O‘zbekiston | 23:14 / 07.07.2025
2124
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bog‘da odamlardan pul yig‘ib kelgan yigitlar ushlandi, O‘zbekiston BRIKSning hamkor davlatiga aylandi - mahalliy dayjest

Abituriyentlarga ruxsatnomalarni berish boshlandi. Intervyu olish bahonasida pul yig‘ib kelgan shaxslar ushlandi. Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi belgilandi. O‘zbekiston BRIKSning hamkor davlatiga aylandi. Burchmullada yirik shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Abituriyentlarga ruxsatnomalarni berish boshlandi

Bilim va malakalarni baholash milliy agentligi sayti orqali «Abituriyent ruxsatnomasi»ni berish boshlandi. Uni shaxsiy kabinetdan yuklab olish mumkin. Qayd varag‘i sahifasida yuklab olish tugmasi paydo bo‘lgan.

Shuningdek, shaxsiy kabinetga kirmasdan, pasport seriyasi va raqami hamda JShShIR raqamini kiritgan holda ham yuklab olsa bo‘ladi.

Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishi lozim.

Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.

Bu yilgi oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari 14 iyuldan boshlanib, 23 iyulga qadar 10 kun davom etadi. Imtihon 2 smenada bo‘lib o‘tadi.

Intervyu olish bahonasida pul yig‘ib kelgan shaxslar ushlandi

Toshkent shahrida odamlardan intervyu olish bahonasida pul yig‘ib kelgan shaxslar qo‘lga olindi.

Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasiga ko‘ra, 5 iyul kuni Chilonzor tumanidagi bog‘larning birida 20, 21 va 24 yoshli uch nafar shaxs fuqarolar bilan intervyu olish bahonasida suhbatlashib, masjid qurilishi, nogironlarga yordam kabi bahonalarni ishlatib, ulardan firibgarlik yo‘li bilan pul yig‘ayotgani ma’lum bo‘lgan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlangan va ulardan ashyoviy dalil sifatida pul mablag‘lari xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan «Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Nizom chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safidagi muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun tanlab olish tartibini belgilaydi.

Chaqiriluvchilar tanlovda 1 yilda faqat 1 marta ishtirok etishi mumkin.

Tanlov chaqiruv yilidan avvalgi yilning 10 avgustidan chaqiruv yilining 10 fevraliga qadar o‘tkaziladi.

Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasi turnikda tortilish, 100 va 3 ming metrga yugurish kabi umumjismoniy normativlarni qabul qilish orqali baholanadi.

Tanlov yakunlari bo‘yicha chaqiriluvchini tavsiya etish yoki tavsiya etmaslik bo‘yicha tegishli xulosa qabul qilinadi.

O‘zbekiston BRIKSning hamkor davlatiga aylandi

6 iyul kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida BRIKSning 17-yuqori darajadagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda BRIKS davlatlari rahbarlari Indoneziyani guruhning yangi a’zosi sifatida qabul qildi. Shuningdek, yana 10 ta davlat tashkilotning hamkor davlatlari sifatida tan olindi.

«Indoneziya Respublikasini BRIKS a’zosi sifatida, shuningdek, Belarus Respublikasi, Ko‘p millatli Boliviya davlati, Qozog‘iston Respublikasi, Kuba Respublikasi, Nigeriya Federal Respublikasi, Malayziya, Tailand qirolligi, Vetnam Sotsialistik Respublikasi, Uganda Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasini BRIKSning hamkor davlatlari sifatida qabul qilamiz», - deyiladi sammitning qo‘shma bayonotida.

Ma’lumot uchun, BRIKS dastlab 2009 yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy yetakchilarining ilk sammitida shakllangan edi. Keyinchalik Janubiy Afrika a’zo bo‘ldi. Shu kunga qadar Misr, Efiopiya, Eron, BAA va Indoneziya to‘liq a’zolikka qabul qilindi. Bu yilgi sammitda Indoneziya ilk bor a’zo davlat sifatida qatnashmoqda. Tashkilot ayni vaqtga kelib dunyo aholisining yarmidan ko‘prog‘ini rasman birlashtiradi.

Burchmullada yirik shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yirik shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.

Bu loyiha doirasida Burchmulla hududidan 10 gektar yer maydoni viloyat hokimining qarori asosida ajratilgan.

Umumiy quvvati 20 megavatt bo‘lib, yiliga 129,6 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Bu esa yiliga 811,1 ming metr kub tabiiy gaz yoki 3,15 ming tonna ko‘mir tejash imkonini beradi. Bu nafaqat atrof-muhit muhofazasi, balki iqtisodiy jihatdan ham samarali yechim hisoblanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 28 million AQSh dollari bo‘lib, qurilish grant mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Mavzuga oid