Jamiyat | 09:42
5145
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 7 bola cho‘kishi ikki oy davomida turli kunlarda ro‘y bergan

Bosh prokuratura aniqlik kiritdi – yetti holat ham alohida joy va kunlarda bo‘lgan, vafot etganlar soni ikki emas, bir nafar bo‘lgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 12 iyul kuni ommaviy axborot vositalarida Toshkent shahrida bir basseynda yetti bola cho‘kib ketgani, shundan ikki nafari vafot etgani haqida tarqalgan xabar yuzasidan aniqlik kiritdi.

Aniqlanishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga joriy yilning 12 may kunidan 10 iyul kuniga qadar Toshkent shahrining turli hududlardagi yashash manzillaridan 7 nafar voyaga yetmagan bola cho‘kishi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan. 

Shundan 4 nafar bolaga davolanishdan so‘ng yashash manzillariga ruxsat berilgan, 2 nafar voyaga yetmagan bola davolanmoqda, shundan 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Shuningdek, 1 nafar bola qarovsiz qolgani oqibatida xonadondagi basseynga tushib ketib, vafot etgan. Tibbiy muassasaga olib borilgan vaqtda unda biologik o‘lim qayd etilgan.

Ushbu holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bungacha «Milliy» telekanali juma kuni «Millar» ko‘rsatuvida Toshkentda uy basseynlarida cho‘kib ketgan yetti nafar bola Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingani haqida xabar berilgandi. Reportajda bu holatlar qaysi vaqt oralig‘ida ro‘y berganiga oydinlik kiritilmagan.

Markaz bolalar reanimatologi Alisher Mustaqimov ikki nafar bola jonsiz holda olib kelingani, besh nafari jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani ularning barchasi koma holatida bo‘lganini aytib o‘tgan. Uch-yetti kundan keyin uch nafari o‘ziga kelgan, ikki nafari o‘ta og‘ir ahvolda, koma holatida qolmoqda, degan shifokor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalardan biriga 40 daqiqa davomida reanimatsiya muolajalari o‘tkazilgan, shundan so‘ng bolaning yuragi ura boshlagan.

«Umid har doim qoladi, lekin uzoq vaqt davomida gipoksiya holatida bo‘lgandan so‘ng, biror narsa deyish qiyin. Aksariyat hollarda omon qolgan bolalar nogiron bo‘lib qoladi», – dedi Alisher Mustaqimov.

Sayoz uy basseynlari bolalar uchun xavflimi, degan savolga shifokor shunday dedi: «2, 3, 5 yoshli bolalarda koordinatsiya hali yetarlicha rivojlanmagan, ular suvga tushib ketganda ko‘tarilishi qiyin, bola stress holatiga tushib qolishi mumkin, qanday turish yoki boshini ko‘tarishni bilmasligi mumkin. Bola suv ostida bir-ikki nafas olsa, o‘pkasini to‘ldiradi va kech bo‘lishi mumkin».

Shunga ko‘ra, cho‘kib ketgan bolalarning yoshi 2-5 oralig‘ida bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

Mavzuga oid