O‘zbekiston | 23:11 / 09.07.2025
6026
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev 15-20 daqiqa tirbandlikda qolib ketdi, Farhod bozorida tovlamachilik bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolari ushlandi - mahalliy dayjest

Farhod «zapchast» bozorida jinoiy guruh a’zolari ushlandi. O‘zbekistonda erta nikoh uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Prezident O‘zbekistondagi YTHlar haqida gapirib, tirbandlikda qolib ketganini aytdi. Rossiya O‘zbekistonda rus tilini targ‘ib qilish bo‘yicha tadqiqot olib boradi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Farhod «zapchast» bozorida jinoiy guruh a’zolari ushlandi

Toshkent shahri Uchtepa tumanining Farhod ko‘chasida joylashgan avtomobil ehtiyot qismlari bozorida 12 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, jinoiy guruh a’zolari mijozning mashinasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar o‘rnatib, texnik xizmat ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, ushbu xizmat bozor narxida 600 AQSh dollari bo‘lishiga qaramasdan, fuqarodan 13,3 ming dollarni tovlamachilik yo‘li bilan undirgan. E’tiroz bildirgan mijozga qo‘rqitish yo‘li bilan tahdid qilishgan.

Yana bir shunga o‘xshash holatda jinoiy guruh a’zolari boshqa bir fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz turli ehtiyot qismlarni o‘rnatib, undan 3 barobar qimmat narxda pul talab qilgan. Aniqlanishicha, ular avtomashina kalitini fuqarodan olib qo‘yib, tazyiq o‘tkazish orqali 15 mln so‘m undirishgan.

Bundan tashqari, qonunbuzarlar yana 2 nafar fuqaroning avtomashinasini qo‘shimcha ehtiyot qismlar bilan jihozlash uchun ulardan 70 mln so‘m miqdorida pul olib, va’da qilingan ishni bajarmagan.

Ta’kidlanishicha, jinoiy guruh a’zolarining ko‘pchiligi Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tug‘ilgan bo‘lib, aksariyati muqaddam sudlangan shaxslar.

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining «tovlamachilik» va «firibgarlik» moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qo‘lga olinganlarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Erta nikoh uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev erta nikoh uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonun loyihasini tayyorlash haqida topshiriq berdi.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Murodbek Mahmudovning ma’lum qilishicha, erta nikoh va erta tug‘uruqlarning oldini olish choralarini keskin kuchaytirish maqsadida Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tizimlari integratsiya qilingan hamda erta tug‘uruqlarni yashirish holatlariga chek qo‘yilgan. Ularni darhol aniqlash va tegishli chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati kengaytirilgan.

O‘zbekiston Oila kodeksiga ko‘ra, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun kamida 18 yosh etib belgilangan. Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra, nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.

Prezident O‘zbekistondagi YTHlar haqida gapirdi

O‘zbekistonda 2024 yil davomida 9 ming 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu mudhish hodisalarda qariyb 9 ming fuqaro jarohat olgan.

Avariyalar tufayli 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan.

Prezident sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini ta’kidladi.

«Afsuski, har to‘rtinchi avariyada 1 kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Rossiya O‘zbekistonda rus tilini targ‘ib qilish bo‘yicha tadqiqot olib boradi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi topshirig‘i bilan Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi rus tilini xorijda, xususan, Ozarboyjon va O‘zbekistonda targ‘ib qilish bo‘yicha sotsiologik tadqiqot o‘tkazadi.

Rus tilini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligi Venesuela, Hindiston, BAA va Xitoyda ham o‘rganiladi.

Har bir davlatda kamida 1500 respondent onlayn so‘rovdan va kamida 1000 respondent telefon va shaxsiy suhbatlar orqali so‘rovdan o‘tkazilishi kerak. Tadqiqotning o‘zi bilan bir qatorda, markaz chet elda rus tilidan foydalanish ko‘rsatkichlarini ekspertizadan o‘tkazishi va ko‘rsatilgan mamlakatlarda uning jozibadorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishi lozim.

«Rossotrudnichestvo» ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil bo‘yicha Markaziy Osiyoning barcha davlatlari orasida Qozog‘iston rus tilidagi maktablar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda – 3606 ta. O‘zbekistonda ta’lim rus tilida olib boriladigan 1 mingdan sal ko‘proq maktab mavjud.

Tirbandlikda qolib ketgan prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida davlat rahbari o‘tgan dam olish kunlarida Toshkent shahrida tirbandlikda qolib ketganini aytdi.

Prezident rulda o‘zi bo‘lganini, 15-20 daqiqa tirbandlikda turganini, biroq hech kimga qo‘ng‘iroq qilmay, el qatori yurib ketganini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev tirbandlikdan o‘tib bo‘lganidan so‘ng ichki ishlar vaziriga qo‘ng‘iroq qilib, kelib shu yo‘ldan o‘zi o‘tib ko‘rishi kerakligini aytgan.

Mavzuga oid