugashi tahdidi haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari
AQShning Kaliforniya shtati San-Luis-Obispo va Riversayd okruglarida sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari 22 ming gektardan ortiq maydonni qamrab oldi, deb xabar bermoqda Kaliforniya o‘rmon xo‘jaligi va yong‘indan himoya qilish departamenti.
Departament saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2 iyul kuni San-Luis-Obispo okrugida boshlangan yong‘in taxminan 21 300 gektar maydonni qamrab olgan. Ayni paytda yong‘inning atigi 10 foizi mahalliylashtirilgan. Riversayd okrugida 29 iyun kuni sodir bo‘lgan yong‘in 2200 gektarga yaqin maydonni yo‘q qildi va so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u 65 foizga mahalliylashtirilgan.
Cal Fire vakili Toni Devis 50 ta inshoot xavf ostida ekani, 208 kishi evakuatsiya qilinganini bildirdi. Devisning so‘zlariga ko‘ra, yonayotgan hudud yaylovlar va quruq o‘simliklarga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘lib, bu yong‘inning tez tarqalishiga yordam beradi.
Kaliforniya baliq va yovvoyi tabiat departamenti ekologi Deyv Xakerning aytishicha, hududdagi yovvoyi tabiat qo‘riqxonasida sodir bo‘lgan yong‘in kiyiklar podasining yashash joyi katta qismini yo‘q qilgan.
Mavzuga oid

13:34 / 04.07.2025
Isroil bilan iqtisodiy aloqalarni uzishga chaqirgan BMT rasmiysi, rasman tan olingan «Tolibon» va Putin bilan qo‘ng‘iroqlashgan Tramp – kun dayjesti

13:50 / 03.07.2025
Vayron bo‘layotgan G‘azo, jaziramada qolgan Yevropa va “Oreshnik” bilan qurollanayotgan Belarus – kun dayjesti

13:00 / 02.07.2025
Sulh «shartlariga» rozi bo‘lgan Isroil, Moskva-Boku o‘rtasida keskinlashgan nizo va Maskni deport qilmoqchi bo‘lgan Tramp – kun dayjesti

14:05 / 01.07.2025