Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda suv quvuri kuchli bosim ostida yorilib ketdi, o‘zbekistonliklar tomonidan Shengen vizasi uchun topshirilgan arizalar soni oshdi - mahalliy dayjest
Shavkat Mirziyoyev gastronomik turizm uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Toshkentda suv quvuri kuchli bosim ostida yorilib ketdi. Shengen vizasi uchun topshirilgan arizalar soni oshdi. Andijon va Surxondaryoda soliq boshqarmalari bosh inspektorlari ushlandi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Toshkentda suv quvuri kuchli bosim ostida yorilib ketdi
Toshkent shahrida Shayxontohur tumani hududidagi tibbiyot instituti chorrahasida yer tagida suv quvuri yorilib ketdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 10 iyul kuni soat 11:00 larda poytaxtning Farobiy ko‘chasi hududidan o‘tuvchi, diametri 800 millimetr suv quvurida kuchli bosim ostida yorilish hodisasi yuz bergan.
Aniqlanishicha, ushbu holat rejaviy tadbir asosida o‘tkazilgan kommunal tarmoqdagi issiq suv tarmog‘ini bosim ostida tekshirish jarayonida yuzaga kelgan.
Mazkur holat sabab fuqarolar mulki, transport vositalari yoki boshqa obektlarga yetkazilgan barcha zararlar Veolia Energy Tashkent kompaniyasi tomonidan to‘liq qoplab beriladi.
Hozirda issiqlik suv quvuridagi ushbu hodisa kommunal-texnik avariya-tiklash brigadasi kuch va vositalari bilan bartaraf etilib, nosozlik oqibatlarini tugatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Hodisa oqibatida 3 kishi yengil tan jarohati olgan, ularga voqea joyida tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilgan. Ularni shifoxonaga olib borishga ehtiyoj bo‘lmagani sabab uylariga ruxsat berilgan.
Shengen vizasi uchun topshirilgan arizalar soni oshdi
2024 yilda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Shengen vizasi uchun 58 ming 691 ta ariza topshirildi — bu o‘tgan yilga nisbatan 26,2 foizga ko‘p.
Shengen kelishuvi portali statistikasiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab Shengen vizasi so‘rovlarining 0,50 foizi o‘zbekistonlik arizachilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston 2024 yilda Shengen vizasiga berilgan arizalar soni bo‘yicha 35-o‘rindagi davlat bo‘ldi.
Germaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun eng mashhur yo‘nalish bo‘ldi: viza uchun 19 329 ta ariza topshirilgan. Shveytsariya O‘zbekistondan viza uchun birorta ariza olmagan.
Shu bilan birga, Shengen davlatlari O‘zbekistondan tushgan 9250 ta viza arizasini rad etgan.
O‘zbekistonlik murojaat etuvchilarga viza berishdan bosh tortishning eng yuqori foizi Polshada qayd etilgan. O‘zbekiston fuqarolariga 51 ming 604 ta Shengen vizasi berilgan.
Eng yuqori ma’qullash darajasi Bolgariyada qayd etilgan — 133,40 foiz. Germaniya o‘zbekistonlik arizachilarga eng ko‘p viza bergan — 15 ming 205 ta viza ma’qullangan.
Umumiy hisobda O‘zbekiston fuqarolari Shengen vizasini olish uchun 4,7 million yevroga yaqin mablag‘ sarflagan. Viza berilmagani tufayli mamlakat fuqarolari 740 ming yevro «yo‘qotgan».
Shavkat Mirziyoyev gastronomik turizm uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoitlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Bu safargi yo‘nalish Shayxontohur va Chilonzor tumanlarini qamrab oldi. Ularni Bunyodkor ko‘chasi bog‘lab turadi. Ushbu markaziy ko‘chada san’at va madaniyat maskanlari, turli idoralar, ko‘p qavatli uylar, supermarket va restoranlar joylashgan. Bu salohiyatdan foydalanib, uning 1,5 kilometr qismi xizmat ko‘rsatish va gastroturizm ko‘chasiga aylantirilgan.
Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Shu maqsadda bu yerdagi 90 ta tadbirkorlik sub’yekti tun-u kun ishlash tartibiga o‘tkazilgan. Shundan 45 ta korxona yangi tashkil etilgan. 500 kishi ish bilan ta’minlangan.
Shu yerda zamonaviy bekatlar hamda avtoturargohlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Andijon va Surxondaryoda soliq boshqarmalari bosh inspektorlari ushlandi
Andijon viloyati Soliq boshqarmasining Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh inspektori 2,5 ming dollar bilan ushlandi.
U mansab mavqeyidan foydalanib, Oltinko‘l tumanida radio va teleapparaturalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJ tomonidan soliq va yig‘imlar bo‘yicha topshirilgan soliq hisobotlarida tovarlar realizatsiyasi to‘g‘ri aks ettirilmagani natijasida MChJga juda ko‘p miqdorda soliq hisoblanishi hamda soliq tekshiruvi o‘tkazilishini aytgan.
So‘ng Soliq boshqarmasidagi hamkasblari orqali ushbu tekshiruvni o‘tkazmaslikni va’da qilib, evaziga 3000 AQSh dollari talab qilgan va muqaddam MChJ ta’sischisidan 500 dollar olgan.
Ammo u qolgan 2,5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyati Soliq boshqarmasining soliq organlari faoliyati ustidan nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori pora bilan qo‘lga tushgan.
U Jarqo‘rg‘on tumanida mototsikllar va ehtiyot qismlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJga nisbatan o‘zining vakolatli hamkasblari orqali sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish bilan qo‘rqitib, mazkur tekshiruvni amalga oshirmaslik evaziga MChJ rahbaridan 2500 AQSh dollari olgan vaqtida DXX va prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Mavzuga oid

23:54 / 11.07.2025
Shavkat Mirziyoyev mahalla inspektori bo‘lgan katta leytenantga kapitan unvonini berdi, fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi - mahalliy dayjest

23:11 / 09.07.2025
Shavkat Mirziyoyev 15-20 daqiqa tirbandlikda qolib ketdi, Farhod bozorida tovlamachilik bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolari ushlandi - mahalliy dayjest

23:35 / 08.07.2025
O‘zbekistonda IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish tartibi bekor qilinadi, xorijdan qaytgan fuqarolar majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi - mahalliy dayjest

23:14 / 07.07.2025